Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:02

Niderlandiya Rossiyani MH17 reysi urib tushirilishidagi roli uchun Yevropa inson huquqlari sudiga berdi


Niderlandiya hukumati Rossiyani 2014 yilda Ukraina havo hududida Malaysia Airlines aviakompaniyasiga qarashli uchoqning urib tushirilishidagi ishtiroki yuzasidan Yevropa inson huquqlari sudiga berdi.

10 iyul kuni Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Stef Blok hukumatning murojaatiga halok bo‘lganlar oila a’zolari topshirgan individual shikoyatlar asos bo‘lganini aytdi.

Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan bildiruvda «Ushbu chorani ko‘rish orqali hukumati mazkur individual ishlarga maksimal yordam ko‘rsatmoqda», deyiladi.

Amsterdamdan Malayziyaga uchayotgan MH17 reysi uchog‘i 2014 yil 17 iyulda Ukraina sharqida rossiyaparast ayirmachilar nazoratidagi hududda urib tushirilgan edi.

Xalqaro tergov guruhi uchoq rossiyaparast ayirmachilar tomidan Rossiyada ishlab chiqarilgan «Buk» raketasi bilan urib tushirilganini xulosa qilgan.

Qurbon bo‘lganlar orasida 193 nafar Niderlandiya fuqarosi, shuningdek, 43 nafar malayziyalik va 38 nafar avstraliyalik bor edi.

Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligi bildiruvida mamlakat hukumati MH17 reysi urib tushirilishiga doir barcha ma’lumotni Yevropa sudiga o‘tkazib berishi e’tirof etildi.

Halok bo‘lgan 65 nafar niderlandiyalik yo‘lovchining oila a’zolari 2018 yilda Strasburg shahrida joylashgan Yevropa inson huquqlari sudiga murojaat qilgan edi.

Niderlandiya tashqi islar vaziri Blok AP xabar agentligiga bergan intervyusida shunday dedi:

- Hukumat o‘laroq, [fojiada] Rossiya Federatsiyasi qo‘li borligini xulosa qilishga yetaklovchi ma’lumot va dalillarga egamiz. Tabiiyki, [halok bo‘lganlar] qarindoshlarida bu ma’lumotning barchasi yo‘q. Shunday ekan, mazkur jarayonni boshlab, biz ularga yordam bera olamiz.

Moskva Ukraina sharqidagi to‘qnashuvlardagi rolini muntazam suratda rad etib keladi. Kreml MH17 urib tushirilishiga doir bir necha alternativ teoriyani o‘rtaga tashlagan. Ularning biriga ko‘ra, yo‘lovchi uchoqni Ukraina harbiy havo kuchlari yoki armiyasi urib tushirgan.

Bu orada Haaga shahridagi sud MH17 reysi uchog‘i urib tushirilishga bevosita aloqadorlikda ayblanayotgan 4 nafar shaxs ishini ko‘rib chiqmoqda. Ayblanuvchilar – Rossiya fuqarolari Igor Girkin, Sergey Dubinskiy, Oleg Po‘latov hamda Ukraina vatandoshi Leonid Xarchenko – hibsga olish uchun xalqaro order berilganiga qaramay, hamon ochiqda qolmoqda. Shuning uchun sud ayblanuvchilar ishtirokisiz bo‘lib o‘tmoqda.

Olti yilga cho‘zilgan tergov xulosalariga ko‘ra, uchoqni rossiyaparast ayirmachilar «Buk» raketasi bilan urib tushirgan. Raketa ayirmachilar boshqaruvidagi hududga Ukraina-Rossiya chegarasi yaqinida joylashgan rus harbiy bazasidan olib kelingan bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG