Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:34

OzodTa’sir: “Hokim ustaning ish haqini uy qurdirgan fermerlardan qisman undirib berdi, ammo “dacha”si pulini bermadi


Ustalar Xonobod shahrida fermerlarga uy qurmoqda. 2019 yilgi rasm.
Ustalar Xonobod shahrida fermerlarga uy qurmoqda. 2019 yilgi rasm.

Andijon viloyat, Andijon tuman hokimligi buyurtmasi bilan Xonobod shahrida dala hovli qurgan jalaquduqlik ustalar oradan o‘n oy o‘tgandan so‘ng ish haqining yarmini oldi.

Ustalar ish haqini ololmayotgani haqda Ozodlik 29 may kuni “Andijonda hokimlik buyurtmasi bilan uy qurgan ustalar 9 oydan buyon ish haqini ololmayapti” sarlavhali maqola chop qilgan edi.

Ustaboshi Sarvarbek Yo‘lchiyevning Ozodlikka aytishicha, tuman hokimining o‘rinbosari Doniyor Abdurashidov fermerdan ish haqining bir qismini undirib bergan, lekin tuman hokimi Ulug‘bek Isomiddinovning shaxsan o‘zi uchun qurdirgan dala hovli va hokimlikning boshqa qarzlarini bermagan:

Qolgan 16 million 800 ming so‘m, hokimlikning bo‘ynida.

“Hokimlikning bizdan qarzi 42 million 800 ming so‘m edi. Hokimning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Doniyor Abdurashidov keldi-da 14 million so‘m berdi. Bitta fermer 10 million so‘m berdi. Jami 26 million so‘m pul oldim. Qolgan 16 million 800 ming so‘m, hokimlikning bo‘ynida. Shundan 6 million so‘mi shaxsan hokim Ulug‘bek Isomiddinovning o‘ziga qurib bergan uyimiz uchun”.

Ustaboshi hokim o‘rinbosari u bilan uchrashuvdan qochib yurganini, telefon qo‘ng‘iroqlarini o‘chirib qo‘yayotganini aytdi:

Hokimning dachasidagi uyni noldan boshlab, tomigacha yopib berganmiz.

“G‘irromlikni qarang, Doniyor Abdurashidov shuncha pulingni berganimizga ham shukr qil, bizni boshqa bezovta qilma, deyapti. Qo‘ng‘iroq qilsam, javob bermay o‘chirib qo‘yadi. Hokimning dachasidagi uyni noldan boshlab, tomigacha yopib berganmiz. Ora-sirada pul bergan, buni inkor qilmaymiz. Ammo ishni boshlashdan oldin Doniyor Abdurashidov kelib mana shu yerdan boshlaysizlar deb joyini ko‘rsatgan. Biz o‘sha joyni tekislatib, betonlarni quyib bo‘lsak, u yerga qurilish mumkin emas ekan. Biz o‘sha ishga 7,5 million so‘m sarflaganmiz. Fermerlar biz bunga pul bermaymiz degan. Lekin Doniyor bo‘lgan ish bo‘ldi, u pulni so‘ramanglar deyapti. Doniyor bizga keyin ishlash uchun obyekt beraman deb va’da bergan edi. Lekin obyekt ham bermadi, pulimizni ham bermayapti”.

Ozodlik kun davomida Andijon tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Doniyor Abdurashidovga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi, lekin u har safar qo‘ng‘iroqlarni o‘chirib qo‘yaverdi.

Andijon viloyat, Xonobod shahridagi “dala hovli”larni fermerlar sotib olishga majburlangani haqida Ozodlik 2019 yilda bir necha bor xabar bergan edi.

2019 yilning iyulida Andijon tumanidagi fermerlar bug‘doydan tushgan daromad puliga 70 kilometr uzoqlikdagi Xonobod shahridan kam ta’minlangan oilalar uchun quriladigan dala hovlilardan sotib olishga majburlangan edi.

O‘tgan yilning avgustida esa, Paxtaobod tumanidagi fermerlar tuman hokimi ularni 70 kilometr uzoqlikdagi Xonobod shahrida “dala hovli” qurishga pul bermagani uchun jazolagani haqida shikoyat qilgan edi.

XS
SM
MD
LG