Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:41

Uchuvchilari malakasi xususida shubha tug‘ilgan "Pokiston milliy havo yo‘llari"ning YeIga reyslari to‘xtatildi


Yevropa Ittifoqi Parvoz xavfsizligi agentligi (The European Union Air Safety Agency, EASA) «Pokiston xalqaro havo yo‘llari»ning (Pakistan International Airlines, PIA) Yevropadagi faoliyatini 6 oyga to‘xtatib qo‘ydi.

Agentlik 30 iyun kuni e’lon qilgan bildiruvdan Pokiston hukumatiga tegishli milliy shirkat hamda kichikroq xususiy avialiniya faoliyati Pokiston parlamentida taqdim etilgan tergov sababli to‘xtatilgani ma’lum bo‘ldi. Tergov Pokistonda uchuvchilarga berilgan litsenziyalarning yirik qismi bekor qilinishi kerak, deb topdi.

O‘tgan haftada Pokiston aviatsiya vaziri G‘ulom Sarvar Xon 262 nafar uchuvchi litsenziyasi shubhali ekanligini aytib, ularni vaqtincha ishdan chetlatdi. Bu uchuvchilar orasida «Pokiston xalqaro havo yo‘llari» shirkati uchuvchilarining 30 foizi bor.

«Pokiston xalqaro havo yo‘llari» bildiruviga ko‘ra, EASA 1 iyuldan boshlab shirkatning Yevropaga reyslarini to‘xtatib qo‘ygan.

Shirkat bildiruvida aviakompaniya «Pokiston hukumati hamda PIA yetakchilari tezkorlik bilan chora ko‘rishiga hamda cheklov tez orada bekor qilinishiga umid qilishi» e’tirof etildi.

«Pokiston xalqaro havo yo‘llari» matbuot kotibining aytishicha, EASA rasmiylari aviakompaniyaning qolgan uchuvchilari malakasi haqida ham shubha paydo bo‘lganini, agentlikning Pokiston milliy havo yo‘llariga bo‘lgan ishonchi yo‘qolganini bildirishgan.

Sarvar Xonning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqidan chiqib ketgan Buyuk Britaniyaga reyslar avvalgidek davom etaveradi.

Pokiston havo yo‘llari bahorda koronavirus pandemiyasi tufayli Yevropaga reyslarini to‘xtatib qo‘ygan edi. Ammo yaqinda Yevropadagi besh poytaxt shahar, xususan, Oslo, Kopengagen, Parij, Barselona va Milanga reyslar qayta yo‘lga qo‘yildi.

Shirkat mazkur yo‘nalishlarda chipta xarid qilgan yo‘lovchilar keyinroq uchishi yoki pulini to‘liq qaytarib olishi mumkinligini ma’lum qildi.

24 iyun kuni Pokiston parlamenti yig‘inda Sarvar Xon tergov davomida Pokistondagi 860 uchuvchining 262 nafari o‘z litsenziyasini olishda o‘zi emas, boshqalar test topshirgani aniqlanganini aytdi.

Litsenziyasi shubha ostiga olingan uchuvchilarning 141 nafari «Pokiston xalqaro havo yo‘llari»da ishlaydi. Qolganlari esa xususiy shirkatlar xodimlaridir.

«Pokiston xalqaro havo yo‘llari» hukumat ro‘yxatida xatoliklar borligini, xususan, unga kiritilgan 36 uchuvchi nafaqaga chiqqanini yoki shirkatni tark etganini bildirdi.

Pokiston avialiniyalar uchuvchilari birlashmasi ham ro‘yxatga malakali uchuvchilar kiritilganini aytib, uni shubha ostiga oldi.

Ushbu mojaroga 22 may kuni Karachida «Pokiston xalqaro havo yo‘llari»ning Airbus A320 uchog‘i qulab tushgani sabab bo‘ldi. Halokat 97 nafar odam umriga zomin bo‘ldi.

Tergovchilar halokat uchuvchilar xatosi tufayli sodir bo‘lganini xulosa qildi.

XS
SM
MD
LG