Линклар

Шошилинч хабар
04 август 2020, Тошкент вақти: 06:54

Covid-19: Shifokorlar himoya kiyimlarsiz ishlayotganiga norozilik bildirib, prezidentga murojaat qildi


Qoidaga ko‘ra, tibbiyot xodimlari 5 xildagi himoya vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.

Koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlari himoya kiyimlari bilan ta’minlanmaganiga norozilik bildiryapti.

Mamlakatning turli burchaklaridan Ozodlikka bo‘layotgan murojaatlarga ko‘ra, shifokorlar bir martalik himoya kiyimlarini yuvib, qayta-qayta kiyishga majbur bo‘lmoqda.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, tibbiyot xodimlari uchun himoya vositalarini xarid qilishga SEOAga muntazam pul o‘tkazilmoqda.

SEOA shifokorlarning bu shikoyatini hech bir ko‘rinishda izohlamadi.

Prezidentga murojaat

Toshkent tumani Tibbiyot birlashmasi Tez tibbiy yordam bo‘limida sanitarka bo‘lib ishlaydigan Dilorom Abduvahobova Ozodlik orqali Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlar vaziyatiga e’tibor qaratilishini so‘radi:

- Bitta kiyib-chiqib tashlab yuboriladigan, odnorazoviy formani yuvdirib, qaytadan kiydirilyapti. Glavvrachga “biz kiymaymiz”, “bola-chaqam bor, o‘lishni xohlamayman, menga yangi forma bering”, desak ham bermayapti. Eski formani oftobga yoyib, quritib, xlor sepib, majburlab, kiydiryapti. Vrachlar “kiymayman” deb bosh tortishsa, telefon qilib, qo‘pollik qilib, majburlashyapti.

Dilorom Abduvahobovaga ko‘ra, sanitariya talablariga amal qilinmagani sabab bir hamkasbi koronavirus tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan, yana bir nechta hamkasblari isitmalab yotibdi:

- Sanitarka virusga chalinib og‘ir ahvolda yotibdi. Uning qizi, nevarasi ham isitmada yotibdi. Ko‘kterak poliklinikasida ginekolog olamdan o‘tdi, nevropatolog og‘ir ahvolda. Ammo shunga qaramay, poliklinika karantinga yopilmadi, dezinfeksiya ham qilinmadi... Prezidentimizdan shu masalalarda amaliy yordam so‘raymiz.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:41 0:00
Бевосита линк

Angrenlik hamshiralar murojaati

O‘rtasaroydagi karantin markaziga borib ishlagan angrenlik hamshiralardan Ozodlikka bo‘lgan murojaat xatida ham himoya kiyimlarisiz ishlagani sabab virusga chalinish holatlari bo‘layotganiga norozilik bildirilgan:

“Biz angrenlik hamshiralar O‘rtasaroy karantin poligoniga borib ishlab keldik. Niqob, qo‘lqop, kombinezon berishmadi. Biz ko‘pchilik edik. So‘rasak, “ta’minot yaxshi emas”, deb turli bahonalar qilishdi. Biz 18 blokda ishladik. Biz ishlagan vaqtda karantindagilardan 318 ta kovid virusi chiqdi. Natijada bir hamshirada kovid aniqlandi, hozir Zangiotaga yotqizildi. Lekin boshqa hamshiralar ham o‘zini yomon his qilyapti. Test topshirgandik. Analiz yo‘qolib qolganini aytishdi. Biz xalqimiz uchun ko‘ngilli bo‘lib bordik. Lekin bizni oyoqosti qilib, kimlardir foyda ko‘rdi. Va’da qilingan oylikka qo‘shimcha 6 foizni ham hali olmadik. SSVga telefon qildik, vazirlik xabardor vaziyatimizdan. Adliya vazirligiga ham xabar berdik. Biroq natija yo‘q”.

“O‘z pulimizga sotib oldik”

Buxoro shahridagi koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashtirilgan shifoxonalardan birining shifokori himoya kiyimlarini o‘zlari sotib olishga majbur bo‘lganidan shikoyat qildi:

“Oyligimiiz 1-2 million so‘m atrofida. Bizga himoya kiyimlari berilmayapti. Boshida o‘z pulimizga 55 ming so‘mdan bir necha bor sotib oldik. Biroq oylikni faqat bu kiyimlarga sarflasak, bola-chaqamiz och qoladiku. Rahbarlarga aytib charchadik. “Imkoni yo‘q, yoqmasa, bo‘shab ketaveringlar”, degan gapni qilishadi”.

