Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:58

Ota-onalarga onlayn maktab taklif qilinmoqda. Ta’lim xodimlari bunda o‘quvchi mutlaq nazoratsiz qolishini tan olmoqda (VIDEO)


Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Telegram tarmog‘i orqali 1 millionga yaqin foydalanuvchi qatnashgan so‘rovda ota-onalarning 70 foizi bolalarni uyidan onlayn o‘qitish niyatini bildirganini ma’lum qildi.

Vazirlikning hududlardagi boshqarmalari va o‘qituvchilar, onlayn darslarni hozircha televideniye va Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali olib borish rejalanayotgani, ammo har ikki holatda ham o‘quvchilarning olayotgan bilimini nazorat qilish mexanizmi hanuz yo‘qligini tan oldi.

Ta’lim xodimlari bu jarayondagi asosiy jihat – o‘quvchilarni Internet aloqasi, planshet yoki kompyuter bilan ta’minlash muammosi hozircha mutlaqo ochiq qolayotganini aytmoqda.

O‘zbekistondagi 9942 ta maktabning qariyb 72,75 foizi (7233 ta maktab) qishloqda joylashgan, qishloq joylarda esa Internet aloqasi zaif, ba’zi hududlarda mutlaqo yo‘q. Internet aloqasi bor joylarda ham, ayrim oilalar uchun u qimmatlik qiladi.

Vazir: 70 foiz ota-ona onlayn maktab tarafdori

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 25 avgust kuni o‘zbekistonlik ota-onalarga murojaatini e’lon qildi.

Vazirning Telegram kanalida e’lon qilingan murojaatda, vazirlik tomonidan ushbu ijtimoiy tarmoqda o‘tkazilgan so‘rovda qatnashgan 1 millionga yaqin ota-onaning qariyb 70 foizi farzandini uyidan turib, onlayn o‘qitish tarafdori ekanini bildirgani aytildi.

Vazirga ko‘ra, bu yil sentabrda umumta’lim maktablaridagi o‘qishga 3 ta ssenariy asosida hozirlik ko‘rilgan:

1) an’anaviy maktabni ochish,

2) onlayn maktab orqali o‘qitish

3) aralash (gibrid) ssenariy – ham an’anaviy, ham onlayn.

Vazir so‘rov hanuz davom etayotganini bildirdi va ota-onalarni unda faol qatnashishga chorladi.

Vazirlikning bir necha viloyatdagi hududiy bo‘limlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, yuqoridagi 3 ta ssenariyga ota-onalar fikrini o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatma ularga 25 avgust kuni tarqatilgan.

Ammo, aksar bo‘limlar xodimlari ota-onalarga taklif qilinayotgan ikki yangi usul – onlayn ta’lim yoki aralash – bir vaqtning o‘zida ham an’anaviy, ham onlayn ta’limga hanuz tayyor emasliklarini tan olmoqda.

Toshkentdagi maktablar onlayn ta’limga ozmi-ko‘pmi tayyor

Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, onlayn ta’limga maktablar ozmi-ko‘pmi tayyor:

“Bahorda onlayn darslar o‘tdik. Masalan, Telegramda maktab o‘qituvchilarini alohida kanallari bor, sinflarimizning alohida kanallarini ochdik. O‘qituvchining o‘zi videodarsini yozib olib, kanalda tarqatadi. O‘quvchilar esa uyida o‘rganib, uy vazifasini videoga oladi yoki rasmga tushirib, o‘qituvchisiga qaytaradi. Lekin, videojavob majburiymas, chunki hammaning sharoiti har xil, kimda Internet bor, kimda yo‘q. Kimda kompyuter yo‘q, telefon faqat ota-onasida, masalan. Keyin Telegram testlarimiz bor. Yuqori sinflar masalan, Zoom dasturi orqaliyam onlayn darslar o‘tishdi bahorda. Endi bu hali jarayon, ish ko‘p”.

Bu rahbar vazirlik doirasida, masofaviy ta’limdagi asosiy e’tibor teledarslarga ham qaratilayotganini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekistonda shu yilning 16 martida koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlanishi ortidan barcha maktablar yopilgan, 30 martdan esa masofaviy ta’lim boshlangan edi.

