Линклар

Шошилинч хабар
30 сентябр 2020, Тошкент вақти: 21:48

Chiroqchidagi qishloq tug‘ruqxonasida 10 kun ichida ikkita homilador ayol o‘ldi


Chiroqchi tumani Tibbiyot birlashmasining Chiyali qishlog‘idagi bo‘limi¸ aytilishicha¸ 80 ming aholiga xizmat qiladi.

Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani Tibbiyot birlashmasining Chiyali qishlog‘idagi bo‘limi tug‘ruqxonasiga 3 avgust oqshomida kuchli to‘lg‘oq bilan olib kelingan 39 yashar ayol va homilasi nobud bo‘ldi.

Ozodlik gaplashgan mazkur bo‘lim boshlig‘i Gulbahor Razzoqova tuman prokuraturasi homilador ayol o‘limi yuzasidan surishtiruv boshlagani, ekspertiza xulosasi chiqmagunicha¸ o‘lim sababi haqida ma’lumot bera olmasligini bildirdi.

Marhuma yaqinlari esa, fojiada tug‘ruqxona xodimlarini ayblamoqda. Ular iddaosicha, shu kuni tug‘ruqxonada ginekolog vrach bo‘lmagani sabab ayolni malakasiz xodimlar tug‘dirishga uringan va ayol bachadonidan ko‘p qon ketishi oqibatida nobud bo‘lgan.

Bu Chiroqchi tumani Tibbiyot birlashmasining Chiyali tumani bo‘limida so‘nggi o‘n kun ichida ro‘y bergan ikkinchi o‘limdir.

28 iyul kuni kuchli toksikoz bilan kasalxonaga olib kelingan 22 yoshli homilador ayol ham ayni bo‘limda vafot etgan. Bu marhuma yaqinlari iddaosicha, o‘lim noto‘g‘ri ukol urilgani oqibatida sodir bo‘lgan.

Qo‘shaloq o‘lim

39 yoshli homilador G.I. Chiroqchi tumani Tibbiyot birlashmasining Chiyali qishlog‘i bo‘limiga 3 avgust oqshomida olib kelingan.

Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, tug‘ruqxonada shu kuni ginekolog vrach bo‘lmagani sabab, ayolni hamshiralar tug‘dirishga uringan.

- To‘rtinchi farzandini tug‘ishi kerak edi. Borsak vrach yo‘q, hamshiralar tug‘dirishga uringan. Bachadondan qon ketib, o‘zi ham , bolasi ham nobud bo‘ldi, - dedi marhumning qarindoshi.

Chiyali tug‘ruqxonasi boshlig‘i Gulbahor Razzoqova Ozodlik bilan suhbatda shifokorlarning "astoydil harakatlari"ga qaramasdan ona va uning chaqalog‘i ham hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmaganini aytdi.

Ayni paytda Razzoqova¸ malakali vrachlar bo‘lganida, ona-bola tirik qolgan bo‘lishi mumkinligini ham tan oldi.

- O‘lishi mumkin emas edi¸ bunaqa xolatda. O‘rta tibbiyot xodimlari tug‘dirishgan. Homila bilan qon ketgani sababli o‘lgan. 1996 yildan beri shu tug‘ruqxonada ishlayman, bundan ham qiyin xolatlarda bemorlar hayotini saqlab qolganmiz, - deydi Razzoqova.

Aytilishicha¸ Chiroqchi tuman prokuraturasi qo‘shaloq o‘lim yuzasidan tergovga qadar surishtiruv boshlagan va tibbiy ekspertiza tayinlagan. Hozircha Ozodlik ixtiyorida bu jarayonga oid ma’lumot yo‘q.

10 kun ichida ikki o‘lim

Bu Chiroqchining Chiyali qishlog‘idagi tug‘ruqxonada so‘nggi o‘n kun ichida o‘lim bilan tugagan ikkinchi holatdir.

28 iyul kuni kuchli toksikoz bilan kasalxonaga olib kelingan 22 yoshli D.O‘. ham hayotdan ko‘z yumgan.

Ikki oylik homilasi bo‘lgan marhumaning qarindoshlari¸ vrachlarning yosh ayolga noto‘g‘ri ukol qilgani o‘limga sabab bo‘lgan.

- Immunitetini kuchaytiradi, deb birdaniga uchta ukol qilishdi. Reaksiya berib¸hushidan ketib qoldi. Shu kuni o‘ziga kelmasdan uning joni uzildi, - deydi marhumaning ismi ochiqlanishini istamagan qarindoshi.

Chiyali tug‘ruqxonasi rahbari Gulbahor Razzoqova 28 iyul kungi o‘limga ham tibbiyot xodimining noprofessional harakati sabab bo‘lganini e’tirof qildi.

- Vrach nazoratisiz ukol qilingan. Kasalxonaning bolalar bo‘limida ishlovchi, ginekologiyadan xabarsiz xodim bemorga o‘zi olib kelgan natriy xlor bilan essensial ukolini urgan. Ustiga ustak¸ baralginni tomiriga urgan. Uning vrach nazoratisiz ukol qilishga haqqi yo‘q edi Birinchidan ¸u bolalar bo‘limida ishlaydi, ikkinchidan vrach nazoratisiz shu ishni qilgan, - dedi Razzoqova.

Bu o‘lim yuzasidan prokuratura surishtiruvining qanday xulosaga kelgani¸ voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilgan-ochilmagani hozircha Ozodlikka ma’lum emas.

Qarindoshlarining Ozodlikka bildirishicha¸ ular noto‘g‘ri ukol qilgan hamshira ustidan shikoyat bilan prokuraturaga murojaat qilmagan.

"Chiyalida mutaxassis vrach yetishmaydi"

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumat yig‘inlarida tibbiyot sohasidagi jiddiy muammolar va yetishmovchiliklar haqida gapirgan, ona va bola sog‘ligini asrash, aholini dori vositalari bilan ta’minlash va sog‘lom avlod o‘stirish – eng muhim masalalar ekanini ko‘p ta’kidlagan.

Chiroqchi tumanida "Gulbahor do‘xtir" deb nom chiqargan Chiyalidagi tug‘ruqxona boshlig‘i Gulbahor Razzoqova Ozodlik bilan suhbatda 80 ming aholiga ega Chiyali qishlog‘iga 23 o‘rinli shifoxona kamlik qilishi, qishloqda malakali shifokorlar yo‘qligi, borlarining ham saviyasi talabga javob bermasligini ta’kidladi.

- Bizning qishloqda 80 ming aholiga 23 o‘rinli shifoxona bor. Shulardan 10 o‘rin tug‘ruqxona, 10 o‘rin bolalar, qolgani terapiya. Bemorlarni yotqizishga joy topilmaydi. Shifokorlar saviyasi talabga javob bermaydi. Mutaxassis vrach yetishmaydi. Hamma ishni o‘rta tibbiyot xodimlari qilib yotibdi. Aholi soni o‘sib boravergani sayin shifoxonadagi o‘rinlar soni qisqarib boryapti, - deydi Razzoqova.

"Eng katta poraxo‘rlik tug‘ruqxonalarda"

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev uch yil avval mamlakat sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar va sohaning rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida "eng katta poraxo‘rlik tug‘ruqxonalarda" deb aytgandi.

"Barcha tug‘uruqxonalar bosh shifokorlarini chaqirib gaplashasizlar. Eng katta poraxo‘rlik tug‘uruqxonalarda. Buni yig‘ishtirish kerak. Men ogohlantirmoqdaman: bir oydan keyin juda katta tizim ishlaydi, aynan tug‘ruqxonalar va barcha tibbiy muassasalar bo‘yicha. Men bugun sizlarni ogohlantirmoqdaman. Hech kim hech kimni himoya qilmaydi Adham Ilhomovich. Biz shunday texnologiyani amalga tatbiq etmoqdamizki, hammasini eshitamiz, hammasini ko‘ramiz. Tug‘ruqxonalarda esa hammasi eskicha davom etmoqda. Kerak bo‘lsa tug‘ruqxonalar sonini oshirish lozim. Bu poraxo‘rlikni tugatish shart. Tug‘ruqxonalarda bu muhitni yo‘q qilmasak, ular poraxo‘rlikni hayot normasi deb qabul qila boshlashdi. Albatta, tug‘dirganga pul berish kerak… Qayerda bu yozilgan? Hech qayerda yozilmagan. Hamma norozi", degan edi Mirziyoyev.

O‘zbekistondagi onalar va bolalar o‘limiga oid so‘nggi statistik raqamlar ochiq rasmiy manbalarda yo‘q.

UNICEF tashkiloti 2017 yilda e’lon qilgan hisobotda O‘zbekistonda homiladorlik va tug‘ish vaqtida har 100 ming kishiga 29 ta o‘lim to‘g‘ri kelishi haqida bildirilgan.

O‘limlarning 45 foizi tug‘ish vaqtida ko‘p qon yo‘qotish, 12 foizi yuqumli kasalliklar va 5 foizi kech toksikozlar sabab ro‘y berishi aytilgan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotida esa, mamlakatda 2019 yilda onalar o‘limi bilan bog‘liq 59 ta, bolalar o‘limi bilan bog‘liq esa, 2706 ta holat qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG