Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:52

Belarusda namoyishlar: "Milliy erkinlik marshi"da o‘n minglab odam qatnashdi. Lukashenko o‘z tarafdorlari rallisida nutq so‘zladi (VIDEO)


Qayta saylovni talab qilgan norozilar Minsk bosh maydonida, 16 avgust, 2020
Qayta saylovni talab qilgan norozilar Minsk bosh maydonida, 16 avgust, 2020

16 avgust kuni 26 yildan beri Belarusni boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenkoni qo‘llovchilar Minsk bosh maydoniga yig‘ildi va 65 yashar prezident o‘z tarafdorlari rallisida nutq so‘zladi.

Shu kuni Belarus poytaxti va boshqa shaharlarda 9 avgust kungi prezident saylovida yana Lukashenko g‘alaba qozonganidan norozilar marshi bo‘ldi.

Namoyishchilar saylov natijalarini bekor qilib, yangi Markaziy saylov komissiyasi nazoratida, qayta saylov o‘tkazish hamda barcha siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarishni talab qilmoqda.

"Milliy erkinlik marshi" deb nom berilgan aksiyada, mamlakat bo‘ylab, o‘n minglab odam qatnashgani xabar qilinmoqda.

Minskdagi marshga 60 mingga yaqin odam yig‘ildi

16 avgust kuni Belarus bo‘ylab, minglab namoyishchilar kolonnasi "Milliy erkinlik marshi"da ishtirok etdi.

Bir necha yirik shaharlarda namoyishchilar kolonnasi "Yashasin Belarus!", "Ket!" kabi shiorlarni ko‘tarib tinch norozilik marshini o‘tkazdi.

Namoyishchilar 9 avgust kuni o‘tkazilgan saylov natijalarini bekor qilib, yangi Markaziy saylov komissiyasi nazoratida qaytadan saylov o‘tkazishni hamda barcha siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqarishni talab qilmoqda.

Minskda namoyishchilar Mustaqillik prospekti bo‘ylab yurib, bosh maydongacha bordi.

Ozodlik muxbirlariga ko‘ra, poytaxtdagi marshda 60 mingga yaqin odam ishtirok etgan.

Quyida ushbu marshdan olib ko‘rsatilgan jonli yoyinni ko‘rishingiz mumkin:

Lukashenko: Men hayotman va hayotda qolaman!

Prezident Aleksandr Lukashenko 16 avgust kuni Minskdagi bosh maydonga yig‘ilgan tarafdorlari rallisida qatnashib, otashin nutq so‘zladi.

Maydonga 50 mingga yaqin tarafdori yig‘ilganini ta’kidlagan Lukashenko, bu aksiya mamlakatda kim xo‘jayinligini ko‘rsatdi, dedi:

"Saylov bo‘lib o‘tdi - soxtalashtirish (saylov natijalarini - tahr.) 80 foizdan ortiq bo‘lishi mumkin emas".

"Hayotimda ilk bor qarshingda tiz cho‘kyapman, bunga munosibsan!"

"Men hayotman va hayotda qolaman!" dedi Lukashenko o‘z tarafdorlariga qarata.

Tarafdorlar: "Otamiz uchun!", "Xalq tanlovini hurmat qiling!"

Muxbirlar 16 avgust kuni ertalabdan, hukumatni qo‘llovchilar guruhi maxsus avtobuslarda bosh maydonga keltirila boshlaganini xabar qildi.

Ozodlik muxbirlarining Minskdan xabar qilishicha, maydonda 10 mingga yaqin odam yig‘ilgan.

Ularning qo‘llarida "Otamiz uchun!", "Xalq tanlovini hurmat qiling!", "Biz mamlakat mustaqilligi tarafdorimiz!" kabi shiorlar ko‘rindi.

Hukumat tarafdorlari ko‘targan bayroqlar, 16 avgust, 2020
Hukumat tarafdorlari ko‘targan bayroqlar, 16 avgust, 2020

Mustaqil tut.by nashrining xabar qilishicha, davlat ishchilariga rallida qatnashish buyurilgan.

Hukumat namoyishiga olib kelingan davlat tashkilotlari ishchilari, 16 avgust, 2020
Hukumat namoyishiga olib kelingan davlat tashkilotlari ishchilari, 16 avgust, 2020

16 avgust kuni - hukumat tarafdorlari rallisidan keyin - Minskda o‘tishi belgilangan "Milliy erkinlik marshi"ga ham minglab odam yig‘ildi.

26 yillik rahbar Aleksandr Lukashenkoning qayta saylanganidan norozilar mamlakatning boshqa viloyatlarida ham marsh bo‘ldi.

Quyida «Nastoyashchee vremya» telekanali muxbirlari Minskdan uzatayotgan jonli dasturni tomosha qilishingiz mumkin:

Gomelda namoyishning 2-qurboni dafn etildi

16 avgust kuni Gomelda namoyishda qo‘lga olinganidan so‘ng nobud bo‘lgan Aleksandr Vixor dafn etildi.

Uning uyi oldiga ko‘plab odam yig‘ildi, ostonasiga gullar qo‘yishdi.

Vixor 9 avgust kuni qo‘lga olingan, 12 avgust kuni esa uning vafot etgani oilasiga bildirilgan edi.

Aleksandr Vixorning dafn marosimiga yig‘ilganlar, 16 avgust, 2020
Aleksandr Vixorning dafn marosimiga yig‘ilganlar, 16 avgust, 2020

Ozodlik muxbirlarining xabar qilishicha, Gomelda Vixorning dafn marosimiga yig‘ilganlar, marosimdan so‘ng, "Milliy erkinlik marshi"ni boshlagan.

Namoyishning 1-qurboni 15 avgust kuni dafn etildi

15 avgust kuni namoyishlarda nobud bo‘lgan yana bir namoyishchi - 34 yoshli Aleksandr Traykovskiyni xotirlaganlar Minskda yig‘ilgan va u o‘lgan joyga gullar qo‘yishgandi.

Traykovskiy 10 avgust kuni Minskning Pushkin metrosi yaqinidagi maydonda norozilik namoyishi payti xavfsizlik kuchlari bilan ro‘y bergan to‘qnashuvda halok bo‘lgan.

Rasmiylar Traykovskiy politsiyaga qarata otmoqchi bo‘lgan granata qo‘lida portlab ketgani uchun halok bo‘lganini iddao qilishdi. Ammo hodisa aks etgan videodan Traykovskiyni politsiya otib o‘ldirgani ma’lum bo‘ldi.

Videoda Traykovskiy qonga belanib, qiynalib yurayotganini va oradan ko‘p o‘tmay qulab tushganini ko‘rish mumkin.

Traykovskiy 15 avgust kuni dafn etildi.

Saylov jarayoni norozilik namoyishlariga ulandi

9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovda amaldagi prezident Lukashenko 80,1 foiz ovoz to‘plagani, uning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya esa atigi 10,1 foiz ovoz olgani e’lon qilindi.

Saylov ortidan Litvaga qochishga majbur bo‘lgan Tixanovskaya o‘z tarafdorlarini 15-16 avgust kunlari tinch namoyishlar o‘tkazishga chaqirgan.

Mamlakatni 1994 yildan beri boshqarayotgan Lukashenkoning prezidentlik saylovida g‘olib chiqqani e’lon qilinganidan keyin boshlanib ketgan norozilik namoyishlarida qatnashgan 7 mingga yaqin odam hibsga olindi, 2 kishi nobud bo‘ldi.

Politsiya ayovsiz kuch qo‘lladi

Belarus politsiyasi namoyishchilarni ayovsiz kaltakladi, ayrim holatlarda namoyishchilarga o‘qotar quroldan o‘t ochildi.

Natijada, yuzlab namoyishchi jarohatlandi, kamida ikki kishi nobud bo‘ldi. Qo‘yib yuborilgan yuzlab namoyishchi politsiya ularni ayovsiz kaltaklaganini so‘zlab berdi.

Belarus hukumatiga xalqaro bosim kuchayar ekan, yuzlab namoyishchi hanuz qamoqda ushlab turilibdi.

Dunyo yetakchilari muloqotga chaqirdi

15 avgust kuni AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Lukashenkoni «fuqaroviy jamiyat bilan muloqot qilishga» chorladi.

Shu kuni Estoniya, Latviya va Litva bosh vazirlari qo‘shma bildiruv e’lon qilib, Belarusni «adolatli va ochiq» saylov o‘tkazishga, zo‘ravonlikni to‘xtatishga hamda siyosiy mahbuslar va qo‘lga olingan namoyishchilarni ozodlikka chiqarishga chorladi.

14 avgust kuni Yevropa Ittifoqi Belarusda zo‘ravonliklar hamda saylov natijalari soxtalashtirilishiga mas’ul shaxslarga qarshi sanksiya joriy qilishga qaror qildi.YeI tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrel Minsk rasmiylarini namoyishchilarga qarshi keskin choralarni to‘xtatishga hamda inson huquqlari va demokratik prinsiplarni hurmat qilishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG