Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2020, Тошкент вақти: 20:03

“Do‘stlik” chegarasi ochiladi. O‘zbekistonliklar o‘tkazilib¸ qirg‘izistonliklar o‘tkazilmaydi (VIDEO)


Andijon va O‘sh o‘rtasidagi "Do‘stlik" chegara nazorat -o‘tkazish punkti.

Qirg‘iziston hukumati 1 sentabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolariga mamlakat ichkarisiga hech qanday cheklovlarsiz kirishiga ruxsat berdi. Ayni paytda hozircha qirg‘izistonliklar O‘zbekistonga o‘ta olmaydi.

Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiysi Gulmira Bo‘rubayevaning Ozodlik radiosiga bildirishicha, O‘zbekiston COVID-19 tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqarorlashgan davlatlar ro‘yxatiga kiritilgani sababli chegarani ochish haqida qaror qilingan.

Gulmira Bo‘rubayevaning aytishicha, 1 sentabrdan boshlab hozircha ikki davlat o‘rtasidagi faqat “Do‘stlik” chegara nazorat-o‘tkazish punkti ochiladi. Boshqa chegara punktlari yoki aviaqatnovlar hozircha ochilmaydi.

- Xattoki, masalan Qozog‘iston yoki Tojikiston hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ham Qirg‘izistonga kira olishi mumkin. Mazkur hujjatga muvofiq, ular Moskvadan uchib keladimi yoki Singapurdan keladimi bu muhim emas, O‘zbekiston fuqarolari Qirg‘izistonga kirishi mumkin. Avval - 1 sentabrga qadar, O‘zbekiston fuqarolari bizning hududimizga kira olishmagan, - deydi Bo‘rubayeva.

Gulmira Bo‘rubayevadan Do‘stlik orqali qirg‘izistonliklar ham O‘zbekistonga o‘ta oladimi deb so‘radik:

- O‘zbekiston tomonidan xali ham fuqarolar kirishiga cheklov bor. Shuning uchun hozircha yo‘q. Hozircha ular cheklovlarni olish yoki olmasligi noma’lum. Ular cheklovlarni olganidan so‘ng fuqarolarimiz O‘zbekistonga o‘ta oladi, - dedi Chegara xizmati rasmiysi.

Gulmira Bo‘rubayevaga ko‘ra, ayni paytda Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasidagi chegarada ham shunday vaziyat yuzaga kelgan:

-Qozog‘iston fuqarolari Qirg‘iziston hududiga bemalol kirishlari mumkin. Qirg‘izistonliklar esa, ba’zi holatlarda, ya’ni janozaga yoki davolanishga ketayotgan bo‘lsa, shunda ham tegishli hujjatlarini ko‘rsatib Qozog‘istonga o‘tishi mumkin. Qolganlar esa chegaradan o‘tolmaydi. O‘zbekiston bilan ham huddi shunday vaziyat.

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor shu yilning 15 martida aniqlanishi ortidan rasmiy Toshkent qo‘shni davlatlar bilan chegarani 16 martdan boshlab yopgan edi. Buning oqibatida Qirg‘izistonda qolib ketgan ko‘plab o‘zbekistonliklar uylariga qayta olmay qolgandi. Ozodlik radiosi ular haqida o‘z vaqtida xabar bergan edi.

Ayni paytda "Boshqa davlatlardan Qirg‘izistonga kelib, vataniga qaytmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar O‘zbekistonga kiritiladimi?" - degan savol mavhum bo‘lib qolmoqda.

Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiysi Gulmira Bo‘rubayeva bu savolga: "Qirg‘iziston tomoni o‘zbekistonliklarni o‘z vataniga o‘tishi uchun hech qanday to‘sqinlik qilmaydi. O‘zbekiston vatandoshlarini chegaradan o‘tkizadimi yoki yo‘qmi, bu bizning vakolatimizga kirmaydi. Bu masalani O‘zbekiston tomoni mustaqil hal qiladi",-deb javob berdi.

O‘zbekiston Chegara mas’ullaridan bu savolga javob olishning imkoniyati bo‘lmadi. O‘zbekiston tomoni hozircha Qirg‘izistonning bu bildiruviga munosabat bildirmadi.

Bugungi kunda Qirg‘iziston 31 davlat fuqarolari uchun o‘z chegaralarini ochdi. Bular: Rossiya, Gruziya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Turkmaniston, Belgiya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Irlandiya, Islandiya, Italiya, Latviya, Litva, Lixtenshteyn, Lyuksemburg, Portugaliya, Turkiya, Shveysariya, Shvetsiya, Qatar, BAA, XXR, Malayziya, Janubiy Koreya, Pokiston, Sloveniya, Kuvayt, Yaponiya.

XS
SM
MD
LG