Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:52

O‘likxona oldida navbatlar: Yaqinlari jasadini olish uchun odamlar kunlab kutmoqda


O‘zbekiston Respublikasi patologik anatomiya markazi, Toshkent. 23 iyul, 2020 yil.
O‘zbekiston Respublikasi patologik anatomiya markazi, Toshkent. 23 iyul, 2020 yil.

Toshkentdagi Respublika patologik anatomiya markazi oldida odamlar koronavirusdan o‘lgan yaqinlari jasadlarni olish uchun kunlab navbat kutayotganliklarini aytishmoqda.

Ozodlikka yuborilgan suratlarda koronavirus karantiniga qaramay, marhum yaqinlarining jasadlarini olishga urinayotgan o‘nlab kishining o‘likxona oldida navbatda turganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan poytaxtliklar o‘likxona oldida bunday manzarani avvallari kuzatmaganliklarini aytishadi.

Respublika patologik anatomiya markazi xodimlari esa koronavirus pandemiyasi sabab yangi qoidalar asosida ishlayotganliklari, jasadlarni dezinfeksiyalash vaqt olishini aytib, odamlarni bino qarshisida to‘planmaslikka chaqirmoqda. Markaz xodimi morgdagi o‘liklar soni haqida Ozodlikka ma’lumot bermadi.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan poytaxtliklar koronavirusdan o‘lgan yaqinlari jasadlarini morgdan olish kechikayotgani, karantin qoidalariga zid bo‘lsa ham, o‘likxonalar qarshisida kunlab kutishga majbur bo‘layotganliklarini aytishdi.

- Tog‘amiz o‘tib qoluvdi, bermayapti, karantinda hammani o‘likxona oldida yig‘ib o‘tirishibdi. Soldatlar turibdi, ichkariga o‘tkazmaydi. Har kuni o‘ttiztacha odam turadi, janjal, ur-to‘polon, - dedi ismi aytilishini istamagan poytaxtliklardan biri.

Toshkentning Qoraqamish mavzesida yashovchi Omatulla aka (ismi uning iltimosiga ko‘ra o‘zgartirildi) koronavirusdan olamdan o‘tgan 68 yoshli onasining jasadini morg oldida ikki kun kutganidan so‘ng olganini aytadi.

- Ikki kun deganda kecha oldik va to‘g‘ri Qoraqamishdagi Said Ota qabristoniga qo‘ydik. Selafan qopga o‘rab berishdi, ochmaysizlar, musulmonchilikka ko‘ra yuvilgan, to‘g‘ri qabristonga ko‘masizlar deyishgandi. Uch-to‘rt qarindosh, mahalladan bir odam borib qo‘yib keldik, - deydi Omatulla aka.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan poytaxtlik haydovchi o‘likxona oldida navbatlarni avvallari kuzatmaganini aytadi.

- Shu yerdan ko‘p o‘taman, so‘nggi kunlarda odamlarni juda ko‘p ko‘ryapman. Ilgari morg oldida buncha ko‘p odam to‘planib turganini ko‘rmaganman, - deydi haydovchi.

O‘likxonalar qizil zona deb e’lon qilingan.
O‘likxonalar qizil zona deb e’lon qilingan.

O‘likxona xodimlari esa koronavirus pandemiyasi sabab yangi qoidalarga muvofiq ishlayotganliklarini aytib, odamlarni bino qarshisida to‘planmaslikka chaqirmoqda.

Ularga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘likxonalarning barchasi "qizil zona" deb e’lon qilingan.

Toshkentdagi Respublika patologik anatomiya markazi xodimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda jasadlarni dezinfeksiya qilish va dafnga tayyorlash ishlari vaqt talab etishi bois ularni yaqinlariga berish cho‘zilayotganini tasdiqladi.

- Virus odam o‘lgandan keyin ham tanasida bir muddat saqlanib turadi, shuning uchun maxsus dorilar bilan dezinfeksiyalanyapti. Bu jarayon bir-ikki kun vaqt oladi. Maqsadimiz kasallik boshqalarga yuqishiga yo‘l qo‘ymaslik. Hamma joyda, boshqa mamlakatlarda ham shu qoida asosida bo‘lyapti. Yaqinlaridan iltimos qilyapmiz, sabrli bo‘lishsin, o‘zlarini extiyot qilishsin,- deydi Toshkentdagi Respublika patologik anatomiya markazining ismi ochiqlanishini istamagan xodimi.

Markaz xodimi morgdagi o‘liklar soni haqida Ozodlikka ma’lumot bermadi.

Toshkentdagi o‘likxona qarshisida navbatda turganlardan biri esa 23 iyul kuni yelim xaltaga solingan kamida to‘rtta jasad qarindoshlariga berilganini ko‘rganini aytdi.

Ayni paytda marhum bilan vidolashmoqchi bo‘lganlar soni ham cheklangan.

- Kasalxonani o‘zida aytishyapti, morgga olishdan oldin vidolashib olinglar, deyapti. Morgdan dezinfeksiyalab to‘g‘ri ko‘mishga berishyapti. Dafn payti to‘rttadan ko‘p odam bo‘lmasin, deyilyapti, - deydi toshkentlik Omatulla aka.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi ham dafn marosimlarida ko‘p odam to‘planmaslikka chaqirgan.

Idora rasmiy saytida e’lon qilingan fatvoda koronavirus kasalligi mavjud bo‘lgan mayyitni dafn etishda soha mutaxassislari tasdiqlagan qoidalarga amal qilish kerakligi aytilgan.

"Mayyitni yuvish, kafanlash va dafn marosimi sanitar xodimlar yordamida shariatga muvofiq ado qilinmoqda. Ushbu amallarni bajarishda mayyitning yaqinlari ishtirok etayotgani yo‘q. Marhumning yaqin qarindoshlari faqat janoza o‘qishda qatnashmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan o‘zaro maslahat asosida, karantin holatida mayyitni imkon qadar shariatimiz ko‘rsatmalariga muvofiq yuvish, kafanlash va dafn qilishga harakat qilinadi", - deyilgan O‘zbekiston Musulmonlar idorasi fatvosida.

Boshqa davlatlarda ham koronavirusdan o‘lganlar morglarda maxsus dezinfeksiyalanib, keyin krematsiya qilinadi va yopiq tobutlarda yaqinlariga beriladi.

Rasmiy raqamlarga qaralsa, O‘zbekistonda 24 iyulga kelib, qoronavirusdan o‘lganlar soni yuzdan ziyod ekanini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 23 iyul kuni koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardan 4 nafari vafot etgan.

Olamdan o‘tganlarning uch nafari Toshkent shahridan, yana biri Qarshi shahridan bo‘lgan.

Ayni paytda mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq haqiqiy raqamlar rasmiy raqamlardagidan ko‘ra ko‘p ekaniga oid xavotirlar ham yo‘q emas.

Shu oy boshida Ozodlik Navoiy viloyatida koronavirusga chalingan va o‘lganlar soni rasmiy statistikada aks etmay qolayotgani haqda yozgandi.

O‘zbekistondagi mahalliy nashrlar ham Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus tarqalishi yuzasidan taqdim etayotgan kundalik statistikaga nisbatan aholi ishonchi so‘nib borayotgani haqda yozmoqda.

Jumladan Kun.uz muxbiri Abror Zohidov 23 iyul kungi maqolasida: "o‘lim sonlari oshayotganini kuzatib turgan aholi o‘zi eshitgan ko‘rgan hodisalarga ko‘proq ishonadi”, deb yozadi.

Zohidov o‘z maqolasida O‘zbekistonda go‘rkovlarga ham talab kuchayganini yozgan.

Hozirgi vaziyatda ana shunday bemorlar vafot etsa, shifoxonalarning katta-kichik xodimlari norasmiy ravishda ularni dafn qilishga (ya’ni mayitni o‘rash, olib borish, qabristonga olib kirish...) jalb qilinyapti. Bu amaliyotga chek qo‘yish kerak. Vaqtincha bo‘lsa-da, hech bo‘lmasa Toshkent va yirik shaharlarda maxsus go‘rkovlar guruhlari tashkil qilish hamda ular uchun qo‘llanma yaratish kerak", - deb yozdi Kun.uz muxbiri.

XS
SM
MD
LG