Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:59

OzodDayjest: Navoiy viloyatidagi beshta obida YuNESKO ro‘yxatiga kiritiladi


Marhum aktrisa Dilbar Ikromova qarigan chog‘i ijarama-ijara yurgani ma’lum bo‘ldi. Yaqinda to‘yi bo‘lishi kutilayotgan yigit mudhish avariyada halok bo‘ldi. Navoiy viloyatidagi 5 ta obida YuNESKO ro‘yxatiga kiritiladi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Koronavirusdan vafot etgan aktrisa Dilbar Ikromova qarigan chog‘i ijarama-ijara yurgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromovaning hamkasblari uning qarigan chog‘ida ijarama-ijara, sarson bo‘lib yashaganini so‘zlab berdi (www.daryo.uz, 30 avgust).

Taniqli san’atkor 25 avgust kuni koronavirus oqibatida vafot etgan edi.

“Dilbarni eshitib, tamom bo‘ldim. Nega dunyo bunaqa? Mayli, bandalik – o‘lim haq, degani. Lekin inson yoshini yashab, qilgan mehnatlarining rohatini ko‘rsa bo‘lmasmidi? Nimaga telba-teskari, berohat bo‘lib ketdi bu ayol?” deydi O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov.

Ma’lum bo‘lishicha, hayotda kamtarin, xokisor bo‘lgan aktrisa hayotining so‘nggi yillarini g‘am-qayg‘uda, katta qiyinchiliklar bilan o‘tkazgan.

Millionlab muxlislar qalbidan joy egallagan “O‘zbekning Sottisi” keksaygan chog‘ida oilaviy kelishmovchiliklar tufayli ijarada yashagan.

“Uning qayerda yashashini hech kim bilmasdi. Masalan, janozaga borish uchun hammamiz bir-birimizdan so‘radik. Chunki ko‘chib-ko‘chib, u yoqda-bu yoqda, singlisinikida, ijarada yashadi. Bir-ikki marta s’yomkaga singlisinikidan olib ketdik. O‘shanda biz bir-ikki marta dardlashdik, Xudo rahmat qilgur, armonda ketdi-da. Shu bolasini baxtli qilaman, deb butun umr bolasi uchun yashadi”. -dedi aktrisa Muhabbat Abdullayeva.

Yaqinda to‘yi bo‘lishi kutilayotgan yigit mudhish avariyada halok bo‘ldi

Joriy yil 30 avgustga o‘tar kechasi poytaxt Toshkentning Sebzor ko‘chasida mudhish yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi (www.qalampir.uz, 31 avgust).

Poytaxtning Ganga dahasidagi yo‘l o‘tkazgichdan tonnelga qarab katta tezlikda harakatlangan Nexia avtomobili shu yerda xizmat faoliyatini olib borayotgan yigitni bosib ketgan. Jarohatlangan yigit voqea joyida vafot etgan.

Qayd etilishicha, shu kuni kech soatlarda tonnelda ta’mirlash ishlari olib borilayotgan edi. Tonnelga kirish metall to‘siqlar bilan to‘silgan. YTH qurboni esa o‘sha to‘siqlar oldida avtomobillarni boshqa tarafga yo‘naltirib turishga mas’ul bo‘lgani aytilmoqda.

Katta tezlikda kelgan Nexia avtomobili to‘siqlarni buzib o‘tgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 16 sentabr kuni YTH qurbonining to‘yi bo‘lishi belgilangan edi.

Guvohlarga ko‘ra, haydovchi mast bo‘lgan va voqea joyidan qochishga uringan.

Qalampir.uz nashri ushbu voqea tafsilotlarini aniqlashtirish uchun IIV Yo‘l-harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va Toshkent shahar IIBBga murojaat qilgan, ammo axborot ololmagan.

“Hozirgacha YHXBB va boshqa mas’ul idoralarning ushbu YTH haqida rasman xabar bermayotgani sababi bizga qorong‘i” deb yozadi elektron nashr.

Navoiy viloyatidagi 5 ta obida YuNESKO ro‘yxatiga kiritiladi

Navoiy viloyatida joylashgan 5 ta tarixiy obida YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi yodgorliklari ro‘yxatiga kiritiladi (“Yangi O‘zbekiston”, 28 avgust).

Bu o‘rinda gap Qosim Shayx, Mirsaid Bahrom, Raboti Malik, Sardoba, Mavlono Orif Deggaroniy kabi madaniy meros obyektlari haqida ketmoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidentining 2019 yil mart oyida Navoiy viloyatiga tashrifi davomida Buyuk ipak yo‘lining Zarafshon–Qoraqum qismida joylashgan mazkur madaniy meros obyektlarini YuNESKO ro‘yxatiga kiritish vazifasi topshirilgan.

Bu borada viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi va O‘rta Osiyo xalqaro tadqiqotlar instituti (IICAI) o‘rtasida ikki tomonlama shartnoma imzolangan.

Osori atiqalarni nufuzli ro‘yxatga kiritish ishlari 2021 yil aprel oyida to‘liq yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

XS
SM
MD
LG