Линклар

Шошилинч хабар
29 сентябр 2020, Тошкент вақти: 08:28

Aholi noroziligi ortidan Toshkent shahridagi mahallalarni viloyatga o‘tkazish rejasi to‘xtatildi


9 avgust kuni Sergeli tumanidagi Choshtepa mahallasi ahli ham Zangiota tumaniga o‘tkazilish rejasiga qarshi o‘z noroziligini ifodaladi.

6 avgustdan beri Toshkent shahrining O‘rikzor, Ko‘ksaroy¸ Zarafshon¸ Ulug‘bek va Choshtepa mahallalarida davom etayotgan keskin noroziliklar ortidan 11 avgust kuni Toshkent shahri va viloyatidagi hududlarni ayirboshlash rejasining to‘xtatilgani bildirildi.

Ozodlikka kelgan videomurojaatida Toshkent shahar Uchtepa tumanida joylashgan O‘rikzor mahallasi raisi 11 avgust kuni Toshkent shahar hokimi bilan “bir minutlik” uchrashuvda bir metr ham joyning Zangiotaga o‘tmasligi aytilganini e’lon qildi.

Ayni uchrashuvda qatnashgan o‘rikzorlik faollarning Telegramda tarqagan audiolarida esa¸ nafaqat O‘rikzor¸ balki¸ umuman Toshkent shahridagi boshqa mahallalarni Toshkent viloyatiga o‘tkazish rejasining butunlay to‘xtatilgani aytildi.

Ozodlik kunning ikkinchi yarmida gaplashgan Sergeli tuman hokimi o‘rinbosari¸ Vazirlar Mahkamasi topshirig‘i bilan tuman hududidagi mahallalarni Toshkent viloyatiga o‘tkazish rejasi to‘xtatilganini tasdiqladi.

5 avgust kuni Qurilish vazirligi Toshkent shahri va viloyatining Bosh rejasi loyihasini Shavkat Mirziyoyevga taqdim etdi va bu loyiha prezident tomonidan ma’qullandi.

Bu reja poytaxtning Uchtepa¸ Sergeli va Bektemir tumanlaridagi 1010 gektar yerni Toshkent viloyati ma’muriy tasarrufiga o‘tkazish evaziga viloyatning Zangiota, Yangiyo‘l, Quyi Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlaridan 10 196 gektar yerni (1:10 nisbatda) poytaxtga qo‘shib berishni ko‘zda tutadi.

O‘rikzorda bayram

Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi O‘rikzor mahallasini Toshkent viloyati Zangiota tumaniga qo‘shish rejasiga norozilik bildirib kelgan mahalla ahli 11 avgust kuni o‘z “g‘alaba”sini bayram qilishga kirishdi.

Bunga mahalla raisi Hasan Qalandorovning 11 avgust kuni Toshkent shahar hokimi va boshqa rasmiylar bilan uchrashuvdan kelib qilgan qisqa bayonoti sabab bo‘ldi.

Mana hozir 20-25 kishi borib keldik. Shahar hokimi yonida Ziyamuhammedovmi¸ Muhammad Ziyomi o‘shalar bilan birgalikda aytildi – 1 metr joy Zangiotaga o‘tmaydi! Bir minutlik majlis bo‘ldi”¸ deydi mahalla ahliga qilgan videomurojaatida mahallaqo‘m.

Ayni paytda mahalla raisi o‘rikzorliklarni¸ bu yangilikni bayram qilishga shoshmaslikka ham da’vat qiladi.

Bolalar¸ O‘rikzor mahallasi bolalari¸ yigitlar! Katta-kichik hammaga bitta murojaatim Sizlardan iltimos¸ prosto biza yutib chiqdik¸ anaqa qildik¸ manaqa qildik¸ shu narsa kerakmas. Mayli qancha bayram taraddud qilsanglar qilinglar¸ bugun-erta karantin. Xudo xohlasa uch kundan keyin ochiladi¸ uch kundan keyin qilsanglar mayli¸ gap bo‘lishi mumkinmas. Mana harakat qildik¸ yugurdik¸ yeldik¸ nima bo‘lsa bo‘ldi. Bir metr joy o‘tmaydigan bo‘ldi¸ Xudo xohlasa. Hammaga rahmat!

Mahalla raisining bunday murojaati bilan ketma-ket¸ o‘rikzorliklar ochgan Telegram kanalida shahar hokimi bilan uchrashuvda qatnashganlardan yana birining audiosi tarqadi.

Unda o‘zining “hokimiyatdagi uchrashuvdan chiqib kelayotgani”¸ unda deputat va senatorlar qatnashganini aytgan shaxs¸ nafaqat O‘rikzor¸ balki Toshkent shahrining uch tumanidagi mahallalarni viloyatga o‘tkazish rejasi to‘xtatilganini aytadi.

