Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:29

Minskda bir guruh talaba qo‘lga olinishi ortidan yuzlab ayol tinch namoyishga chiqdi


1 sentabr kuni Belarusda norozilik namoyishiga chiqqan bir guruh talaba qo‘lga olinishi ortidan poytaxt Minskda ayollar tinch namoyishga chiqdi.

Bir necha yuz ayol Mustaqillik maydoni yaqinida to‘planar ekan, ularni politsiya kuzatib turdi.

Amaldagi prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi uch haftadan beri tinchimayotgan namoyishlarda ayollar muhim rol o‘ynab kelmoqda.

1 sentabr kuni avvaliga muxolifat ramziga aylangan oq va qizil rangli bayroqlarni qo‘lda tutgan talabalar namoyishga chiqdi.

Lukashenkoning saylovdagi asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya jamoasi e’lon qilgan bildiruvda «1 sentabr bilim kuni. Belarus birdamligi ma’nosini bilish kuni. Ushbu bir kunlik aksiyaga qo‘shiling, ishchilarni qo‘llang va hukumatga hokimiyatning haqiqiy manbasi kim ekanligini ko‘rsating», deyiladi.

«Vesna» inson huquqlari guruhiga ko‘ra, 1 sentabr kuni kamida 55 nafar talaba qo‘lga olingan. Ijtimoiy tarmoqlarda ulashilgan videoda politsiya talabalarni zo‘rlab olib ketayotganini ko‘rish mumkin.

Belarus Jurnalistlar uyushmasi namoyishlarni yoritayotgan sakkiz nafar muxbir qo‘lga olinganini bildirdi. O‘tgan hafta namoyishlar matbuotda yoritilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida Belarus rasmiylar xorij matbuot agentliklarining 17 nafar jurnalisti akkreditatsiyasini bekor qilgan edi.

9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Belarusni 26 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenko g‘olib chiqqanini e’lon qilinganidan beri mamlakatda norozilik namoyishlari tinchimayapti. G‘arb mamlakatlari saylovning rasmiy natijalarini tan olmadi, sodir bo‘layotgan voqealar yuzasidan norozilik izhor qildi va rasmiylarni muxolifat bilan muloqot qilishga chaqirdi.

1 sentabr kuni BMT inson huquqlari mutaxassislari saylov o‘tkazilganidan beri 450 ta hibsda qiynoqqa tutish holati bo‘yicha dalillar kelib tushganini bildirdi.

Ayni kuni Litva prezidenti Gitanas Nauseda BMT Inson huquqlari kengashini Belarusdagi vaziyatni muhokama qilish uchun zudlik bilan yig‘in o‘tkazishga chaqirdi.

31 avgust kuni Latviya, Litva va Estoniya prezident saylovi natijalarining soxtalashtirilgani va norozilik namoyishlarini ayovsiz bostirish munosabati bilan Minsk rasmiylari, jumladan, Lukashenkoga qarshi sayohat cheklovi shaklida sanksiya joriy qildi.

Yevropa Ittifoqi esa 20 nafar yuqori lavozimli rasmiyga qarshi sanksiya joriy qishga kelishib oldi.

Belarusga G‘arb davlatlari tomonidan bosim kuchayar ekan, Lukashenko Moskvadan yordam so‘rashga majbur bo‘ldi.

1 sentabr kuni Lukashenko o‘zi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Brestdan Vladivostokkacha bo‘lgan umumiy vatanimizni» himoya qilishini ta’kidladi.

1 sentabrda Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutida nutq so‘zlagan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov G‘arb davlatlarini Belarusdagi bo‘hron bo‘yicha «hukm chiqarishda» aybladi.

Moskva G‘arb davlatlarini Belarus ichki ishlariga aralashishda ayblab keladi.

XS
SM
MD
LG