Линклар

Шошилинч хабар
24 сентябр 2020, Тошкент вақти: 16:38

OzodDayjest: Toshkentda milliardlab mablag‘ sarflab qurilgan yo‘l arzimas yomg‘irga dosh bermadi


O‘zbekistondagi yo‘llardan birini ta’mirlash payti.

Deputat Kusherbayev ochiqlikdan qo‘rqadigan “krutoy” sudyalarni tanqid qildi. Aktrisa Saida Rametova saratonga chalindi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Toshkentda milliardlab mablag‘ sarflab qurilgan yo‘l arzimas yomg‘irga dosh bermadi

Toshkentdagi yangi bunyod etilgan uch qavatli ko‘prikka qarab tortilgan yangi yo‘l yopib qo‘yildi, deb yozadi Telegramdagi Platforma.uz kanali.

Topshirilganiga hali hech qancha bo‘lmagan yangi inshoot ta’mirlanmoqda.

Matbuotimiz shu yo‘l va ko‘prik ishga tushayotganda yo‘lsozlar va shahar a’yonlariga qancha maqtov yog‘dirgandi: bularni qurishga, hududni obod etishga falon-falon milliard so‘m mablag‘ sarflandi, bu xalqimizning farovonligi, poytaxtimiz obodligi uchun... Lekin “mintaqada tengsiz” deya ta’riflanayotgan ushbu obyekt bugun o‘yilib yotibdi. Uning yaqindagina foydalanishga topshirilganiga ishonging ham kelmaydi” ,- deb yozadi Platforma.uz.

Ma’lum bo‘lishicha, kuni kecha salgina sebalab o‘tgan yomg‘ir yo‘lni ta’mirtalab holga keltirgan.

“Shuni va shunga o‘xshash masalalarni nega biz saylab qo‘ygan deputatlarimiz, senatorlarimiz ko‘tarishmaydi?! Eshitishimizcha, ular oladigan oylik besh-oltita jurnalist yoki bloger topadigan choychaqadan ko‘proq. Qolaversa, o‘sha ko‘prigu yo‘llar ham byudjet, ya’ni xalqning puliga quriladi. Buning hisobini kim so‘raydi?!” - deb yozadi Platforma.uz kanali.

Jurnalist sud majlisiga kiritilmadi

Human.uz nashri muxbiri Xurshid Daliyev jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida ochiq tartibda o‘tkazilgan sud majlisiga kiritilmadi.

Qayd etilishicha, u fuqaroning murojaati bo‘yicha, ko‘rilayotgan jinoyat ishi muhokamasini kuzatish maqsadida ikki kun sudga borgan, lekin sudya R. Rahmonov “karantin cheklovlari”ni vaj qilib uning jarayonda qatnashishiga ruxsat bermagan, ikkinchi martasida esa jurnalist hatto binoga ham kiritilmagan.

Oliy sud matbuot xizmati voqea yuzasidan bergan bayonotda sudda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtiroki haqida ariza va iltimosnoma kiritilmaganini qayd etilgan.

Advokatnews nashriga ko‘ra, ochiq sud majlisida ishtirok etish uchun oldindan yozma ruxsat olish yoki ariza kiritish zarurligi qonunchilikda ko‘zda tutilmagan.

“Oliy sud mutasaddilari matbuot anjumanlarida sud idoralari OAV uchun ochiqligini ta’kidlab keladi. Lekin amalda matbuot sud faoliyatini yoritishdagi qonun kafolatlagan huquqlaridan ham foydalana olmayapti”, - deb yozadi Advokatnews nashri.

“Ochiqlikdan qo‘rqadigan, ochiqlik talabiga oid qonunlarga bo‘ysunmaydigan “krutoy” sudyalar bu harakatlari bilan halol, vijdonli va adolatli hamkasblarini ham yomonotliq qilishishlari mumkinligini tushunib yetishlari kerak” , - deya mazkur holatga munosabat bildirdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.

Saida Rametova: “Saratonga chalinganimdan xabar topib, hayot qanchalik shirin ekanini sezdim”

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Saida Rametova saratonga chalinganini ma’lum qildi (www.daryo.uz, 26 avgust).

Turkiyada Jaloliddin Manguberdi haqidagi tarixiy serialda rolь ijro etayotgan san’atkorning tobi qochgan. Turkiya shifoxonalaridan biridagi tibbiy ko‘rikda aktrisada ikkinchi darajali ko‘krak saratoni boshlangani aniqlangan.

“Hech kutmagan edim, shu oltmish uch yil davomida hech qachon jiddiy kasal bo‘lmaganman. Balki adashishgandir, yana bir tekshirishsin dedim”, - deydi aktrisa.

Qayta tekshiruvda ham dastlabki tashxis tasdiqlangan.

“Shu kasallikni haqqoniy ichimda his qilganimda hayot qanchalik shirin ekanligini sezdim. Ba’zan bir-birimizning dilimizni og‘ritamiz, rolь talashamiz, pulni orqasidan yugurib, o‘zimizga dam bermaymiz, hayotda hamma narsa bo‘ladi. Lekin sog‘liqqa hech nima yetmas ekan”, - degan teatr va kinodagi rollari bilan tanilgan S. Rametova.

XS
SM
MD
LG