Xotirjam bo‘linglar. Toshkent viloyatiga o‘tmaydigan bo‘ldi shahar. Uchalasi (uchta tuman nazarda tutilmoqda -tahr.) qoldi. Shahardan viloyatga bittasi ham o‘tmas ekan¸ bir sotix joy ham o‘tmas ekan¸hammasi qoldi shaharda”¸ deydi bu “xushxabar”ni osh qilib yuvishni taklif qilgan o‘rikzorliklardan biri.

Zamhokim: Choshtepa ham Sergelida qoladigan bo‘ldi!

9-10 avgust kunlari 100 dan oshiq odam to‘planib¸ Choshtepa mahallasining Sergeli tumanidan viloyatning Zangiota tumani tasarrufiga o‘tkazilish rejasiga qarshilik ko‘rsatgani ortidan¸hokimiyat vakillari bu mahalla ahli bilan muzokara boshlagan edi.

11 avgust kuni Ozodlik gaplashgan tuman hokimi o‘rinbosari Mirzohid Xidirov¸ ushbu mahallani Toshkent viloyatiga o‘tkazish rejasi ham to‘xtatilganini bildirdi.

- Choshtepa Zangiotaga qo‘shilmaydigan bo‘ldi. Bu aniq¸ jurnalistlar Kabmindan surishtirib olishlari mumkin. O‘zi qo‘shilish bo‘yicha hech qanday hujjat chiqqani yo‘q edi. Faqat og‘zaki gap edi. Kecha deputatlarimiz shahar hokimiyatiga obordi. Kabmindan topshiriq keldi¸ hech qanday qo‘shilmaydi¸ degan. Bosh vazirning o‘zlari aytibdilar – Toshkent viloyatiga q-o‘-sh-i-l-m-a-y-d-i¸ deb.

Hokimiyat mulozimi¸ bir hududni ikkinchi hududga qo‘shish¸ ijro hokimiyatining bitta qarori bilan amalga oshiriladigan ish emasligi¸ bunday qarorning qator bosqichdan o‘tib¸ keyin qabul qilinishini ta’kidladi.

- Buning uchun¸ birinchi navbatda tuman Xalq deputatlari kengashi sessiyasi qaror chiqarishi kerak. U nimaga asoslanadi ? Birinchidan¸ tuman aholisining 50 foizdan ko‘prog‘i bunga yozma ravishda rozi bo‘lishi kerak. Ikkinchidan¸ bunday qaror loyihasi 15 kun regulation.uz saytida turishi kerak. O‘shanda odamlarning bildirgan fikri va ovoziga qarab hal etiladi. Undan keyin tuman¸ shahar¸ viloyat kengashining qarorlari chiqadi¸undan keyin Oliy Majlisga jo‘natiladi¸ qo‘shma sessiyada ko‘rib chiqiladi. Undan keyin Vazirlar Mahkamasining qarori chiqadi. Bu ishlarning birortasi bo‘lgani yo‘qku hali! Bu bitta buyruq bilan bo‘ladigan ishmas¸ odamlarga shuni tushuntira olmadik.

11 avgust mahalliy vaqt bilan kechki soat 5 dan keyin Ozodlik bilan gaplashgan Sergeli tuman hokimi o‘rinbosari¸ shahar mahallalarini viloyatga o‘tkazish jarayoni to‘xtatilgani masalasida¸ o‘z tumani misolida¸ aniq bayonot bera olishini bildirdi.

- Men¸ Toshkent shahar Sergeli tuman hokimi o‘rinbosari Mirzohid Xidirov¸ rasmiy ravishda bayonot qilaman¸ Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga ko‘ra¸ o‘tmaydi¸ deb ma’lumot keldi bizga. Boshqa tumanlarni bilmayman¸ Sergeli bo‘yicha shunday rasmiy bayonot bera olaman. Bugun soat 6 da shahar va tuman deputatlarimiz borib¸ choshtepaliklarga shuni aytishadi, dedi Xidirov 11 avgust kuni.

Noroziliklar to‘lqini

5 avgust kuni prezidentga taqdim qilingan Toshkent shahri va viloyatining Bosh rejasiga ko‘ra¸ poytaxtdagi qator tumanlarning viloyat tasarrufiga o‘tishi haqidagi yangilik o‘sha kuniyoq mahalliy telekanallarda keng yoritildi.

Bu xabar ortidan 6 avgust kuni 300 ga yaqin o‘rikzorlik hukumatning O‘rikzor dahasini Zangiota tumaniga qo‘shish qaroriga norozilik bildirib, ertalab va kechqurun O‘rikzor mahallasi markaziga yig‘ildi.

"Ўрикзор"ликлар ўз маҳалласининг Тошкент шаҳри тасарруфидан чиқарилишига норозилик билдирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:03 0:00

Bu norozilik 7 avgust kuni ham davom etdi¸ ayni paytda unga Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Ulug‘bek mahallasi¸ 9 avgust kuni esa¸ Sergeli tumanidagi Choshtepa mahallasi ahli ham qo‘shildi.

