Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:15

Karantinning 41- kunida "Adabiyot" gazetasi bosh muharriri ochlik e’lon qildi


Adabiyot" gazetasining Bosh muharriri Baxtiyor Karim suvli ochlik e’lon qildi. Toshkent, 2-Tibbiyot akademiyasi, 2020, 16 iyul
Adabiyot" gazetasining Bosh muharriri Baxtiyor Karim suvli ochlik e’lon qildi. Toshkent, 2-Tibbiyot akademiyasi, 2020, 16 iyul

41 kundan buyon karantin hududida ushlab turilgan "Adabiyot" gazetasining Bosh muharriri, yangi tuzilayotgan "Haqiqat va Taraqqiyot" sotsial demokratik partiyasining tashabbuskorlaridan biri Baxtiyor Karim ochlik e’lon qildi.

16 iyul, ertalab ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu xabarni Ozodlikka Baxtiyor Karimning o‘zi tasdiqladi. So‘nggi testdan keyin koronavirusga chalingani aytilganiga qaramay, soppa-sog‘ligini aytgan Bosh muharrir zudlik bilan karantin hududidan ozod qilinishini talab qilmoqda.

Baxtiyor Karimning iddao qilishicha, uning "hanuz tibbiyot muassasasida ushlab turilishi ortida siyosiy motivlar borligi aniq bo‘lib qoldi".

Yangi tuzilayotgan "Haqiqat va Taraqqiyot" sotsial demokratik partiyasiga xayrixohlardan biri, jizzaxlik Ismoil Mamatiminovning Ozodlikka aytishicha, 15 iyul kuni u ichki ishlar bo‘limiga chaqirtirilib, hali davlat ro‘yxatidan o‘tmagan partiyani targ‘ib qilishning huquqiy oqibatlari to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Chidam tugagan 41- kun

41 kundan beri majburan ushlab turishganiga hukumat e’tiborini qaratishning boshqa yo‘lini topolmadim

- Kun issiq bo‘lgani uchun suvli ochlik e’lon qildim. Nafaqa yoshidagi soppa-sog‘ odamni 41 kundan beri majburan ushlab turishganiga hukumat e’tiborini qaratishning boshqa yo‘lini topolmadim, - dedi Ozodlikka Baxtiyor Karim.

Uning aytishicha, ochlik e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorga 16 iyul kuni tongda kelgan va bu haqda o‘zi ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar qilgan.

Chidalgan 40 kun

61 yashar Baxtiyor Karim O‘rtasaroydagi karantin lageriga turmush o‘rtog‘i, kelini va 5 oylik nabirasi bilan 6 iyunda joylashtirilgan edi.

Oradan 11 kun o‘tgach, 17 iyunda Baxtiyor Karimni oilasidan ajratib, Toshkentning Nukus ko‘chasidagi vaqtincha Covid-karantin lageriga aylantirilgan Teri, tanosil kasalliklari klinikasiga joylashtirishgan.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, Sanitariya epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori B.Yusupaliyev imzolagan xatga binoan Baxtiyor Karim 23 iyunda karantin lageridan chiqarilishi kerak edi.

Biroq bu xat yozilgan kunning ertasiga – 24 iyunda Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D. Sultonov 23 iyun kungi xatni imzolagan B.Yusupaliyevga xat yozib, kovid-testi musbat chiqqanlar bilan muloqot qilgani sababli Baxtiyor Karimovning karantin muddatini yana 14 kunga uzaytirishni tavsiya qilgan va u karantin hududida qoldirilgan.

Iyulning boshida Baxtiyor Karimga uning navbatdagi koronatesti musbat chiqqanini bildirishgan.

"Адабиёт" муҳарририда коронавирус аниқланди, 9 яшар қизни пичоқлаган гумондор ҳибсда, 1007 нега ишламай қолди?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:29:55 0:00
Бевосита линк

Bu haqda jurnalistning o‘zi 4 iyul kuni Ozodlikka bunday degan edi: Kecha aytishdi koronavirus aniqlandi deb. Bir kun avval analiz olib ketishgandi. Hozir meni karantin zonasidan ToshMIga o‘tkazishdi. Ahvolim qoniqarli, nafas bo‘g‘ilishi yo‘q, hozircha, - deydi Baxtiyor Karim.

Shu kunda Baxtiyor Karim 2-Toshkent tabobat akademiyasida “koronavirusdan davolanmoqda”. Biroq jurnalistning o‘zi soppa-sog‘ligini aytdi. 16 iyulda tushgan va Ozodlikka yuborgan suratida aks etgan palata kasalxonadan ko‘ra, oddiy yotoqxonaday ko‘rinadi.

- Koronavirusga so‘nggi test olishganiga uch kun bo‘ldi. Lekin natijasi hanuz chiqqani yo‘q, - dedi Baxtiyor Karim.

Jurnalist saqlanayotgan muassasa Bosh vrachi telefonini kun davomida hech kim ko‘tarmadi. Baxtiyor Karim 2-Toshkent tabobat akademiyasiga keltirilgunicha saqlangan Teri, tanosil kasalliklari klinikasi bosh vrachi Oybek Muhiddinov Ozodlikning jurnalistga javob berilmayotgani sababi to‘g‘risidagi savoliga “buni vazirlik biladi, vazirlikdan so‘rang, men buyruq bajaryapman¸ xolos” degan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati telefonlarini bugun ham hech kim ko‘tarmadi.

