Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:39

“Yurt salohiyati” gazetasi muxbirlari hujjatlarini IIB rahbari tortib oldi. AOKA jurnalistlarni aybladi


"Yurt salohiyati" gazetasi
"Yurt salohiyati" gazetasi

Tahririyati Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Yurt salohiyati” ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hududiy gazetasi uch muxbirining hujjatlari va ish materiallari Buxoro viloyat, Olot tumani IIB xodimlari tomonidan zo‘rlik bilan tortib olindi.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan jurnalistlarning aytishlaricha, ular Olot tumanida karantin qoidalariga rioya qilinmayotgani haqida surishtiruv olib borayotgan bir paytda, IIBga chaqirtirilgan.

Gazetaga faoliyat yuritish xususida guvohnoma bergan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bu voqea yuzasidan bayonot berib, jurnalistlarni agentlik nomidan noqonuniy ish ko‘rganlikda aybladi.

Olot tumani prokurori bu voqeadan xabari yo‘qligini aytdi.

“Yurt salohiyati” gazetasining uch nafar muxbiri – Eldor Kamolov, Umid Murodov va Shoxalil Husanovlarning xizmat guvohnomalari, ish materiallari va telefonlari 15 iyul kuni Olot tumani IIB xodimlari tomonidan tortib olindi.

Jurnalist Eldor Kamolovning Ozodlikka aytishicha, ular Olot tumanidagi karantin vaziyatini o‘rganish uchun xizmat safari bilan kelishgan edi:

- Biz karantin paytida bozorlardagi narx-navolarning sun’iy ravishda oshishini, sanitariya holatini o‘rganish maqsadida 10 iyul kuni kelgan edik. Keliboq, hokimlikning matbuot xizmatiga uchrashdik, Jamil degan hokim o‘rinbosari bilan gaplashdik. Tuman prokurori Muxtor Mustafayevich suhbatidan o‘tdik. Ishni boshladik. Kecha, 15 iyul kuni biz yashab turgan xonadonga organ xodimlari kelib, IIBga taklif qilishdi.

Jurnalistning aytishicha, IIBga borishganidan keyin hujjatlar va telefonlar ulardan zo‘rlik bilan tortib olingan:

Qani guvohnomang deb, hammamizdan tortib oldi-da ichkariga olib kir bularni dedi.

- Borsak, Olot tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Azizjon Ashurov ko‘chada kutib turgan ekan. IIB boshlig‘i koronavirus bo‘lib, karantinda ekan. O‘rinbosarning o‘zini maskasi yo‘q, qo‘lqopi yo‘q, bizga sensirab qani guvohnomang deb o‘shqirdi. Ko‘rsatsak, hammamizdan tortib oldi-da, bularni ichkariga olib kir, dedi. Kirganimizdan keyin telefonlaringni ber, dedi. Biz bermaymiz, bunda ma’lumotlar bor, bu shaxsiy mulkimiz bo‘ladi, 9-modda bo‘yicha jurnalist surishtiruvi davrida qo‘lga kiritgan hujjatlar va ma’lumotlar tekshirilishi mumkin emas, dedik. Lekin Ashurov menga “po x...y”, men xohlaganimni qilaman, bu mening territoriyam deb, tortib oldi. Senlarni guvohnomang qalbaki, buni tan olgin, bo‘lmasa hozir pastga olib tushganimdan keyin chatoq bo‘ladi, deb baqirdi. Biz boshqa indamadik. Soat 11gacha ushlab o‘tirib, keyin javob berishdi”.

Jurnalist Umid Murodovning iddao qilishicha, guvohnomalarni tortib olinishi ular olib borgan jurnalistik surishtiruv bilan bog‘liq:

Bular hozir ana shu videolar chiqib ketmasligi uchun, bizga tazyiq o‘tkazib, yolg‘on tuhmatlar bilan hamma narsamizni tortib olishdi.

- Biz O‘zbekistonda belgilangan tartibga ko‘ra, surishtiruvimizni boshlashdan avval hokimlik, prokuratura, departament, hammasi bilan uchrashdik. Guvohnomalarimizni ko‘rsatdik, hech qanday savol bo‘lgan yo‘q. Keyin vaziyatni o‘rganishga kirishdik. Jurnalistik xolis ko‘z bilan qaraganimizda Olot tumanidagi vaziyat juda ayanchli ekanligini ko‘rdik. Aptekalar, ko‘p tarmoqli polikliniklar, bozorlarda karantin qoidalariga umuman rioya qilinmayapti. Biz bu holatlarni hammasini videotasmalarga olganmiz. Bular hozir ana shu videolar chiqib ketmasligi uchun, bizga tazyiq o‘tkazib, yolg‘on tuhmatlar bilan hamma narsamizni tortib olishdi.

“Yurt salohiyati” gazetasi bosh muharriri Ravshan Jumayev Olot tuman IIBning bu harakatini erkin matbuotni bo‘g‘ishga qilingan harakat deb baholaydi:

- Prezidentimiz o‘zlari aytgandilar, joylardagi vaziyatlarni muxbirlar borib o‘rgansin, deb. Shu asosda, ularni xizmat safariga jo‘natgan edim. Muxbirlarimizning aytishicha, ular tuman departamenti boshlig‘iga qarashli do‘kondagi noqonuniy ishlarni videoga olgani, ana shu ishlarga sabab bo‘lgan ekan. Hozir endi muxbirlarimiga ochiqdan ochiq tuhmat qilishyapti, sizlar pul vimogat qilgansizlar deb. Kuppa-kunduz kuni videoga olayotgan muxbir qanday vimogat qiladi?

Olot tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Azizjon Ashurov Ozodlikning qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Olot tumani prokurori Muxtor Muhammedov bu voqeadan umuman xabari yo‘qligini bildirdi.

16 iyul kuni tushdan keyin Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi o‘zining Telegram kanalida bu voqeaga munosabat bildirib, shunday deb yozdi:

“Buxoro viloyatining Olot tumanida o‘zlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining vakillari va “Yurt salohiyati” gazetasi muxbirlari deb tanishtirgan shaxslar qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, mazkur shaxslar Olot tumanidagi dehqon bozori, savdo do‘konlari, kafe va restoranlar faoliyatiga noqonuniy aralashib, karantin qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazib, salbiy maqola chiqarish orqali savdo obyektini yoptirish, jarimaga tortish va tashkilot rahbarini ishdan olish bo‘yicha taklif kiritish bilan qo‘rqitgan”

AOKA bayonotida aytilishicha muxbirlarning xizmat guvohnomasida Agentlik nomi qonunga zid ravishda kiritilgan:

“Tekshiruv davomida ularning yonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi” degan soxta yozuv kiritilgan, davlat gerbi va bayrog‘i tushirilgan xizmat guvohnomalari, bozor va savdo do‘konlarini tasvirga olgan qo‘l telefonlari va boshqa ayrim tegishli hujjatlar xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi. Ayni paytda ushbu shaxslarning harakatlariga qonuniy baho berish maqsadida Olot tuman IIB tomonidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda”.

"Yurt salohiyati" gazetasiga AOKA Samarqand viloyat boshqarmasi bergan guvohnoma.
"Yurt salohiyati" gazetasiga AOKA Samarqand viloyat boshqarmasi bergan guvohnoma.

“Yurt salohiyati” gazetasi bosh muharriri Ravshan Jumayevning aytishicha, ularning guvohnomasi agentlikning Samarqand viloyat axborot va va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tomonidan berilgan.

XS
SM
MD
LG