Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:59

30 kishilik to‘yga ruxsat berilishi ortidan bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar FHDYo oldida navbatga tizildi (VIDEO)


O‘zbekistonda 15 avgustdan yana o‘ttiz kishilik to‘ylarga ruxsat berildi.
O‘zbekistonda 15 avgustdan yana o‘ttiz kishilik to‘ylarga ruxsat berildi.

O‘zbekistonda 15 avgustdan karantin choralari yumshatilib, o‘ttiz kishilik to‘ylarga ruxsat berilishi ortidan mamlakatning nikoh qayd etiladigan aksar FHDYo (Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish) bo‘limlari oldida navbatlar yuzaga keldi.

Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani FHDYo bo‘limiga ariza topshirish uchun borgan bo‘lg‘usi kuyovlardan biri Ozodlikka 18 avgust kuni 112-bo‘lib navbatga yozilgani, bir kun o‘tib ham navbati kelmaganini aytdi.

Nikohni qayd etish uchun arizani onlayn topshirish mumkinligini aytgan FHDYo bo‘limi xodimlari yoshlarni pandemiya paytida o‘zi va boshqalar hayotini xatarga qo‘yib bo‘limlar oldida to‘planmaslikka chaqirmoqda.

O‘zbekiston Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi rasmiylari ham karantin yumshatilganiga qaramay aholiga ijtimoiy masofa saqlash, jamoat joylarida bir joyga to‘planmaslik talablariga qat’iy amal qilishni eslatib kelmoqda.

To‘yga taraddud

Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani FHDYo bo‘limi oldida o‘nlab odam navbat kutmoqda.

18 avgust kungi bu manzarani videoga tushirib Ozodlikka yuborgan samarqandlik yigit:

“Qarang, soat 9 dan o‘tdi, ammo hali ochilmadi. Karantin qoidalariga ham rioya qilinmayapti”, deydi.

Қўшработ тумани ФҲДЁ бўлими олдида навбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:24 0:00
Бевосита линк

Ozodlikka kelgan videolarda O‘zbekistonning boshqa FHDYo bo‘limlari oldidagi ahvolning ham ayni ekani ko‘riladi.

Samarqandning Kattaqo‘rg‘on tumanidan yo‘llangan videoda tuman FHDYo bo‘limi eshigi oldida o‘nlab odam ijtimoiy masofani saqlamagan holda to‘planib turganini ko‘rish mumkin.

Каттақўрғон тумани ФҲДЁ бўлими олдида навбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:13 0:00

- Hammayoq koronavirus bo‘lib yotgan bir paytda¸ bular bir joyga to‘planishyapti. FHDYo nikoh arizalarini qabul qilishni tartibli tashkillashtirsa bo‘lmaydimi? deydi FHDYo bo‘limi oldida turgan kattaqo‘rg‘onlik yigit.

Boshqa viloyatlar va Toshkent shahridagi bir qancha FHDYo bo‘limlari xodimlari bilan 19 avgust kungi suhbatdan¸rasmiy nikohdan o‘tish uchun ariza topshiruvchilar sonining keskin ko‘paygani ma’lum bo‘ldi.

Toshkentning Uchtepa tumani FHDYo bo‘limi xodimasi Ozodlik bilan suhbatda 19 avgust kuni tushgacha ellikka yaqin nikoh arizasi tushganini aytdi.

- 15 avgustdan o‘ttiz kishilik to‘ylarga ruxsat berilganiga odam ko‘payib ketdi. Bugun tushgacha elliktaga yaqin ariza tushdi. Bu juda ko‘p. Odatda kuniga beshta, ko‘p bo‘lsa o‘nta bo‘lardi.

Toshkentning Shayxontohur tumanidagi 3-son Nikoh uyi xodimasi Ozodlik bilan suhbatda nikohdan o‘tish haqidagi arizalarni onlayn tartibda yuborish imkoniyati borligini aytdi.

- Karantin davrida ham arizalarni qabul qilganmiz. Bu yerda to‘planib, bir-birovni xatarga qo‘yishning keragi yo‘q. Odamlarning to‘planishi va turli xil navbat kutishlarning oldini olish uchun arizalarni onlayn tartibda yuborish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan. ​Adliya vazirligi saytida har bir shahar, tuman FHDYo bo‘limlariga arizalarni onlayn topshirish yo‘l-yo‘riqlari bor. Shu yerga kirib arizalarni onlayn topshirishlari mumkin.

Ozodlik gaplashgan toshkentlik bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar onlayn topshirilgan arizalarni ko‘rib chiqishning uzoqqa cho‘zilayotgani bois¸ jonli navbatda turishga majbur bo‘lganini aytadi.

- Borib topshirmasangiz, onlayn topshirilgan arizalarga hech kim qaramaydi. Ular qarab chiqquncha yana kuchli karantin boshlanib, nikohsiz qolib ketish mumkin, - deydi Toshkentning Mirobod tumani FHDYo bo‘limiga ariza topshirishga borgan Humoyun ismli yigit.

O‘ttiz kishilik to‘ylar

Toshkentlik Ma’rufa opa o‘g‘lining aprel oyiga rejalangan nikoh to‘yining karantin sabab ikki marta qoldirilganini aytadi.

15 avgustdan 30 kishilik to‘ylarga ruxsat berilishi ortidan ular to‘y kunini 25 avgustga belgilagan.

- Aprelda karatin boshlanib, to‘yni kechiktirdik. O‘ttiz kishilik to‘y bo‘ladimi, karantin ochilsa ¸katta qilib qilamiz, deb kutdik. Iyun oyida to‘y qilamiz, deb turgandik, battar bo‘lib, yana kuchli karantin boshlandi. O‘ttiz kishilikka ham ruxsat bo‘lmadi. Yoshlar aynib qolmasin, deb ZAGSdan o‘tkazamiz, kelinni to‘ysiz olib kelib qo‘yamiz, degandik, ZAGS ga ariza topshirish cho‘zilib ketdi. Onlayn topshirsa¸ uzoq ko‘rib chiqar ekan. U yoqda kelin tomon to‘ysiz qizimizni bermaymiz, deb turib oldi. Nihoyat ¸ mana 15 avgustdan karantin yumshadi. Yana karantin yopilib qolmasin, deb shartta to‘yni 25 avgustga belgiladik. Shu kunga ZAGSini ham kelishdik, o‘ttiz kishilik to‘y qilamiz.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishini jilovlash bo‘yicha hukumat komissiyasi qaroriga muvofiq, 15 avgustdan to‘y, ma’raka va marosimlarni cheklangan tartibda o‘tkazishga ruxsat berildi.

Ayni paytda¸ to‘yxonalar yopiq qoladi, tadbirlarni uyda, ko‘pi bilan 30 kishi – faqat yaqin qarindoshlar va shu mahalla hududida yashovchi qo‘shnilar bilan o‘tkazish mumkin.

Marufa opa O‘zbekiston sharoitida to‘ylarni hukumat belgilagan cheklovlar bilan qilishning mushkul ekanini aytadi:

- Masalan ¸mening to‘rtta akam, bitta singlim bor. Ularning ayollari, erlari, bolalari bor. Turmush o‘rtog‘imda ham shuncha. Endi amma, tog‘a, xola, pochchalarni ham qo‘shib hisoblasak ¸ o‘ttizdan oshadi. Quda tarafda ham shuncha. Kelin-kuyovlarning jo‘ralari, dugonalari ham bor. Hisoblayverasiz. Aytmasangiz bo‘lmaydi.

Bunday vaziyatda¸ aytilishicha¸ o‘zbekistonliklar 30 kishilik ziyofatni¸ to‘y kuni bir emas¸ bir necha marta yozib¸ jami mehmonlar sonini yuzdan oshirishga jazm qilmoqda.

"Karantin yumshatildi, degani u bekor bo‘ldi, degani emas!"

O‘zbekiston Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi rasmiylari karantin yumshatilganiga qaramay aholini gigiyena qoidalarini bajarish, jamoat joylarida ijtimoiy masofani saqlash, niqob taqib yurish, bir joyga to‘planmaslik talablariga qat’iy amal qilish haqida ogohlantirmoqda.

Agentlikning Ozodlik suhbatlashgan xodimi ushbu qoidalarga amal qilmaslik kasallikning qayta avj olishi va natijada qattiq karantin choralari takroran kuchga kiritilishiga olib kelishi mumkinligini aytdi.

- Karantin yumshatildi, degani u bekor bo‘ldi, degani emas. Hukumat komissiyasi qarorida 15 avgustdan nimalarga ruxsat berilgani aniq yozilgan. To‘y va ma’rakalar o‘ttiz kishidan oshmagan holda mahalla rahbarlarining kuchli nazorati ostida o‘tkazilishi aytilgan. Odamlar qattiq karantin choralari takroran kuchga kiritilishini xohlashmasa¸ shunga amal qilishsin.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 19 avgust holatiga ko‘ra¸ mamlakatda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 36 760 nafarga, o‘lganlar soni 254 nafarga yetganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston kasalxonalaridagi vaziyatni ko‘rgan mutaxassislar esa mamlakatda koronavirusni yuqtirganlar sonining rasmiy statistikadan ancha ko‘p ekanini aytmoqda.

XS
SM
MD
LG