Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:55

Berlin shifoxonasiga yotqizilgan Navalniyning ahvoli barqaror ekanligi aytilmoqda


22 avgust kuni Aleksey Navalniy Rossiyaning Omsk shahridan maxsus uchoqda Berlindagi "Sharite" shifoxonasiga olib kelindi.
22 avgust kuni Aleksey Navalniy Rossiyaning Omsk shahridan maxsus uchoqda Berlindagi "Sharite" shifoxonasiga olib kelindi.

Uch kundan beri komada qolayotgan Rossiya muxolifati yetakchisi, prezident Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniy 22 avgust kuni maxsus uchoqda Rossiyaning Omsk shahridan Germaniya poytaxti Berlinga olib kelindi.

Navalniy The Cinema for Peace (Tinchlik uchun kino) jamg‘armasi asoschisi, kinorejissyor Yaka Bizil tomonidan yuborilgan maxsus tibbiy uchoqda keltirildi.

Bizil parvoz davomida hamda Berlinga yetib borganida Navalniyning ahvoli barqaror bo‘lganini aytdi.

Navalniy Berlindagi «Sharite» shifoxonasiga yotqizildi. Shifoxona rus muxolifatchisi ahvoli haqida hali bildiruv e’lon qilgani yo‘q.

Navalniyning matbuot kotibasi Kira Yarmish Twitterda «Alekseyni olib uchgan uchoq Berlinda qo‘ndi», deb yozdi.

Alekseyning rafiqasi Yuliya Navalnaya ham u bilan samolyotda birga uchgan.

Rossiyalik vrachlar Navalniyning ahvoli transportirovka qilishga yaramaydi, degan iddao bilan muxolifatchining Germaniyaga olib ketilishiga ruxsat bermayotgan edi.

Yarmish Navalniyning ahvoli aslida uni transportirovka qilishga hech nima to‘sqinlik qilmaganini ko‘rsatishini aytdi.

20 avgust kuni ertalab Tomskdan Moskvaga uchayotgan paytda Navalniyning ahvoli to‘satdan yomonlashgani ortidan samolyot Omsk aeroportiga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi.

21 avgust kuni Omsk kasalxonasi xodimi Anatoliy Kalinichenko kasalxonaning toksikologiya bo‘limida behush qolayotgan Navalniyning ahvoli barqarorlashganini va endilikda uni boshqa yerga olib ketish mumkinligini aytdi.

Avvalroq Navalniyning rafiqasi uni Germaniyaga zudlik bilan davolashga olib ketish uchun ruxsat berilishini so‘rab, prezident Putinga murojaat qilgan edi.

Kreml Navalniy Germaniyaga olib ketilishiga boshida izn berilmaganiga shifokorlar tavsiyasi sabab bo‘lganini bildirdi.

Ammo Navalniy tarafdorlari uni tanasidagi zahar izlarini yo‘q qilish maqsadida ushlab turishganini aytmoqdalar.

Avvalroq Germaniya kantsleri Angela Merkel va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘z hukumatlari Navalniy va oilasiga tibbiy yordam, boshpana va himoya berishga tayyorligini bildirishgan edi.

Hozircha Navalniyga rasmiy tashxis qo‘yilgani yo‘q. Ammo uning sheriklari muxolifatchi siyosiy faoliyati uchun zaharlanganini aytmoqda.

Yarmishga ko‘ra, Navalniyning yonida bo‘lganlar uning Tomsk aeroportida ichgan choydan zaharlanganini taxmin qilmoqda.

«TASS» agentligining xabar berishicha, Omskdagi 1-sonli shifoxona bosh shifokori Aleksandr Muraxovskiy Navalniyning hozirgi ahvoli organizmida uglevodlar metabolizmi bilan bog‘liq ekanligini aytgan.

- Bizda dastlabki diagnozlar bor. … Ularning eng asosiysi – metabolizm xastaligidir, - degan Muraxovskiy.

Yevropa Ittifoqi Navalniy komaga tushib qolishiga nima sabab bo‘lganini tez suratda tergov qilishga chorlamoqda.

Ittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha matbuot kotibasi Nabila Massrali:

- Biz tezkor, mustaqil va shaffof tergov o‘tkazilishni kutamiz. Shubhalar tasdiqlansa, aybdorlar javobgarlikka tortilishi lozim, - dedi.

Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Robert O’Brayen Navalniy zaharlangani haqidagi taxminlar xavotirli ekanligini va bu holat Rossiya va AQSh munosabatlariga ta’sir ko‘rsatishini aytdi.

- U judayam jasur shaxs. Putinga Rossiya ichida qarshi chiqa olgan jasur siyosatchi, - dedi O’Brayen Navalniy haqida.

Rossiyada chuqur ildiz otgan korrupsiyani fosh qilib kelayotgan Navalniy bundan oldin ham hujumga uchragan. 2017 yilda Sibirdagi Barnaul shahriga safari davomida noma’lum shaxs uning betiga ko‘kdori sepib yubordi. Natijada Navalniyning ko‘rish qobiliyatiga ziyon etdi. 2019 yilda esa rasman ruxsat berilmagan norozilik namoyishiga yetakchilik qilgani uchun yana hibsga olingan Navalniy «jiddiy allergik reaksiya» bilan shifoxonaga yotqizildi.

Navalniy asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi yuridik bo‘limi yetakchisi Vyacheslav Gimadi Twitterda «Navalniy siyosiy pozitsiyasi va faoliyati uchun zaharlanganiga shubha yo‘q», deb yozdi.

XS
SM
MD
LG