Quyida o‘sha kezda matematika fanidan berilgan teledarsni tomosha qilishingiz mumkin:

Maktablar ikki yangi usul – onlayn yoki aralash ta’limga tayyor emas

Toshkentdagi maktab direktoriga ko‘ra, aralash ta’limni tashkil qilish bo‘yicha hozircha vazirlikdan aniq ko‘rsatma kelganicha yo‘q:

“Bugun-erta yig‘ilish o‘tkazilib, ikkinchi va uchinchi ssenariy bo‘yicha maktablarga ustanovka berilishi aytilgan. Shaxsan men, tasavvur qilib turibman, ustanovka qanaqa bo‘lishini – Internet orqali videodars o‘tiladi. Lekin uni qanday bajaramiz, ham kunduzi dars berib, keyin videodars yozishga o‘qituvchilarni qanday yetkazamiz, juda boshim qotgan. Mayli, o‘qituvchilar qo‘shimcha ishlasin ham, lekin ota-onalar bolalariga kompyuter, planshet, Internet aloqasini ta’minlab beroladimi? Ta’minlasin ham deylik, o‘tirib bolasi bilan birga dars qiladimi – bunisi noma’lum”.

Viloyatlar teledars va Telegramdarslarga hozirlanmoqda

Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Xalq ta’limi boshqarmalaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, ota-onalar fikrini o‘rganish bo‘yicha ko‘rsatma 25 avgust kuni berilgan.

“So‘rov o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma bugun keldi. Xabaringiz bor, bu haqda gap o‘zi kechadan boshlandi. Ma’naviyatchilarimiz so‘rov o‘tkazish bo‘yicha bugun majlisga kirib ketishgan. Hali chiqishganda ma’lum bo‘ladi. Onlayn darslarni ko‘proq Telegram orqali o‘tkazish masalasi ko‘rilyapti menimcha”, dedi Sirdaryo viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi xodimi. Bu xodim qo‘shimcha ma’lumot olish uchun tavsiya qilgan vakil bilan esa bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Shuningdek, Farg‘ona, Namangan viloyati boshqarmalaridan ham kelgusi bir necha kun ichida so‘rov o‘tkazib, uning natijasi bo‘yicha 31 avgustgacha vazirlikka hisobot berish vazifasi topshirilgani haqida ma’lumot olindi.

Qoraqalpog‘iston Xalq ta’limi vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra esa, bu respublikada asosiy e’tibor teledarslarga qaratilmoqda, chunki aksar qishloq hududlarida Internet tezligi sekin va aloqa zaif.

“Hozir vazirlikdan maxsus gruppa ishlayapti teledarslar bo‘yicha. Endi chekka hududlarda Internet aloqasi juda past, bilasiz. Teledars bo‘lsa, hamma o‘quvchini qamrab olish mumkin. Hamma chekka qishloq, ovullarda muammo bo‘lmaydi. Lekin, Telegram yokin Internet orqali bo‘lsa muammo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, hozir so‘rov o‘tkazilyaptida– Internet aloqasi bo‘lmagan joylarda yashaydiganlar yoki Internetni ta’minlab berolmaydiganlar bolasini maktabga yuborishi mumkin, Internet aloqasi borlar onlayn darsni tanlashi mumkin”, dedi vazirlikning onlayn ta’limni tashkil qilish ishlari mas’ul mulozimi, deb taqdim qilingan rasmiysi.

O‘quvchi olayotgan onlayn ta’lim sifati bo‘yicha nazorat mexanizmi hanuz yo‘q

Xalq ta’limi vazirligi hududiy bo‘limlari va maktablar o‘qituvchilari ularga ota-onalarga taklif qilinayotgan yangi 2 ta usuldagi ta’lim jarayonida o‘quvchilar olayotgan bilim sifatini masofadan turib nazorat qilish mexanizmi bo‘yicha ularga hozircha biror ko‘rsatma berilmaganini aytmoqdalar.

Jumladan, Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi vazirligi xodimiga ko‘ra, o‘qituvchilar Internet tizimi orqali o‘quvchilardan uyga vazifalarni qabul qilishi yoki ularga onlayn test savollarini yo‘llashi mumkin.

Ammo, Internet aloqasi bo‘lmagan hududlarda o‘quvchi bilimi nazorati mutlaqo ota-onasiga zimmasida qolib ketmoqda.

“Onlayn dars vaqtida asosan ota-onalar nazorati ostida bo‘ladida o‘quvchilar. Undan keyin Telegram kanallarida uyga vazifalarni topshirsa bo‘ladi. O‘qituvchi testlarni yuborishi mumkin, bolasining bilimiga bee’tibor bo‘lmagan ota-onalar buni birga bajarib, qaytarib o‘qituvchiga yuborishi mumkin. Lekin, bu majburiy emas, ixtiyoriy. O‘qituvchi nazorati endi baribir onlayn dars vaqtida qiyinroq bo‘ladi”, dedi vazirlik rasmiysi.

Uyida bolalari bilan dars qilayotgan oila yo‘llagan video:

Tarmoqlarda vazirlik taklifi bahslarga sabab bo‘lmoqda

Xalq ta’limi vazirining 25 avgust kungi murojaatidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda ota-onalar va o‘qituvchilarning qizg‘in bahslari boshlanib ketdi.

Jumladan, taniqli bloger Shahnoza Soatova qaysi ta’lim tizimini tanlashga qaror berolmayotgani haqidagi postini Facebook tarmog‘idagi sahifasi va Telegram kanalida ulashdi:

"Juda og‘ir dilemma! An’anaviy tarzda o‘qish boshlansa, yangi o‘choqlar paydo bo‘ladi, bolalar virusning faol tashuvchilari sifatida kasallikni tarqatib tashlashadi, to‘ylaru ommaviy tadbirlarning bekor qilgani ham bir pul bo‘ladi. Yoshi katta o‘qituvchilar, keksa buviyu-bobolar ayniqsa riskda qoladi, yana kasalxonalar to‘ladi. Onlayn tarzda o‘qitish davom etsa, pandemiya yaqin orada tugamaydi, to‘rtinchi chorakdagi onlayn ta’lim tajribasidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam: bolalar uyda baribir yaxshi ta’lim ololmaydi. Internet va energiya uzilishlari bir tomon bo‘lsa, ikkinchi tomondan ishlaydigan ota-onalar kuni bo‘yi farzandining ta’lim olishini nazorat qilolmaydi...”

Blogerning Facebook tarmog‘idagi posti ostida sharh qoldirayotganlarning aksari ota-ona ekani, ular ham og‘ir dilemma qarshisida qolayotgani ko‘rindi:

“Menimcha, onlayn dars bo‘lgani yaxshi. chunki onlayn darsda ota-onalar mas’uliyatini oshirish mexanizmini qilish mumkin, bunda ota-onalar nima qilsalar ham o‘z farzandlarining ertangi kuni uchun qiladilar, kerak bo‘lsa qo‘shimcha pedagoglarni yollashlari mumkin, kerak bo‘lsa bola bilan ko‘proq shug‘ullanadilar. lekin virusni boshqarish iloji bo‘lmaydi. bolalar virus tashuvchi sifatida kasal tarqalishining asosiy o‘chog‘ini yaratib beradilar”, deb yozdi bir foydalanuvchi.

"Internet, elektroenergiya rasvo mamlakatda onlayn ta’lim haqida gap ham bo‘lishi mumkinmas!" deya fikr bildirdi yana bir foydalanuvchi.

“Fikrimcha, an’anaviy ta’limni boshlash kerak. Karantin qoidalarini birinchi planda o‘rgatib, ta’limni davom ettirish kerak. Hech kim, hatto bolalar ham uyida o‘tirgani yo‘q baribir. Ta’limdan uzilgan avlod ilm olishga dangasa bo‘lib qoladi. Hamma ota-ona ham sabr bilan bolasining ilm olishini nazorat qilolmaydi”, deya fikr qoldirdi yana bir Facebook foydalanuvchisi.

Maktablarning 72 foizi qishloq hududlarda

2019-2020 o‘quv yilida O‘zbekistonning barcha hududlarida 9942 ta maktab ishlaydi.

Xalq ta’limi vazirligi bergan statistikaga ko‘ra, bu maktablarning qariyb 72,75 foizi (7233 ta maktab) qishloq joylarida faoliyat yuritmoqda.

Bahorda maktablarda masofaviy ta’lim berildi

O‘zbekistonda shu yilning 16 martida koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlanishi ortidan barcha maktablar yopilgan, 30 martdan esa masofaviy ta’lim boshlangan edi.

O‘shandayoq 3 ta telekanal orqali o‘quvchilar uchun teledarslar yo‘lga qo‘yilgan va bu darslar YouTube tarmog‘iga joylab borilgan:

Toshkent va viloyatlar markazidagi yirik shaharlar, ayrim tuman markazlarida maktab, litsey va kollejlar Internet orqali onlayn o‘qitish tizimini ham yo‘lga qo‘ygani kuzatildi.

Ammo, o‘sha kezda ham, mamlakat bo‘ylab elektr taqchilligi va Internet aloqasi o‘ta nochor ekani bois, masofaviy ta’lim jarayoni tanqidga uchragan, ota-onalar yil yakunida talab qilingan imtihonlar paytida bolalari qiynalganidan shikoyat qilgan edi.

Quyida Ozodlikning masofaviy ta’lim haqida tayyorlagan jonli blogi bilan tanishishingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG