Линклар

Шошилинч хабар
09 август 2020, Тошкент вақти: 21:34

Rossiya sudi jurnalist Svetlana Prokopyevani «terrorizmni oqlashda» aybdor deb topdi


Svetlana Prokopyeva

6 iyulda Rossiya sudi «terrorchilikni oqlash»da ayblangan jurnalist Svetlana Prokopyevani aybdor deb topdi va uni 500,000 rubllik jarimaga tordi. Prokopyevaga qo‘yilayotgan ayblovlarni inson huquqlari guruhlari keskin qoralab keladi.

Pskov shahri prokuraturasi Ikkinchi g‘arbiy tuman harbiy sudidan Prokopyevani olti yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan edi. Shuningdek, prokuratura Prokopyevaga to‘rt yil jurnalistika bilan shug‘ullanishni man qilishni so‘ragan.

Rossiyada Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi rus xizmati («Radio Svoboda») bilan hamkorlik qilib kelayotgan Prokopyevaning o‘zi esa unga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib keladi.

3 iyul kuni jurnalist sudda so‘zlagan so‘nggi so‘zida «Hukumatni tanqid qilishdan qo‘rqmayman. Huquq-tartibot idoralarini tanqid qilishdan yoki xavfsizlik idoralari xato qilsa, buni aytishdan qo‘rqmayman. Chunki men fikrimni aytmasam, hech kim fikrini aytmasa, oqibati dahshatli bo‘lishini bilaman», dedi.

Prokopyeva sudni o‘z qarorini chiqarayotib Rossiya jamiyati asosi hisoblanuvchi prinsiplarni e’tiborga olishga chaqirgan edi.

«So‘z erkinligi, jurnalist maqomi, matbuot vazifasini nazarda tutyapman. Men o‘z ishimni bajardim. Shaxsiy majburiyatlarimdan chiqadigan hech qanday ishga qo‘l urmadim. Bu jinoyat emas», deya qo‘shicha qildi u.

Prokopyevaga qo‘yilgan ayblovga jurnalist 2018 yilda «Exo Moskvi» radiosiga yozgan sharhlari asos bo‘ldi. O‘shanda u 2018 yilning noyabrida Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) Arxangelsk oblast boshqarmasi binosi oldida qo‘lbola bombani portlatib halok bo‘lgan 17 yoshli yigitning harakatlariga munosabat bildirar ekan, bu voqea prezident Vladimir Putin hukmronligi davrida yuzaga kelgan siyosiy rejimning repressiyalariga javoban uyushtirilgan bo‘lishi ehtimol, qabilida fikr bildirgan edi.

Prokopyeva, shuningdek, mamlakatda siyosiy faollik keskin cheklanganini, natijada aholi umidsizlanib qolganini xulosa qilgan.

Rossiya matbuoti xabarlariga ko‘ra, portlashni amalga oshirgan o‘smir o‘limidan oldin ijtimoiy tarmoqlarda FSBni jinoyat ishlariga aloqadorlikda ayblagan.

3 iyul kuni Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi prezidenti vazifasini bajaruvchi Deyzi Sindelar bildiruv e’lon qilib, «Rossiya ayblovchilar iddaolarining aksini qilib kelgan taniqli mustaqil jurnalistga qarshi ayovsiz chora ko‘rishga qaror qilgani bizni qattiq tashvishlantiradi», dedi.

«Svetlananing sharhlari fojiani izohlashga qaratilgan edi. Uning so‘zlarini “terrorizmni oqlash” deya talqin qilish uning ovozini o‘chirishni ko‘zlab atayin va siyosiy sabablarga ko‘ra faktlarni buzib ko‘rsatishdan iborat bo‘lib, Rossiya boshdan kechirgan eng qorong‘i davrlardagi mudhish sud tomoshalarini eslatadi», dedi Sindelar o‘z bildiruvida.

Bu orada 30 dan oshiq mustaqil jurnalist Prokopyevani qo‘llovchi qo‘shma bildiruvni e’lon qildi.

3 iyul kuni Yevropa Ittifoqi matbuot kotibi Piter Stano Prokopyevaga qo‘yilgan ayblovlarni bekor qilishga chorlab bildiruv e’lon qildi. Unda kotib jurnalistga qarshi ochilgan jinoyat ishi Rossiyada «mustaqil jurnalistlar hamda fuqaroviy jamiyat uchun tobora torayib borayotgan muhitdan dalolat berishini» ta’kidladi.

Stano bildiruvida «Rossiya Federatsiyasini xalqaro hamda ichki majburiyatlarini bajarishga hamda inson huquqlari va fundamental erkinliklarni kafolatlashga, jurnalistlar qo‘rquvsiz, xavfsiz muhitda ishlashini ta’minlashga chorlaymiz», deyiladi.

Human Rights Watch tashkiloti mazkur jinoyat ishini nafaqat Prokopyevaning, balki barcha rossiyaliklar so‘z erkinligining cheklanishi, deya ta’rifladi.

«Bu holat Rossiyada noqulay masalalarni ko‘tarish jiddiy oqibatlarga olib kelishi haqida boshqalar uchun yana bir belgidir. Mamlakat rasmiylari uzoq yillardan beri aynan shunday qilishga urinib keladi», deyiladi guruh bildiruvida.

Prokopyeva ishini Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Cheraga bilmas muxbirlar, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi hamda Yevropa jurnalistlari federatsiyasi ham qoralab keladi.

XS
SM
MD
LG