Линклар

Шошилинч хабар
15 август 2020, Тошкент вақти: 05:02

Xitoydagi o‘zbek talabalar O‘zbekiston hukumatidan uyga qaytishga yordam so‘radi


Xitoyning turli hududlarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar prezident Mirziyoyevdan yordam so‘radi.

Xitoyda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik bir guruh talabalar videomurojaat bilan chiqib, O‘zbekiston hukumatidan uyga qaytishlari uchun yordam so‘radi.

Qariyb yetti oydan buyon Xitoy oliygohlarida karantinda qolayotgan talabalarning aksari moddiy jihatdan qiynalayotganidan shikoyat qilgan.

O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, talabalar bilan bog‘liq vaziyat nazoratga olingan, hozirda charter reysini uyushtirishga oid muzokaralar olib borilmoqda.

Ozodlikka Xitoydagi o‘zbekistonlik talabalar tomonidan jo‘natilgan 17 daqiqalik videoda talabalar o‘z muammolarini birma-bir sanab, O‘zbekiston hukumatidan vatanga qaytishda yordam so‘raydi.

O‘zbekiston hukumati, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Transport vazirligi, Maxsus komissiyaga murojaat qilgan yoshlar tezroq charter reysi qo‘yilishini so‘ragan.

- Hurmatli prezidentimiz, vazirlarimizdan biz shuni iltimos qilamizki, bizga bittagina charter reys qo‘yib bersin. Nima uchun pasportimizga O‘zbekiston Respublikasi yozilganu O‘zbekiston bizni himoya qilolmasa, o‘z vatanimizga olib keta olmasa? Bizga kim yordam beradi?

Хитойдаги ўзбек талабалари мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:00 0:00

Ushbu murojaat aks etgan video Ozodlikka 30 iyul kuni keldi. Uni yo‘llagan talabalarga ko‘ra, ular videoni 22 iyul kuni suratga olib, turli tashkilotlarga yo‘llashgan, biroq bir hafta davomida hech qanday ko‘rinishda javob bo‘lmagach, prezidentga Ozodlik orqali yo‘llashga qaror qilishgan:

- Bu yerda hammamizning har tomondan moddiy qiyinchiliklarimiz yuzaga kelgan. Ba’zilarimizning institut tomonidan berilayotgan stipendiyalarimiz to‘xtatilgan. Ba’zilarimiz umuman stipendiya olmaymiz. O‘qituvchilarimiz bizni qariyb yetti oydan beri shahar tashqarisiga chiqarmaydi. Bu yerda hozir ham ma’naviy, ham moddiy jihatdan, qolaversa, sog‘liq va ruhiy jihatdan bizlarni siquvga olishgan... Nima sababdan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsak ham bizning haq-huquqlarimizni himoya qilishmayapti? Bir necha bor tashkilotlarga murojaatnomalar yo‘lladik. Ammo bu murojaatlarimiz javobsiz qolmoqda.

Talabalarning ayrimlari O‘zbekistonda karantin sabab ishsiz o‘tirgan ota-onalaridan moddiy yordam ololmayotgani uchun Xitoydagi o‘qishini tashlab, uyiga qaytishga majbur bo‘layotganini aytgan video murojaatda.

Shulardan biri Pekin shahrida o‘qiyotgan 23 yashar Hayitbek Balkiboevdir:

- Pandemiya davrida uydan moddiy yordam ololmayotganim sabab o‘qishimni davom ettira olmayapman. Shuning uchun O‘zbekistonga qaytmoqchiman... Bu yerda yurib uyimdagilarni og‘ir ahvolga solib qo‘yish niyatim yo‘q.

