Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:55

Tixanovskaya: Hukumat unutib bo‘lmaydigan jinoyatga qo‘l urdi


Muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya Belarusga Rossiya qo‘shinlarini safarbar qilish katta xato bo‘lishini aytdi.
Muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya Belarusga Rossiya qo‘shinlarini safarbar qilish katta xato bo‘lishini aytdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Belarusda tinchimayotgan namoyishlar fonida prezident Aleksandr Lukashenkoni qo‘llash uchun harbiy kuch yuborishi mumkinligi aytishi ortidan Belarusdagi siyosiy bo‘hron yana keskinlashdi.

Muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya Belarusga Rossiya qo‘shinlarini safarbar qilish katta xato bo‘lishini aytdi.

9 avgust kuni o‘tkazilgan saylov natijalari e’lon qilinishi ortidan Litvaga qochib o‘tishga majbur bo‘lgan Tixanovskaya Ozodlikka intervyu berib:

«Bu bizning ichki muammomiz, beloruslar Belarus hukumati bilan hal qilishi kerak bo‘lgan ichki muammo», - dedi.

Tixanovskayaning turmush o‘rtog‘i, bloger Sergey Tixanovskiy saylov arafasida qo‘lga olingan. Xabarlarga ko‘ra, u Minsk yaqinidagi qamoqda ushlab turilibdi. Uy bekasi bo‘lib kelgan Tixanovskaya prezidentlikka nomzod bo‘lish istagini izhor qilgan turmush o‘rtog‘i qo‘lga olinishi ortidan uning o‘rniga o‘z nomzodligini ko‘rsatdi.

Saylov natijalari soxtalashtirilgani haqidagi iddaolar tufayli norozilik namoyishlar boshlanib ketganidan keyin, Tixanovskaya muxolifatni muvofiqlashtirish kengashini tuzdi.

Kengashning maqsadi Lukashenko hukumati bilan yangi saylov o‘tkazish, qo‘lga olingan namoyishchilarni ozodlikka chiqarish va prezident iste’fosi bo‘yicha muzokara olib borishdir.

Ammo Lukashenko hokimiyatga chirmashib olgan. Belarus rasmiylari kengashga qarshi jinoyat ishi ochib, uning ikki yetakchisini hibsga oldi. Kengashning boshqa a’zolari, jumladan, adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Svetlana Aleksiyevich so‘roq qilindi.

Belarus bo‘ylab o‘tkazilgan namoyishlarga o‘n minglab odam qatnashdi. Minskda bo‘lib o‘tgan yirik aksiyalarda esa yuz minglab odam qatnashgani aytilmoqda.

Tixanovskaya Ozodlikka bergan intervyusida yana Lukashenkoni iste’foga chiqishga chorladi.

Lukashenko ochiq va adolatli saylov o‘tkazish chaqiriqlarini rad etib, buning o‘rniga namoyishchilarga qarshi keskin chora ko‘rishi mumkinligini shama qilmoqda.

Belarusning muhim iqtisodiy hamkori Rossiya mamlakatdagi vaziyatni yaqindan kuzatmoqda. Kreml Ukrainada rossiyaparast prezident ag‘darilishiga sabab bo‘lgan 2014 yilgi hodisalar Belarusda takrorlanishidan xavotirda.

Saylov o‘tkazilganidan beri Putin va Lukashenko telefon orqali kamida besh marta suhbatlashdi.

27 avgust kuni Putin Lukashenko iltimosiga binoan Belarusga yordam berish maqsadida huquq-tartibot organlari xodimlaridan maxsus zaxira bo‘linmasini tashkil etganini e’lon qildi.

«Biz rezerv vaziyat izdan chiqmaguncha ishlatilmasligiga kelishdik», dedi Putin.

Tixanovskaya Putinning pozitsiyasi tushunarli ekanligini, ammo Belarusga Rossiya qo‘shinlarini kiritishga ehtiyoj yo‘qligini aytdi. Muxolifatchi rasmiylar keskin chora ko‘rishga zamin yaratish maqsadida atayin zo‘ravonlik keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

«Qanaqadir “yordam», politsiya yoki boshqalarni olib kelishga hech qanday ehtiyoj yo‘q, chunki bizda tinch namoyishlar bo‘lib o‘tyapti», dedi Tixanovskaya.

Muxolifatchi Lukashenko zo‘ravonlikka qo‘l urmay, o‘z xohishi bilan iste’foga chiqishi kerakligini aytdi. Tixanovskaya namoyishchilarga qarshi zo‘ravonliklarni buyurtirgan rasmiylar javob berishini qo‘shimcha qildi.

«Afsuski, rasmiylar unutib bo‘lmaydigan jinoyatga qo‘l urdi», - dedi Tixanovskaya.

«Buning barchasi chiroyli tugashini xohlayman. Jarga qulashni xohlamayman», deya so‘zini yakunladi u.

XS
SM
MD
LG