Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 06:27

O‘zbekistonga bir oyda $5200 yuborgan ayol "terrorchilikni moliyalashtirish"da gumonlanib¸ kartasi bloklandi


Sberbank Rossiyaning eng yirik banki hisoblanadi.

Ukasi va o‘zi Rossiyada ikki yil ishlab to‘plagan pulni Sberbank orqali O‘zbekistonga yuborgan muhojir ayol hisob raqami “terrorchilikni moliyalashtirishda” gumonlanib bloklab qo‘yildi.

Qo‘qonlik ayol 2020 yilning iyul oyi davomida jami 5200 AQSh dollarini O‘zbekistonga yuborishi ortidan Rossiyada 2001 yildan beri amalda bo‘lib kelayotgan qonunga ko‘ra¸ "qora ro‘yxat"ga tushdi.

Ozodlik bog‘langan Sberbank mulozimlari¸ o‘zbek muhojiri bank kartasining qonunga asosan bloklangani¸ u 7 kun ichida daromadi manbasi qonuniyligini tasdiqlasa¸ qayta ochilishini bildirdi.

"Ma’lumotnoma bermaganingiz uchun kartangiz bloklandi"

Qo‘qonlik 30 yashar Shahnoza M. 2018 yilning o‘rtalaridan beri Moskvada farroshlik qilib keladi.

Rossiya poytaxtidagi ofis markazlaridan birida pol yuvish barobarida Shahnoza qo‘shimcha pul topish uchun tibbiyot klinikasi va o‘zi yashayotgan uy podyezdini ham yuvadi.

Yashash kun sayin qimmatlab borayotgan Moskvada bu ayol vaqti-vaqti bilan birovlarning uyida xizmatchilik qiladi, chiqindiga tashlangan temir-tersak va qog‘ozlarni jamlab, punktga topshirish bilan ham pul topadi.

Shahnozaning Ozodlikka aytishicha¸ 14 avgust kuni bor jamg‘armasi qo‘yilgan Sberbank kartasi bloklangani to‘g‘risida kelgan xabardan hayratga tushgan.

Sberbankdan kelgan SMS xabar
Sberbankdan kelgan SMS xabar

Sberbank ofisiga qilgan murojaatiga javoban unga quyidagi SMS-xat kelgan.

“Sizning 15.08.2020 yilgi murojaatingiz ko‘rib chiqildi. Sizning ....raqamli bank kartangiz xizmati to‘xtatildi. Bankimiz 14.08.2020 yilda sodir etilgan barcha bank amaliyotlari yuzasidan sizdan ma’lumotnoma taqdim etishni so‘ragan. Talab qilingan hujjatlar taqdim etilmadi¸ shuning uchun kartani blokdan chiqarish uchun bankda hozircha asos yo‘q”.

Keyinroq bankdan berilgan rasmiy xatda Shahnozaning “Jinoiy yo‘llar bilan olingan daromadni (pul yuvish) legallashtirish va terrorchilikni moliyalashtirishga qarshi amaliyotlar to‘g‘risida”gi Rossiya 115-Federal qonunining 7-bandi asosida noqonuniy faoliyatda ayblanayotgani bildirilgan.

Bu xatda bank xodimlari farrosh ayoldan 7 kun ichida “pul mablag‘larining kelib chiqishi manbai to‘g‘risida ma’lumotnoma” yoki ish joyidan 2-NDFL hujjatini taqdim etishni so‘ragan. Shuningdek, Sberbank o‘zbekistonlik ayoldan jismoniy shaxslar hisob raqamlari va kartalariga o‘tkazayotgan mablag‘lar borasida tushuntirish berishni so‘ragan.

Talab qilingan ma’lumotlar taqdim etilmagan taqdirda¸ Shahnoza bank hisobi va unga bog‘langan kartasining to‘liq bloklanishidan ogohlantirilgan.