“Himoya kiyimsiz nafaqat o‘zimizni, balki boshqalarni ham xavfga qo‘yapmiz”

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri tez yordam xizmati shifokori Muhammad esa Ozodlikka yo‘llagan videosida himoyasiz ishlayotgan tibbiyot xodimlari nafaqat o‘zlarini uchun balki bemorlarni ham xavf ostiga qo‘yayotganini aytgan:

“Navbatchilik kunimiz davomida bizga bittagina himoya kiyimi berilyapti. Shu kiyimda virus o‘chog‘iga kirib chiqqach, yana boshqa bemorlarni ko‘rgani boraman. Shu tariqa o‘zimni ham, boshqalarni ham xavfga qo‘ymoqdaman. Axir, bu ahvolda kasallik tarqatilishi aniq-ku! Mana, Nukus sog‘liqni saqlash boshqarmasining tibbiy xodimlarga munosabati!”

Toshkent shahri 2-yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimasi Sevara Ozodlikka yo‘llagan videosida koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlariga oson emasligini aytib, buni o‘zining misolida ko‘rsatgan. Videoda Sevara kun bo‘yi ishlab, terlaganidan etiklari suvga to‘lib ketganini aks ettirgan.

Vazirlik mulozimi: Mas’ul- SEOA

Ozodlik tibbiyot xodimlari tomonidan himoya kiyimlari borasida kelgan shikoyatlar borasida Sog‘liqni saqlash vazirligi mulozimlaridan biri bilan bog‘landi.

Mulozimning aytishicha, koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlarni himoya kiyimlari bilan ta’minlash Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga (SEOA) yuklatilgan.

“Byudjetdan va halqaro mablag‘lardan muntazam ravishda Moliya vazirligining Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga o‘tkazib berilyapti. Jamg‘arma bu puldan SEOAga o‘tkazib beryapti. SEOA pulning ma’lum qismini himoya vositalari uchun sarflashi lozim. Buni hisob-kitobi e’lon qilinib borilyapti. Endi batafsil ma’lumotni SEOAdan olasiz”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan vazirlik mulozimi.

SEOA saytida e’lon qilingan telefon raqamlariga hech kim javob bermagani sabab agentlik rasmiylaridan izoh olish imkoni bo‘lmadi. Agentlik mulozimlaridan birining mobil telefoniga bog‘landik, biroq u bu holatni hech qanday ko‘rinishda izohlashni istamadi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Moliya vazirligi qoshidagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tomonidan pandemiya boshlanganidan 17 iyulgacha SEOAga jami 907 milliiard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Agentlik ushbu mablag‘ning qancha qismini himoya kiyimlari uchun sarflagani ochiqlanmagan.

Ayni paytda SEOAda Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tomonidan ajratilgan pullarning talon-toroj qilinish holatlari tekshirilmoqda.

Himoya kiyimlari aslida qanday bo‘lishi kerak?

Bu savolga Toshkentdagi Tez tibbiy yordam markazining 10-maxsus brigadasining ismini ochiqlamayotganimiz xodimi javob berdi:

“Biz maxsus brigada bo‘lganimiz uchun bizda himoya kiyimlaridan muammo yo‘q. Biz muntazam ravishda bir martalik himoya kiyimlari bilan ta’minlanyapmiz.

Bizga 5 xildagi himoya kiyimi berilyapti. Bular:

  • Kombinezon
  • Niqob
  • Qo‘lqop
  • Etik
  • Ochki.

Bularning ichida kombinezon, niqob va qo‘lqop bir martalik. Etik bilan ochkini xlor bilan obrabotka qilib qayta berishadi.

Bir kunda nechta chaqiruvga chiqsak, har safar himoya kiyimlarimiz yangilanadi. Masalan bir kunda 5 marta chaqiruvga chiqsak, 5 marta kiyimlarimizni yangidan berishadi”.

XS
SM
MD
LG