Xitoyning Xebey viloyatida o‘qiyotgan 25 yashar Nursulton O‘ljaboyev video murojaatda aytishicha, ayrim talabalar yotoqxonalardan haydalayotgani bois ko‘chada qolish xavfiga duch kelgan:

- Bu yerda turar -joy muammosi va moddiy ta’minot tarafidan muammolarga duch kelyapman. Universitet rahbariyati avgust oyida universitetni tark etmasam, turar -joy uchun qo‘shimcha to‘lov to‘lashimni talab qilishmoqda. Bizda esa hozirgi kunda stipendiya ta’minoti to‘xtagan. O‘zbekistonda esa oilaviy sharoit qandayligi hammaga ma’lum.

Samarqandlik Said Ixtiyorbek Anxoy viloyatidagi oliygohlardan birida shartnoma asosida o‘qiydi. U ham uyidan moddiy yordam olmayotgani sabab mushkul vaziyatda qolganini aytadi:

- Samarqandning Narpay tumanida karantin cho‘zilayotgani sabab uydagilar menga mablag‘ yetkazib berishga qiynalyapti. Kontraktga o‘qiyman hozir, bundan tashqari universitetda oyma- oy to‘laydigan kommunal to‘lovlarimiz bor. Shularni to‘lashga qiynalyapmiz. Biz yordam so‘rab elchixonaga murojaat qildik. Biror natija bo‘lmagach, videomurojaat qilishga majbur bo‘ldik.

Talabalar videomurojaatda ayrim o‘zbekistonlik yoshlar viza muammosiga ham duch kelayotganini ta’kidlashgan.

Jiangxi viloyati Nanchang universiteti talabasi 24 yashar Dilafro‘z Ochilova Ozodlik bilan suhbatda videomurojaat bilan chiqishlariga asosiy sabab moddiy muammo bo‘lganini aytadi.

- 20ta bolaning qo‘lida bir so‘m pul qolmagan. O‘zim faqat qarzga pul olib, yeb-ichyapman. Ilojsizlikdan shu murojaatni chiqardik.

Videomurojaat bilan chiqqan tengdoshlarini qo‘llashini aytgan Anxoy viloyatida o‘qiyotgan surxondarayolik O‘rol Ozodlik bilan suhbatda moddiy muammosi yo‘qligini aytdi, biroq u ham O‘zbekistonga qaytmoqchi:

- Yangi o‘quv yili Xitoyda onlayn bo‘larkan. Bu yerda 1 yil yotishimiz kerak. Shuning uchun uyga qaytsak yaxshi bo‘lardi. Chunki onlayn o‘qishda uydan ham qatnashish mumkin.

O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi konsuli Bobur Yahyoyevga ko‘ra, videomurojaat bilan chiqqan talabalar vaziyati nazoratga olingan:

“Ta’kidlash joizki, vakolatxona tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli targ‘ibot ishlariga qaramasdan, Xitoydagi vatandoshlardan hamda ularning O‘zbekistondagi yaqinlari tomonidan yurtdoshlarni Vatanga qaytarishga oid murojaatlar soni keskin ortib bormoqda.

Murojaatlar haqida tizimli ravishda vazirlikka xabar berib borilmoqda va ko‘rib chiqish uchun Respublika maxsus komissiyasiga kiritilmoqda.

Shuningdek, Xitoy tomoni bilan XXRdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Vatanga qaytarish maqsadida navbatdagi charter reysi tashkil etish bilan bir qatorda muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish borasidagi muzokaralar ham davom ettirilyati”.

Elchixonadan olingan ma’lumotga ko‘ra, Xitoydan vatandoshlarni olib kelish uchun charter reys oxirgi marta fevralda tashkil qilingan. Hozirda elchixona O‘zbekistonga qaytish istagini bildirgan 282 nafar vatandoshni ro‘yxatga olgan, ular orasida murojaat bilan chiqqan talabalar ham bor.

P.S. Maqola e’lon qilinishi arafasida Pekindagi elchixonadan kelgan xabarga ko‘ra, Toshkent-Pekin-Toshkent charter reysini amalga oshirishga ruxsat olingan. Parvozning qachon amalga oshirilishi hozircha noma’lum.

XS
SM
MD
LG