"Ochlikni irodam yetgunicha davom ettiraman"

Baxtiyor Karimning 16 iyulda Ozodlikka aytishicha, ochlik aksiyasini boshlagani to‘g‘risida u yotgan palatadagi bemorlardan xabar olib turgan vrachni (Behzod) xabardor qilgan, bu haqda rahbariyatga ma’lumot yetkazishni so‘ragan.

Ochlikni qachongacha davom ettirmoqchisiz, degan savolga Baxtiyor Karim bunday javob berdi:

Tashqarida qancha bemor kasalxonaga yota olmayapti, men esa, soppa-sog‘ yotibman.

- Irodam yetgunicha. Meni kasal deyishyapti. Lekin 41 kundan beri isitmam 37 ga ham ko‘tarilmadi. Tashqarida qancha bemor kasalxonaga yota olmayapti, men esa, soppa-sog‘ yotibman.

Yangi “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi tuzish tashabbuschilaridan biri, iqtisodchi olim Xidirnazar Allaqulov Ozodlik bilan suhbatda Baxtiyor Karimning karantinda muddatidan ortiq ushlab turilishi uning siyosiy faoliyati bilan bog‘liq, degan fikrni bildirarkan, bundan degan edi:

Yangi partiyaning tashabbuschilar guruhi a’zosi Baxtiyor Karim bizning muvofiqlashtiruvchimiz, telefon markazimiz edi.

“Albatta siyosiy sabab bor. Chunki biz shu kunda viloyatlarda, tumanlarda partiyaning tashkiliy guruhlarini shakllantirish ustida ish olib boryapmiz. Yangi partiyaning tashabbuschilar guruhi a’zosi Baxtiyor Karim bizning muvofiqlashtiruvchimiz, telefon markazimiz edi. Shunday deb e’lon qilganmiz va partiyaga qiziqqanlar hammasi bilan aloqani u qilishi kerak edi”.

Ochlik aksiyasi triggeri

40 iga chidab, 41- kuni ochlik e’lon qilishini Baxtiyor Karim karantin hududlarida (O‘rtasaroy, Teri-tanosil kasalliklari klinikasi, 2-Tibbiyot akademiyasi) saqlanayotgani ortida siyosiy motivlar borligiga ishonchi komil bo‘lgani bilan izohladi.

Uning aytishicha, yangi tuzilayotgan “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasiga xayrixohlik bildirayotganlarga bosimlar boshlangan.

Fikriga dalil sifatida u Jizzaxdan 15 iyulda olgani xatni keltirdi. Telegram orqali kelgan xatda bunday deyilgan (xat tahrirsiz berilmoqda):

Bugun, chamasi soat 16, 00 - 17,00 larda bir odam telefon qilib, "Hayrabod GOMga kela olasizmi, bir masalada aniqlik kiritib olishimiz kerak" deb qoldi. Bordim, viloyatdan kelgan tergovchi ekan. Salom-alikliklan so‘ng, "yangi tuzilayotgan partiyani - qo‘llab quvvatlovchi gurux ochibsiz, hali davlat ro‘yhatidan o‘tmagan partiyani tashviqot ishlarini olib boryapsiz ekan, xuquqiy oqibatlari to‘g‘risida sizni ogohlantirib qo‘ymoqchimiz! " dedi.
"Telegram kanalda guruh ochgan bo‘lsam, buni nimasi noqonuniy, yoki O‘zbekistonda telegram gurux ochilishi taqiqlanadi, degan qonun bormi? " desam. "Unday emas-ki, siz hali rasman davlat ro‘yhatidan o‘tgan partiyani tashviqot ishlari bilan shug‘ullanyapsiz" dedi. "Tashviqot qilib nima ish qilibman" desam. Siz, partiyaga ta’luqli xabarlar sslkasini guruhingizda joylashtiryapsiz" dedi. "Suxbat" qizimadi. Men ularga: "O‘zbekistonning internet kanallarida guruhlar ochish va unda, boshqa guruhlarda e’lon qilingan xabarlar ssilkasini joylashtirish taqiqlanadi" degan qonunni ko‘rsatinglar, shundan so‘ng guruhni yopib yuboraman deya hayrlashdim.

Ozodlik bu xat muallifi, Jizzax shahrida yashaydigan 63 yashar Ismoil Mamatiminov bilan gaplashdi. U Baxtiyor Karimga yozgan xati zamiridagi voqeani Ozodlikka ham aytib berdi. Ozodlik Ismoil Mamatiminov bilan suhbatdan keyin u bilan gaplashgan “viloyatdan kelgan tergovchi”ni izlab topishga urindi, biroq uni topishning iloji bo‘lmadi.

Professor Xidirnazar Allaqulov o‘tgan oyda O‘zbekistonda yangi partiyaga zarurat borligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda qilgan chiqishlarida gapirgan va shundan so‘ng Ozodlik uni suhbatga tortgan edi.

XS
SM
MD
LG