Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2020, Тошкент вақти: 17:27

Germaniya va Rossiya tashqi ishlar vazirlari Nord Stream-2 gaz quvuri loyihasini muhokama qiladi


Rossiyaning quvur yotqizuvchi Akademik Cherskiy kemasi

11 avgustda Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Moskva shahrida uchrashadi. Uchrashuv davomida Rossiya gazini Yevropaga eksport qilishga mo‘ljallangan Nord Stream-2 gaz quvuri loyihasi muhokama qilinishi kutilmoqda.

Boltiq dengizida yotqizilayotgan quvur Rossiyaning Yevropaga sotadigan gazi ko‘lamini ikki barobarga oshirishi mumkin. Yangi liniya Ukrainani chetlab o‘tgani uchun loyiha yakunlanganidan keyin, Kiyev milliardlab dollar daromaddan ayriladi.

AQSh uzoq yillardan beri Nord Stream-2 qurilishiga qarshi chiqib keladi. Vashingtonga ko‘ra, loyiha Germaniyani Rossiya gaziga qaram qilib, Yevropa xavfsizligiga tahdid soladi.

2019 yilning dekabrida Vashington Boltiq dengizi tubida Nord Stream-2 quvurlarini yotqizishga ko‘maklashadigan har qanday shirkatga qarshi sanksiya joriy qildi.

Germaniya rasmiylari esa AQSh sanksiyalarini qoralab keladi. Ayrim siyosatchilarning fikricha, AQSh qarshiligining asl sababi Vashington Yevropaga o‘z tabiiy gazini sotishni istayotganidadir.

Maas 9 avgust kuni AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo bilan suhbatlashib, Vashingtonning Germaniyaga qarashli Ryugen orolidagi port operatoriga qarshi sanksiya joriy qilish tahdidlari yuzasidan xavotir izhor qildi. AQSh sanksiyalariga yo‘liqishi mumkin bo‘lgan portdan Nord Stream-2 qurilishida qatnashayotgan kemalar foydalanib keladi.

Maas Pompeo bilan o‘tgan haftada uch nafar respublikachi senator port operatori Faehrhafen Sassnitz GmbH shirkatiga qarshi sanksiya joriy qilinishi haqida tahdid solib yozgan maktubni muhokama qilgan.

Maas suhbatning boshqa tafsilotlarini ochiqlamadi.

Senatorlar Ted Kruz, Tom Kotton hamda Ron Jonson maktubni port operatori, uning direktorlar kengashi a’zolari, aksiyadorlari hamda ishchilari Nord Stream-2 loyihasi uchun xizmat ko‘rsatishni bas qilmasa, «qonuniy va iqtisodiy» sanksiyalarga duchor bo‘lishi haqida «rasmiy ogohlantirish» deb atadi.

Maktubga ko‘ra, port Rossiya bayrog‘i ko‘tarilgan «Fortuna» hamda «Cherskiy» kemalariga xizmat ko‘rsatsa, AQSh sanksiyalariga duchor bo‘ladi.

Senatorlar maktubida deyarli yakunlangan Nord Stream-2 loyihasi «Yevropa energetika xavfsizligiga hamda Amerika milliy xavfsizligiga yirik tahdid» deya ta’riflandi.

Nord Stream-2 har biri Boltiq dengizi bo‘ylab 1 230 kmga cho‘ziluvchi ikki parallel liniyadan iborat bo‘lib, Rossiyadan Germaniyaga gaz eltib berishni ko‘zlaydi.

Liniya Yevropaga yiliga 55 milliard kub gaz eltib berishga qodir.

11 milliard dollar qiymatga ega loyiha 90 foizga tamomlangan bo‘lib, Daniya yaqinidagi taqriban 160 kmga cho‘zilgan bo‘lagi bitmay qolgan.

Dekabr oyida AQSh quvurlarni yotqizayotgan shirkatlarga qarshi sanksiya joriy qilishi ortidan Shvetsiyaning AllSeas shirkati loyihani tark etdi.

Endilikda rus kemalari loyihani tamomlashga urinmoqda. Ammo ular sug‘urta hamda port xizmatlarini ko‘rsatuvchi xalqaro shirkatlar yordamida muhtoj.

Maas Moskvaga safaridan keyin Sankt-Peterburgga borib, Ikkinchi jahon urushi davomida fashistlar Germaniyasi tomonidan Leningrad qamal qilinganida halok bo‘lgan shaxslarni xotirlash marosimida qatnashadi.

Ikki yilga cho‘zilgan qamal davomida yuz minglab odam asosan ocharchilikdan nobud bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG