Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:46

Armaniston Ozarbayjonni chegarada yangidan hujum qilishda aybladi


Tavush tumanidan o‘tuvchi front chizig‘ida pozitsiyalarini egallagan Armaniston askarlari. 2020, 14 iyul
Tavush tumanidan o‘tuvchi front chizig‘ida pozitsiyalarini egallagan Armaniston askarlari. 2020, 14 iyul

Armaniston armiyasi Ozarbayjon kuchlarini chegara yaqinidagi pozitsiyalaridan biriga yangidan hujum qilishda aybladi. O‘tgan haftada ikki davlat chegarasida bir necha qurolli to‘qnashuv sodir bo‘lgan edi.

21 iyul kuni Armaniston Mudofaa vazirligi kotibi Shushan Stepanyan Tavush tumanida Ozarbayjon qo‘shinlari hujumi Armaniston harbiylari tomonidan qaytarilganini bildirdi.

Kotib Facebookda «muvaffaqiyatsiz» amaliyot davomida ozarbayjon askarlari katta talafot ko‘rganini, ammo arman askarlariga hech qanday ziyon yetmaganini yozdi.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi esa bu iddaolarni rad etdi. Vazirlik matbuot kotibi Vagif Darg‘anli hech qanday hujum amalga oshirilmaganini aytib, Armaniston tarqatgan xabarni navbatdagi «dezinformatsiya» deb atadi.

Avvalroq Darg‘anli Ozarbayjon va Armaniston chegarasidagi vaziyat tang, ammo barqaror ekanligini bildirgan edi.

Armaniston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi chegarada qurolli to‘qnashuvlar 12 iyul kuni boshlanib, bir necha kun davom etdi. Boku ma’lumotlariga ko‘ra, janglarda ozarbayjonlik 12 nafar harbiy, shu jumladan general-mayor Po‘lad Xashimov halok bo‘lgan. Armaniston o‘z tomonidan to‘rt harbiy halok bo‘lgani, o‘n kishi yaralangani haqida bildirgan. To‘qnashuvlar 16 iyul kuni to‘xtagan edi.

Armaniston harbiylari 21 iyul kuni 22:30 da yangi to‘qnashuvlar sodir bo‘lganini aytmoqda. Ularga ko‘ra, Ozarbayjon askarlari «Anvax» o‘laroq ma’lum bo‘lgan chegara postiga hujum qilmoqchi bo‘lgan, ammo «muvaffaqiyatsizlikka uchrab, qochib ketgan».

Stepanyanning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonning maxsus kuchlari tepalikda joylashgan ayni postga 16 iyul kuni ham hujum qilgan, ammo amaliyot muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

22 iyul kuni ertalab armanistonlik rasmiy Facebookda «Soat 12:47 ga kelib otishma to‘xtagan bo‘lsa-da, Ozarbayjon qurolli kuchlari yetakchilari vaziyatni nazorat qilmayotganini aytishim kerak», deb yozdi.

Boku bilan Yerevan o‘rtasida ko‘p yillardan beri ayirmachi Tog‘li Qorabog‘ tufayli ziddiyat davom etib kelmoqda. Asosan etnik armanlar yashaydigan Tog‘li Qorabog‘ 1988–1994 yillardagi urushdan keyin o‘zini Ozarbayjondan mustaqil deb e’lon qilgan. Urushda 30 mingga yaqin odam o‘lgan, yuz minglab odam ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan.

Rossiya va xalqaro hamjamiyat Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuvlar yuzasidan xavotir izhor qildi.

1994 yildan beri mintaqani etnik arman qo‘shinlar boshqarib keladi. Boku ular saflarida Armaniston harbiylari borligini ta’kidlab keladi. Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini birorta davlat tan olmagan.

O‘tgan haftada Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti har ikki tarafni tinchlik muzokaralarini davom ettirishga chorladi. Shuningdek, rasmiy Moskva va Vashington ikki davlatni zo‘ravonlikni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG