Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:02

OzodDayjest: “Koronavirusga chalingan Britaniya bosh vaziri oddiy shifoxonada davolandi, O‘zbekistonda esa...”


Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson koronavirusga chalinib, davolanib chiqqan davlat rahbarlaridan biri.
Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson koronavirusga chalinib, davolanib chiqqan davlat rahbarlaridan biri.

Davlat amaldorlarining hukumat shifoxonasida davolanishi salbiy baholandi. O‘zbekiston bo‘yicha qurilishi boshlangan maktablarning deyarli 90 foizida ish to‘xtab qolgan. Tanzila Norboyeva xalq manfaati borasida “inqilobiy” fikr bildirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

O‘zbekiston bo‘yicha qurilishi boshlangan maktablarning deyarli 90 foizida ish to‘xtab qolgan

“Milliy tiklanish” partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishida 2020 yilning yarim yili bo‘yicha davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobot muhokama qilindi (“Milliy tiklanish”, 26 avgust).

Yig‘ilishda ijtimoiy sohalar, jumladan, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim tizimi faoliyati bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, hududlarda qurilishi boshlangan maktablarning deyarli 90 foizida ish to‘xtab qolgan.

1919 ta umumta’lim maktabini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash uchun ajratilgan mablag‘ning 41 foizi sarflangan, xolos.

Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev mablag‘ ajratish masalasida muammo yo‘qligini ma’lum qilgan. Xalq ta’limi vazirligi vakili esa tender masalasida, ya’ni pudratchi tashkilotlarni tanlashda qiyinchiliklar yuzaga kelganini ta’kidladi. Deputatlar xalq ta’limi vakilining izohidan qoniqmagan.

“Joylarda uchta maktab o‘quvchilarini bitta maktabda o‘qitish holatlari ham uchrayapti. Bu o‘quvchilar xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarni ham keltirib chiqaryapti. Bolalarning katta yo‘ldan o‘tishida fojia bilan yakun topgan holatlar ham bor. Vaholanki, maktab qurilishini olti oyda bemalol tugatish mumkin. Demak, yuqoridagidek ko‘rsatkichlar xalq ta’limi tizimidagi ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganidan dalolat beradi”, - degan partiya raisi Alisher Qodirov.

Tanzila Norboyeva: “Tor doiradagi shaxslar manfaati xalq manfaatidan ustun bo‘lishi to‘g‘ri emas”

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva va moliya vaziri Timur Ishmetovning onlayn muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Senat matbuot xizmatiga tayanib bir qator nashrlar xabar berdi.

Suhbatda moliya vazirligi mas’ul bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati muhokama etilgan. Muloqot davomida hozirgi islohotlar davrida ko‘plab xarajatlar davlat yelkasiga – byudjetga tushayotgani, ayniqsa, pandemiya sababli xarajatlar miqdori ortgani qayd etildi.

Soliq to‘lashda ayrim korxonalarga yoki yirik tadbirkorlarga ko‘plab istisnolar, imtiyoz va preferensiyalar berilayotgani bozor erkinligiga, raqobat muhitiga, soliq tizimining shaffofligiga salbiy ta’sir qilayotgani tanqid qilindi.

Bunday imtiyozlar ko‘zda tutilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ekspertizadan o‘tkazish mexanizmini kuchaytirish zarurligiga urg‘u berildi.

Bu borada fikr yuritar ekan, Tanzila Norboyeva tor doiradagi shaxslarning manfaati xalq manfaatidan ustun bo‘lishi kerak emasligini alohida ta’kidladi.

“Judayam zo‘r. Inqilobiy so‘zlar hatto. Sarlavhadagi familiyaga qaralmasa, iqtidordagi emas, muxolifatdagi odam gapirayotgan so‘zlarga o‘xshaydi” , - deb holatni izohlagan bloger Otabek Bakirov.

Ayni choqda, bloger mamlakatning reytinglardagi o‘rnini yaxshilash emas, balki elitar o‘g‘rilik va siyosiy darajadagi korrupsiyani kamaytirish, mamlakatni qoloqlik yo‘lidan chiqarib erkin taraqqiyot tomon ildamlashishi muhim ekanini qayd etgan.

Mutaxassis: “Koronavirusga chalingan Britaniya bosh vaziri oddiy shifoxonada davolandi, O‘zbekistonda esa...”

Buyuk Britaniyadagi Lewisham University Hospital shifoxonasida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik shifokor Fazliddin Murodov ikki mamlakat sog‘liqni saqlash tizimidagi tafovutlarga to‘xtaldi (www.kun.uz, 25 avgust).

“Britaniya va O‘zbekiston tibbiyotida katta bir tafovut bor. Bizda “pravitelstvennaya bolnitsa” deyiladigan tibbiy maskanlar ishlab turibdi, men buni bir illat deb o‘ylayman. Sobiq ittifoqda hamma teng huquqli deb bong urgan holda davlat rahbarlariga, hukumatda ishlaydiganlarga alohida e’tibor ko‘rsatilgan, aholi esa oddiy sharoitlarda davolangan. Buyuk Britaniyada bunday emas, alohida kasalxonalar yo‘q, rahbarlar kasal bo‘lsa, oddiy kasalxonada davolanadi” , - deydi F. Murodov.

Bosh vazir Boris Jonson koronavirusga chalinganida ham oddiy shifoxonada davolandi. Buning o‘ziga xos jihati, rahbarlar ham bevosita vaziyat bilan tanishadi.

Qayd etilishicha, ikki mamlakat tibbiyot sohasida subordinatsiya boshqacha. Britaniyada tizim nafaqat bemorlarni tashxislab davolashni, balki kasallikka chalinmaslik choralarini ko‘rib boradi.

XS
SM
MD
LG