Ozodlik bilan suhbatda Shahnoza o‘ziga qo‘yilayotgan ayblov mazmun-mohiyati nimadaligini tushunmayotganini aytadi:

- Men Moskvada 2018 yildan beri ofitsialno ishlamayman - 2 joyda ishlayman, yana bir joyda kvartira uborka qilaman. O‘tgan oyda shu ikki yil yig‘ib yurgan pulimni Sberbankdan birdaniga chiqarvordim. Bular esa 14 avgustda blok qilib qo‘yishdi kartamni. Keyin SMS keldi - 115 Qonun, “terrorizm”, deb. O‘sha SMSni bosdim - qanaqadir rus yuristiga tushdim, u ham tasdiqladi. O‘ylab qarasam - ukamni pullarini chiqargandim. Ularga hamma pul chiqarganlar terrorchi bo‘laveradimi?

Sberbankning Shahnozaga yo‘llagan rasmiy javobi.
Sberbankning Shahnozaga yo‘llagan rasmiy javobi.

Shahnoza Rossiyada oylik patent to‘lovlarini o‘z vaqtida ham to‘lab borishi¸ ammo o‘zi kabi farroshlarning ish joyida rasmiylashtirilmasdan¸ naqd pulga ishlashi bois¸ bank so‘rayotgan daromad manbai haqidagi ma’lumotnomani taqdim eta olmasligini aytadi.

- Men patentlarimni qonun doirasida to‘lab boraman. Bankka so‘rab borsam meni mensimasdan qabul qilishdi. “Hamma ishlagan shunaqami?”, desam, “Buncha pul onlayn jo‘natish mumkinmas - ko‘pi bilan oyida 1 000 dollar jo‘natish mumkin!”, dedi. Chegaradan chiqib ketayotganimda problema bo‘lar ekan menga, deyishdi.

Qo‘qonlik muhojir ayol o‘zining beva va farzandsiz ekani, qaramog‘ida kasal onasi borligini qo‘shimcha qildi.

Shahnoza O‘zbekistonda uy-joyi yo‘qligi tufayli yer sotib olish va uy qurish orzusida yurganini aytdi.

"115 Federal qonun pul o‘tkazmalarini nazorat qiladi"

Ozodlik muxbiri bog‘langan Sberbank axborot markazi xodimi, banklarning 115-federal qonun asosida mijozlar kartasi faoliyatini to‘xtatib qo‘yishga haqli ekanini bildirdi.

115- Federal qonun mazmun-mohiyati.
115- Federal qonun mazmun-mohiyati.

Shahnoza misoliga izoh bergan bank mulozimi¸ muhojir ayol pul mablag‘larining nima maqsadda jo‘natilgani;​ qarz olingan bo‘lsa, qarz pullarni qaytarish qaysi mablag‘ evaziga amalga oshirilishini tasdiqlovchi hujjat va ​daromad manbaini tasdiqlovchi ma’lumotnomani taqdim etgan taqdirda¸ hisob raqamining qayta ochilishini bildirdi.

- Sberbank mijozlariga O‘zbekistonga o‘tkazma qilish uchun faqat bir sutkalik cheklov mavjud - 100 ming rubl yoki shunga mos valyuta miqdoridan oshmasligi kerak. Boshqa cheklov mavjud emas! Agarda o‘tkazmalar kartaga bo‘lgan bo‘lsa- cheklov bor.

Ayrim hollarda kartani bloklash bank emas, Soliq qo‘mitasi yoki boshqa tuzilma tashabbusi ham bo‘lishi mumkin. Ko‘p pul o‘tkazilgan bo‘lsa¸bu tizimlar uni “shubhali”lar qatoriga qo‘shishi va hujjat talab qilishi mumkin. Agar karta egasi birdan katta summani o‘tkazgan bo‘lsa¸ shunday bo‘lishi mumkin, 115-Federal qonun doirasida. Agarda mijoz NDFL ma’lumotlarini berolmasa - unda bevosita bosh ofisga pasport bilan murojaat qilishi va tushuntirishi kerak, dedi bank mutaxassisi.

Rossiyada 115-Federal qonunga (2001 yilda qabul qilingan ) 2020 yilning iyul oyida prezident Vladimir Putin tashabbusi bilan qo‘shimchalar kiritilgani ortidan mamlakatdagi barcha pul o‘tkazmalari 2021 yildan yanada qattiqroq nazorat ostiga olinishi belgilandi.

XS
SM
MD
LG