Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 14:39

Bosh prokuror: "Tez yordam"ni 15 daqiqada boradigan qilamiz! "Tez yordam"larning bu va’dani bajarishga ko‘zi yetmayapti


"Tez yordam" xizmati mashinasi, iyun, 2020, Toshkent

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev bundan buyon 103 raqamiga telefon qilinganida, band bo‘lmaydi va “Tez yordam” xizmatlarining uzog‘i bilan 15 daqiqada yetib borishi ta’minlanadi, deb va’da qildi.

Prezident 15 iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya vaziyati bo‘yicha qilgan selektor yig‘ilishida Sog‘liqni saqlash tizimini tanqid qildi. Yig‘ilishda Shoshilinch tibbiy yordamga qo‘ng‘iroq qilib tushish qiyinlashib ketgani, “Tez yordam” xizmatlari kech qolayotgani aytildi.

Toshkent shahridagi “Tez yordam” xizmatlari esa, bugungi pandemiya sharoitida, Bosh prokuror bergan va’dani bajarish uchun qo‘shimcha xodim, resursning o‘zi kifoya qilmasligini aytmoqdalar.

Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi Shoshilinch Tez tibbiy yordam shoxobchasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bir kunda 600 taga qadar chaqiriq tushmoqda va buncha chaqiriqqa 19 ta mashina xizmat ko‘rsatmoqda:

“Kechi bilan 15 minutda yetib borish mumkin, agar bizda bo‘sh mashina bo‘lsa! Lekin, bizda bo‘sh mashina deyarli bo‘lmaydi. Hozir 600 ta chaqiriq o‘rtacha – bir kunda! Keyin, mashina bo‘lgandayam, hozir aksar shifoxonalar yopilgan, mashinalarimiz yarim soatlab yurib, boshqa shifoxonalarga olib boryapti bemorlarni. Shuning uchun “Tez yordam”larimiz 1 soatlab kech qolib ketayotgan paytlari ham bo‘lyapti”, dedi ushbu shoxobchaning navbatchi xodimi.

Toshkentning boshqa bir necha tumanlaridagi “Tez yordam” xizmatlari ham hozirda aholidan chaqiriq ko‘paygani, ammo bemorlarni qabul qiladigan shifoxonalarning kamaygani ularning ishini og‘irlashtirib qo‘yganini aytmoqda.

Aksar shifoxonalar faqat koronavirus bemorlariga ajratilgani, yana bir nechasi esa karantinga yopilgani bois, boshqa kasalliklarga chalingan bemorlarni davolaydigan shifoxona o‘rinlari va xodimlari son keskin kamaygani kuzatilmoqda.

Jumladan, Olmazor tumanidagi shoxobchalardan biridan olingan ma’lumotga ko‘ra, shu kunda isitmadan shikoyat qilayotgan bemorlar ko‘paygan:

“Har doim yozda bo‘ladigan kasallarimiz bor – terlab kelib, muzlatgichdan muzday suvni olib ichib qo‘yganlar, konditsioner tagida uxlab qoladiganlar bo‘ladi. Buni orqasida angina bo‘ladi, shamollaydi. Ich ketar ko‘paygan. Yosh bolalar ko‘p og‘riydi yozda. Bularning ustiga koviddan isitma qilayotganlar ham bor. Hozir chaqiriq rosa ko‘paygan. Qo‘rqqanidan telefon qilib chaqiradiganlaram ko‘p. “Tez yordam” borsa, butun uy isitmalab yotgan bo‘ladi. Biz qo‘limizdan kelgani oshirib qilyapmiz hozir. Lekin bilmadim, 15 minutdan kech qolmaydigan qilish mumkinmi -yo‘qmi?!”

Poytaxtdagi Shoshilinch Tez yordam xizmatlari xodimlaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, COVID-19 epidemiyasi kuzatila boshlaganidan buyon xodimlar va tibbiy resurslar yetishmovchiligi favqulodda oshgan. Bundan tashqari, so‘nggi haftalarda kasallikka chalingan yoki karantinga olingan xodimlar soni ham ko‘paymoqda.

Shu bois, so‘nggi paytlarda, Toshkentda tez yordam xizmatlari kech qolayotgani, ayrim hollarda sutkalab kech qolayotgani haqida Ozodlikka ham shikoyatlar kelishi ko‘paygan.

15 iyul kungi selektor yig‘ilishida prezident pandemiya paytida aynan Toshkent shahri va viloyatidagi ahvolni keskin tanqid qildi va xususan, “Tez yordam” raqamlariga qo‘ng‘roq qilib tushib bo‘lmasligi, xizmatlarning kech qolayotgani haqidagi aholi shikoyatlari haqli ekani haqida gapirdi.

“Virus yuqtirganlar soni poytaxtda 4 ming 92 tani va Toshkent viloyatida 1 ming 498 tani tashkil etmoqda. Bu butun mamlakat bo‘yicha kasallarning 40 foizi deganidir. Toshkent shahrida koronavirusdan o‘lim soni ham keskin ko‘payib, 45 taga yetgan. Prezident bunday achinarli holatlar aholining haqli shikoyat va e’tirozlariga sabab bo‘layotganini ta’kidladi”, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Yig‘ilishda prezident, bu muammolarni hal qilish uchun Respublika maxsus komissiyasiga bu ikki hududda barcha vazirlik va idoralar, yirik tibbiyot muassasalari rahbarlaridan iborat 24 soat ishlaydigan shtablar tashkil qilishga ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, Toshkent shahri va poytaxt viloyatidagi poliklinikalar huzuridagi mobil guruhlar sonini uch barobar ko‘paytirish vazifasini yukladi.

Bu yig‘ilishdan so‘ng Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, bezovta bo‘layotgan fuqarolar "103" raqamiga murojaat qilganida bandlik holatiga yo‘l qo‘ymaslik haqida uning idorasiga maxsus topshiriq berilgan:

"Bundan buyon har bir fuqaromiz "103"ga murojaat qilganda, bandlik holatlari, ayniqsa uzoq vaqt band bo‘lish holatlariga mutlaqo chek qo‘yiladi. Ikkinchi topshiriq – tez tibbiy yordam xizmatini yana kuchaytirish. Bu borada tegishli malakali tibbiyot xodimlari, tibbiy texnika vositalari va transport vositalarini yanada ko‘paytirish, aholiga qulay tez yordam ko‘rsatish vazifasi oldimizga qo‘yildi. Bundan buyon 15 daqiqadan ko‘p bo‘lmagan vaqtda zudlik bilan tez tibbiy yordam avtomashinalari tegishli xodimlar bilan yetib borishi to‘liq ta’minlanadi", deyiladi Bosh prokuratura Telegram sahifasida e’lon qilingan bayonotda.

Ya’ni, N. Yo‘ldoshev bayonotidan tushunilishicha, Toshkent shahri va viloyati, shuningdek, poliklinikalaridagi tez tibbiy yordam ko‘rsatish xizmatlari ustidan maxsus nazorat prokuraturaga o‘tkazilgan.

Toshkent shahridagi oilaviy polklinikalardan birining bosh shifokori, shunday og‘ir sharoitda, ularning ustidan prokuratura nazorati o‘rnatilishiga konkret qanday munosabat bildirishga hayronligini ochiq tan oldi:

“Bir tarafdan nazoratni qattiq ushlagani yaxshi, tibbiyotchilar hushyor turadi. Lekin, boshqa tarafdan hozirgi sharoitda tibbiyot xodimlari shundoq ham 24 soat ishlab yetisholmayaptiku?! Meni poliklinikam 30 ming aholiga xizmat qiladi, 1 ta mashina bilan. Hozir COVID-19 yengil kechayotgan bemorlarni to‘liq bizga berishgan. Kuniga kamida 40ta chaqiriq tushadi. Ko‘pchiligi isitma, ularni uyiga borib xizmat qilish kerak. Xo‘p, 1 ta mashina bilan biz qanday yetishamiz?! Buning ustiga oxirgi bir oyda 6 ta xodimim koronavirus bo‘ldi, yana 3 tasi bugundan uyida karantinda. Mashina bo‘lsa ham, vrachlarim yo‘q. Men qanday yetishaman?!” deydi bosh shifokor.

Ismini oshkor qilmayotganimiz shifokor 15 iyul kungi selektorda ularga yuklangan yana bir vazifani bajarish juda og‘irligini tilga oldi:

“Yig‘ilishda poliklinikalardagi mobil guruhlar sonini 3 barobarga ko‘paytirilsin, deyildi a? Lekin, qo‘shimcha resurs bilanmas, hozirgi bori bilan ko‘paytirilsin, dedi. Men mobil gruppani bir amallab ko‘paytirganim bilan mashina bo‘lmasa, qanday borishadi? Transport yo‘q shaharda. Meni poliklinikam qaraydigan mahallalar radiusi 5 kilometr. Piyoda borishyapti ba’zi shifokorlarimiz, ahvoli og‘ir doimiy kasallarimizning uyiga, o‘zingiz o‘ylang! Shu kungachayam rosa katta nagruzka ostida ishlayotgan edik. Endi kamida prokuratura nazorat qiladi, deb do‘qlab turishsa?! Xullas, juda juda hayronman”.

O‘zbekistondagi “Tez yordam” xizmatlari Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markaziga (ShYoKRIM) biriktirilgan.

SSV rasmiy saytida keltirilishicha, ShYoKRIM tizimida Respublika ilmiy Markazi bosh idorasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatdagi filiallar (ularning hammasi 13 tani tashkil etadi) faoliyat yuritadi.

Bundan tashqari, mamlakat bo‘ylab 173 ta aholi punktida “103” raqami bilan Shoshlinch tez tibbiy yordam shoxobchalari bor. Shuningdek, “03” raqami orqali xizmat ko‘rsatadigan 189 ta stansiyaga biriktirilgan 1985 ta tez yordam ko‘rsatish brigadasi, shuningdek sanitar aviatsiya guruhi bor.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, O‘zbekistonda har 10 ming aholiga 23 nafar shifokor to‘g‘ri keladi.

XS
SM
MD
LG