Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:33

Yangi eksperiment: O‘quvchilari universitetga kirmagan maktablarda oylik 50 foizgacha kesilishi mumkin!


Namangan Xalq ta’limi boshqarmasi mudiri Vahobjon Rajapov maktab o‘qituvchilarini oylik to‘lashning yangi tartibi joriy qilinishidan ogohlantirdi.

Tashabbuskori prezident Mirziyoyev ekani aytilgan yangi reytingga ko‘ra¸ maktablar bitiruvchisining o‘qishga kirgan-kirmaganiga qarab¸ qizil¸ sariq va yashil toifaga bo‘linadi.

Namangan XTB rahbari o‘z tasarrufidagi muassasalarga jo‘natgan xatda yozilishicha¸ “qizil”¸ yoki bitiruvchilari oliygohlarga kam kirgan maktab o‘qituvchilari qonunchilikda belgilangan oyligining faqat 50 foizini¸ “sariq maktab” o‘qituvchilari 75 foizni¸ faqat “yashil” deb topilgan maktab o‘qituvchilarigina 100 foizini oladi.

Namangan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati Ozodlikka bu xat haqiqiyligini tasdiqladi.

Xatga munosabat bildirgan Xalq ta’limi vazirligi esa¸ oliy o‘quv yurtiga kirish bo‘yicha maktablar reytingini tuzish tashabbusi anchadan beri muhokama qilinayotgani¸ yaqinda bu haqdagi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilishini bildirdi.

"OGOHLANTIRISh XATI"

Ozodlikka 13 iyul kuni Namangan xalq ta’limi tizimida ishlovchi mahalliy mulozim tomonidan yuborilgan hujjat “Ta’lim muassasalari birituvchilarini oliy ta’lim muassasalariga qamrab olish¸ bandligini ta’minlash bo‘yicha OGOHLANTIRISh XATI” (aynan katta harflar bilan - tahr.) deb nomlangan.

Ta’lim boshqarmasi tasarrufidagi barcha tashkilotlar¸ xususan¸ maktab direktorlariga 9 iyul sanasi bilan yuborilgan bu xatga Namangan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi rahbari V.Rajapov qo‘l qo‘ygan.

Xat boshida 8 iyul kuni tadbirkorlikni rivojlantirish va byudjet tushumlarini ta’minlash masalasida o‘tkazilgan videoselektorda prezidentning ta’lim tizimini tanqid qilgani eslatiladi.

Xat mazmunidan maktablarni bitiruvchilarining universitetga kirish darajasiga qarab baholash va o‘qituvchi oyligini shu reytingga bog‘lash tashabbuschisi prezident ekani tushuniladi.

Xatning birinchi bandida jumladan:

- Umumiy o‘rta ta’lim maktablari bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga kirishi bo‘yicha alohida reyting ishlab chiqiladi: (Oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha rangga ajratiladi.)

1) Qizil maktab – 50% oylik oladi;

2) Sariq maktab – 75 % oylik oladi;

3) Yashil maktab – 100 % oylik oladi¸ qo‘shimcha ustama qo‘shib beriladi¸ deb yozilgan.

Xatda maktab rahbarlariga o‘qituvchilarning keyingi uch yil davomida “qishloq xo‘jaligi¸ ko‘cha supurish¸ pilla tozalash” kabi majburiy mehnatdan ozod qilingani eslatilib¸ ta’lim sifatiga ularning shaxsan javobgar qilib belgilangani aytiladi.

Xat kontekstidan bu eslatmaning ham¸ prezident gaplariga asoslangani tushuniladi.

Xat nihoyasida o‘qituvchilar oliy o‘quv yurtiga bormagan yoki kira olmagan har bir bitiruvchi bilan alohida ishlash va ularni ish bilan ta’minlash mas’uliyati o‘ziga qattiq topshirilganidan ogohlantiriladi.

Namangan XTB xatning haqiqiyligi va prezident tashabbusi ijrosi ekanini tasdiqladi

Ozodlik Rajapov imzosi bilan tarqatilgan “Ogohlantirish xati” mohiyatini izohlash maqsadida Namangan viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi rahbari qabulxonasi bilan bog‘landi.

Rahbar qabulxonasi telefoniga javob bergan mulozim¸ avvaliga bu xatning “soxta” ekanini iddao qildi va rasmiy javobni boshqarmaning matbuot uchun mas’ulidan olishni tavsiya qildi.

Ozodlikning bu xat haqiqiy yoki soxtaligi¸ haqiqiy bo‘lsa¸ uning qaysi asosda qabul qilinganiga oid savollariga boshqarma Axborot xizmati yuborgan rasmiy javobda ham¸ ogohlantirish xatining prezident Mirziyoyev “belgilab bergan vazifalar” ijrosi ekani ta’kidlandi.

Mazkur material (“Ogohlantirish xati” nazarda tutilmoqda -tahr.) yuzasidan ma’lum qilamizki, Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidan kelib chiqib, ta’lim tizimidagi islohotlarni amalga tatbiq qilishda faol ishtirok etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, bitiruvchi yoshlarni oliy o‘quv yurtlariga qamrab olish va bandligini ta’minlash yuzasidan shahar va tumanlar xalq ta’limi bo‘limlari mudirlariga galdagi vazifalar yetkazilgan. Ushbu vazifalar davr shiddatidan kelib chiqib, ta’lim sifati va samaradorlikni oshirishga yangicha yondashuvlar bilan bog‘liq jihatlarni qamrab olgan bo‘lib, kelgusida umumta’lim maktablarining reyting ko‘rsatkichlari natijalar asosida belgilanishi ko‘rsatilgan.