Ozodlikka choshtepaliklar yuborgan videoda 9 avgust kuni stixiyali ravishda to‘plangan 100 dan oshiq mahalla ahlining¸ o‘z oldiga kelgan hokimiyat vakiliga noroziligini ifoda qilgani aks etgan.

To‘planganlar orasida bo‘lgan choshtepaliklardan birining Ozodlikka aytishicha¸ 9 avgust kechqurun avvaliga mahalla markazida to‘planganlar¸ so‘ngra yangi domlar oldida qurilgan Grin parkka borgan.

Tungi soat 10-11 larda 100 dan oshiq odam yig‘ildi. ROVD¸ Milliy gvardiya askarlari¸ zamhokim yetib keldi. Biz ularga talabimiz qondirilmasa¸ katta magistral yo‘lni to‘sashimizni aytdik. Keyin qurilish ishlari bo‘yicha zamhokim keldi. “Karantin qoidasini buzyapsizlar. Naryad chaqiramiz¸ ëmonlik bilan tugaydi¸ tarqalinglar”¸ deyishdi. Biz ertalab kattakonlardan kimdir kelib¸ tushuntirsin¸ javobgar shaxs bizga shaharda qoladi¸ degan aniq gapni aytsin¸ keyin norozilikni to‘xtatamiz"¸ deb shart qo‘ydik”¸ deydi bu yig‘ilish qatnashchilaridan biri.

Shunday kelishuv bilan tarqagan choshtepaliklar¸ 10 avgust kuni mahalla markaziga to‘planganda¸ mahallada “formasiz begona”larning nihoyatda ko‘pligi¸ katta ko‘cha boshiga 6-7 ta "Otayo‘l" avtobusi terib qo‘yilganiga guvoh bo‘lgan.

Buni ko‘rib¸ biror provokatsiya chiqmasin¸ deb soat 9 larda mahallamizdagi 303-maktabga kirdik. 100 ta odam yig‘ildi¸ kirishimiz bilan shahar va tuman xalq kengashidan deputatlar keldi. Ikki soat majlis bo‘ldi. Petitsiya yozildi¸ unga 150 dan oshiq odam imzo qo‘ydi. Deputatlar originalini opketdi. “Kutinglar¸ bu narsa o‘zidan o‘zi o‘tib ketmaydi. Xalq ovozi degan portal bor¸ o‘sha joyda ovozga qo‘yiladi. Besh kun ichida taqdim qilaman¸ kerakli joyga. Yozma javob beriladi. Shanba kuni mahalla komissiyasiga yozma ravishda taqdim qilinadi¸ boshqa to‘planmanglar”¸ deyishdi. Shanbagacha rasmiy javobni kutadigan bo‘lib tarqadik”¸ deydi 303-maktabdagi uchrashuv ishtirokchilaridan biri.

Choshtepa va o‘rikzorliklar¸ o‘zlariga hozircha ochiqcha tahdid va qo‘rqituv bo‘lmagan bo‘lsa-da¸ formasizlar va ko‘cha boshiga terib qo‘yilgan "Otayo‘l" avtobuslari¸ hukumat bilan kelishmovchilik davom etadigan bo‘lsa¸ uning qanday rivojlanishidan berilgan kuchli ogohlantiruv bo‘lganini ta’kidladi.

11 avgust kuni “o‘rikzorlar g‘alabasi” xabarini eshitgan choshtepaliklar¸ Ozodlik gaplashganlarning aytishicha¸ mahallani shahar hududida qoldirish haqida aniq rasmiy javob berilmaguncha¸ norozilik harakatlarini to‘xtatmoqchi emas.

Hozir hammamizni chaqirishdi. Kecha uchrashgan deputat yozma bayonot berishga kelyapti ekan. Ko‘raylikchi¸ nima deydi. Balki o‘rikzorliklar aytgandek¸ shahar yerlarini viloyatga berish rejasi butunlay to‘xtatilganini e’lon qilar. Sizga xabarini¸ albatta¸ yetkazamiz”¸ dedi mahalliy vaqt bilan 14:00 lar atrofida Ozodlik gaplashgan choshtepaliklardan biri.

Sergeli tuman hokimi bilan suhbat arafasida Ozodlik qayta bog‘langan choshtepalik faollar¸ 14:00 ga belgilangan uchrashuvning kechki soat 6 ga qoldirilganini bildirdi.

- Hozircha hech kim kelmadi. Deputatlarni kutib o‘tiribmiz. Xushxabar bilan keladi¸ degan umiddamiz. Undan boshqasiga ko‘nmaymiz ham¸ dedi choshtepalik faol.

XS
SM
MD
LG