Линклар

Шошилинч хабар
26 сентябр 2020, Тошкент вақти: 16:57

NATO Navalniy zaharlangani ortidan Rossiya bilan munosabatlar kelajagini muhokama qiladi


Germaniya kansleri Angela Merkel NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bilan.

4 sentabr kuni NATOga a’zo davlat rasmiylari maxsus yig‘in o‘tkazib, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniyning asabni falajlovchi agent bilan zaharlanganini muhokama qiladi.

30 davlat a’zo harbiy ittifoqning Rossiya rahbariyatini bu voqea bo‘yicha to‘liq va shaffof tergov o‘tkazishga chorlashi kutilmoqda.

2 sentabr kuni Germaniya rasmiylari Navalniy asabni falajlovchi «Novichok» moddasi bilan zaharlangani to‘g‘risida «inkor qilib bo‘lmaydigan dalillar» borligini e’lon qildi.

Navalniy 20 avgust kuni Tomskdan Moskvaga uchayotgan paytida komaga tushib, Omsk kasalxonasiga yotqizilgan edi. O‘shandayoq uning tarafdorlari muxolifatchi maxsus zaharlanganini taxmin qilgan edi.

Omsk shifoxonasida ikki kun qolgan Navalniy maxsus samolyot bilan Germaniyaga olib kelindi. Ayni damda u Berlindagi «Sharite» shifoxonasida sun’iy komada qolmoqda.

Germaniya kansleri Angela Merkel Navalniyning zaharlanishini «suiqasd urinishi» deb atadi. Mamlakat Rossiyaga qarshi Yevropa Ittifoqi hamda NATOdagi hamkorlari bilan hamkorlikda chora ko‘rishni rejalashtirmoqda.

Yevropa Ittifoqi esa Rossiyaga qarshi sanksiya joriy qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

3 sentabr kuni YeI tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrel barcha YeI a’zolari nomidan bildiruv e’lon qilib, Navalniyni «o‘ldirish urinishini» qoraladi va Moskvani ushbu jinoyatni to‘liq tergov qilishga chorladi.

Rasmiy Moskva Navalniyning zaharlanishi haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermay, hujumga aloqasi yo‘qligini iddao qilmoqda.

3 sentabr kuni Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov:

- Germaniyadagi yoki boshqa Yevropa davlatlaridagi hamkorlarimizni shoshma-shosharlik bilan qaror chiqarmaslikka chorlagan bo‘lardik, dedi.

Bu orada Germaniya matbuoti va jamoatchiligi kansler Merkelni Rossiyaga nisbatan qat’iyroq pozitsiyani egallashga chaqira boshladi.

Nemis siyosatchilari, jumladan, 3 sentabrda Merkelni Rossiyaning Nord Stream 2 («Shimoliy oqim-2») loyihasida ishtirok etishdan bosh tortishga chaqirdi.

Boltiq dengizi ostidan Germaniyaga olib o‘tilayotgan mazkur quvurni yotqizish ishlari deyarli nihoyasiga yetib qolgan. Bu quvur orqali Rossiya gazi Germaniyaga yetkazib beriladi.

«Diplomatik harakatlar yetarli bo‘lmay qoldi. Navalniy zaharlangani ortidan biz Putin tushunadigan tilda qat’iy, yevropacha javobimizni berishimiz lozim. Yevropa Ittifoqi hamkorlikda Nord Strem loyihasini to‘xtatishi shart», deb yozdi Twitter sahifasida Germaniya parlamentining Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Norbert Ryottgen.

Vashingtonda esa AQSh Milliy xavfsizlik kengashi AQSh ittifoqchilari bilan hamkorlikda aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun kurashishini bildirdi.

Bu Navalniyning birinchi marta zaharlanishi emas. 2019 yil iyul oyida muxolifatchi Moskvaning 1-sonli maxsus priyomnigidan zaharlanish alomatlari bilan gospitalizatsiya qilingan edi.

O‘shanda vrach va tergovchilar Navalniy qonida hech qanday zaharli modda aniqlanmagani, uning allergiya xurujiga uchraganini bildirgan edi. Navalniyning o‘zi keyinroq jurnalistlarga bergan intervyusida allergiyasi yo‘qligi va uni zaharlamoqchi bo‘lishganini bildirdi.

Bu zaharlanish hodisasi bo‘yicha Tergov qo‘mitasiga topshirilgan ariza natijasiz qolganidan so‘ng Navalniy buning o‘ziga qarshi suiqasd urinishi bo‘lganini bildirgan edi.

O‘shanda Navalniy hukumatga yoqmagan bir qator rus siyosatchi va jurnalistlari, jumladan Yuriy Shchekochixin, Vladimir Kara-Murza, Anna Politkovskaya, Aleksandr Litvinenko, Sergey va Yuliya Skripal, Pyotr Verzilovlarning Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan zaharlanganini eslatgan edi.

Britaniya tergovchilariga ko‘ra, sobiq josus Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Skripal Solsberi shahrida aynan «Novichok» moddasi bilan zaharlangan.

XS
SM
MD
LG