Bu o‘z navbatida ta’lim muassasalari rahbarlarining faoliyatga yanada jiddiy yondashuviga erishish va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan.

Mazkur topshiriq pandemiya davrida karantin chora-tadbirlari kuchaytirilganidan kelib chiqib, og‘zaki ravishda joylarga yetkazilgani hamda ta’lim istiqboli va yoshlar kamoli bilan bog‘liq dolzarb vazifalarni qamrab olganligi bildiriladi”¸ deyiladi Ozodlikka yo‘llangan rasmiy javobda.

Xalq ta’limi vazirligi nima deydi?

Ozodlik Namangan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi rahbari yuborgan ogohlantirishning butun respublika ko‘lamiga ko‘chgan-ko‘chmagani¸ ayni paytda¸ bunday “tashabbus”ning qanchalik qonuniyligiga izoh so‘rab Xalq ta’limi vazirligiga murojaat qildi.

Vazirlik Axborot xizmati mulozimi Namangan Xalq ta’limi boshqarmasi rahbari yuborgan xatni yaqinda muhokamaga qo‘yiladigan qaror loyihasi bo‘yicha “oldindan boshlangan harakat” deb baholadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan yaxshi maktab direktorlarini rag‘batlantirish va mas’uliyatsizlariga chora ko‘rish vazifasi belgilangan. Ularning faoliyati natijasi ko‘rsatkichlaridan biri bu bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi.

Mazkur choralar maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlarini yuqori darajaga ko‘tarish, OTMga bormagan va kira olmagan o‘quvchilar bilan alohida ish tashkil qilish va ularning bandligini ta’minlash chorasi ko‘rilishini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.

Ushbu yo‘nalishda tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda va u ham umumxalq muhokamasiga qo‘yiladi. Qarordagi choralar ushbu xatdagidan farq qilishi mumkin, albatta. Viloyat boshqarmasi maktab direktorlarini avvaldan tayyorgarlik ko‘rishlari uchun ularga ogohlantirish sifatida xat yuborgan”¸ deyiladi vazirlik rasmiy bayonotida.

Vazirlik rasmiysi¸ maktablarning qizil¸ sariq va yashilga ajratilish mezonlari ishlab chiqish bosqichida bo‘lgani bois¸ unga aniqlik kiritishga hali erta ekanini bildirdi.

Vazirlikning aynan ish haqlari uchun mas’ul mutaxassislaridan biri¸ o‘qituvchining oyligi qonunchilik normalari asosida belgilangani va unga yangi reytingga qarab o‘zgartish kiritish uchun¸ avvalambor qonunchilikka o‘zgartish kiritilishi lozimligini ta’kidladi.

Aks holda¸ o‘qituvchining oyligini faloncha o‘quvching universitetga kirmadi¸ deb kesib qo‘yish qonunchilikka zid harakat bo‘ladi”¸ dedi bu mutaxassis.

Ozodlik 13 iyul kuni Mehnat¸ qolaversa¸ Adliya vazirligi mutaxassislaridan prezident ilgari surgani aytilayotgan bunday tashabbusning mahalliy va xalqaro qonunchilikka qanchalik mos ekani haqida izoh olishga muvaffaq bo‘lmadi.

O‘qituvchilar nima deydi?

Ozodlikka Namangan viloyatidagi maktab direktorlariga yuborilgan "Ogohlantirish xati” nusxasini yuborgan o‘qituvchi¸ unga shunday munosabat bildirdi.

Bu o‘qituvchining oyligini oshirdik¸ xohlagancha uning ustidan kulamiz¸ deganimi?! Bu narsa qaysi qonunchilikka asosan qilinyapti?! Institutga kirmayman degan bolani qanday qilib zo‘rlash mumkin?!”

Namangan viloyatida boshlangan tashabbusga munosabat bildirgan toshkentlik o‘qituvchi esa bu tashabbusni “ta’lim tizimi ustida boshlangan yana bir ma’nisiz eksperiment” deb atadi.

Hozirgacha kuratorlar bitiruvchilarini ishga joylash uchun mas’ul edi. Hamma yoq soxta hisobot¸ soxta spravkalarga to‘lib ketgan. Endi bitiruvchisining universitetga kirish-kirmasligi uchun ham o‘qituvchini javobgar qilish¸ borib turgan absurdku! O‘qishga qiziqqani bor¸ qiziqmagani bor. Hammani majburlab universitetga tiqish ishsizlikka oid ko‘rsatkichni bir necha yilga kamaytirish uchun qilinyapti shekilli. Chet elga diplomli mardikor tayyorlab berish tashabbusi deb qabul qilish kerak buni ”.

Xalq ta’limi vazirligi saytida keltirilgan raqamlarga ko‘ra¸ 2019-2020 o‘quv yilida mamlakatdagi 9942 ta maktabda 6 119 440 nafar bola o‘qigan.

Joriy o‘quv yilida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 11-sinfini 451 053 nafar o‘quvchi bitirib chiqqan.

Prezidentning joriy yil 13 iyun kuni qabul qilgan qarorida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari bakalavr yo‘nalishida 139 950 ta¸ magistratura yo‘nalishida 10 425 ta qilib belgilangan.

Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish haqida bir necha bor gapirgan.

Xususan¸ joriy yilning 25 yanvarida Oliy Majlisda qilgan yillik Murojaatnomasida Mirziyoyev bu ko‘rsatkichni “2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazamiz”¸ degan.

XS
SM
MD
LG