Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2020, Тошкент вақти: 04:33

Charter reysga bilet qimmatligini transport mutaxassisi “yangi korrupsion sxema” bilan izohladi (VIDEO)


O‘zbekistonda monopoliya maqomida bo‘lgan "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon millionlab o‘zbekistonlik ishlayotgan Rossiya shaharlariga muntazam parvozlarni to‘xtatib qo‘ygan.

Yil boshidan beri Rossiyadan vataniga qayta olmayotgan minglab o‘zbekistonlik mehnat muhojiri charter reyslarga bilet olish qiyinligi va pandemiyagacha bo‘lgan narxlardan bir necha baravarga qimmatlagani bois O‘zbekistonga qayta olmayotir.

O‘zbekiston Transport vazirligi tomonidan Rossiyaning ayrim shaharlaridan charter poyezd va uchoqlar qatnovi boshlangani e’lon qilinganidan buyon¸ bu reyslarga chiqish¸ minglab muhojir uchun qariyb hayot-mamot masalasiga aylandi.

Ozodlik gaplashgan transport sohasi mutaxassislari¸“O‘zbekiston havo yo‘llari” va “O‘zbekiston temir yo‘llari”ning talab katta bo‘lgan Rossiya shaharlariga muntazam reyslarni tiklashga oshiqmayotgani¸ narxi nazoratdan chiqqan charter reyslar esa¸ ayrim guruhlar uchun katta korrupsion daromad manbaiga aylanib ulgurganini iddao qildi.

Bu iddaoni rad etishga uringan O‘zbekiston Transport vazirligi mulozimi¸ muhojirlar ahvolidan hukumatning xabari borligi¸ Rossiyadan muntazam reyslarni tiklash uchun muzokaralar davom etayotganini bildirdi.

Ozodlikka murojaat qilayotgan o‘zbek muhojirlari¸ charter reyslarga bilet olish uchun konsullik ro‘yxatiga yozilganiga qaramay¸ navbat siljimayotgani¸ bu orada poyezd (Rostov - Toshkent) bileti qo‘lda 390¸ samolyot (Moskva - Toshkent) bileti esa¸ ochiq kassada 730 dollargacha ko‘tarilganini aytmoqda.

“Charter poyezdga chiqolmay bir haftadan beri ko‘prik tagida yotibmiz”

Ozodlikka 8 sentabr kuni murojaat qilgan mehnat muhojirlari O‘zbekistonga charter poyezd qo‘yilganini eshitib¸ 10 avgust kuni konsullik navbatiga onlayn yozilgani¸ ammo bu navbat inobatga olinmaganini aytadi.

Bir hafta oldin Gelenjikdan Rostovga kelib¸ 700-bo‘lib ocheredga yozildik. Kecha qarasak¸ yana spiskada yo‘qmiz. Mana bugun poyezd Toshkentga jo‘nab ketdi¸ yaqiniga ham borolmadik. Kecha konsullik xodimlari kelganida rosa janjal bo‘ldi. O‘zini tanishtirmasdan¸ spiskani o‘qishga chiqqandi¸ olomon tarmashdi¸ kimdir baklajka otdi. Shundan keyin so‘kinib¸ qochib ketishdi. 3000 odam bir haftadan beri kutyapti¸ biz qolib boshqalarga bilet sotishyapti. 12 500 rubl deyilgan biletni¸ chyorniy xod qilib olib chiqib¸ 26-30 mingga sotishyapti. Pasport kserokopiyasini pul bilan bersangiz bo‘ldi¸ navbat-pavbatning keragi yo‘q. Bizda buncha pul yo‘q¸ man kecha yomg‘ir yog‘di¸ ko‘prikning tagida yupqa palatka qurib¸ ko‘chada yotib-turibmiz”¸ deydi muhojirlardan biri.

Bir haftadan beri Rostovda charter poyezdga navbat kutayotganlar ana shunday palatkalarda tunayotganini aytadi.
Bir haftadan beri Rostovda charter poyezdga navbat kutayotganlar ana shunday palatkalarda tunayotganini aytadi.

8 sentabr kuni Ozodlik gaplashgan muhojirlar o‘z gaplari tasdig‘i uchun ayrim videotasvirlarni ham yubordi.

Чартер поездга чиқолмай қолганлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:14 0:00

7 sentabr kuni olingani aytilgan videoda Rostovning Pervomayskaya stansiyasida mahalliy vaqt bilan kechki soat 6 larda O‘zbekiston konsulligi vakillari bilan yuzaga chiqqan tortishuvning uzoqdan olingan manzarasi aks etgan.

Чартер поездга чиқолмай қолганлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:43 0:00

Bir haftadan beri navbat kutayotgan muhojirlarning Rostovdagi yashash sharoitiga oid savollarga javoban yuborilgan video va suratlardan¸ ularning usti tsellofan bilan to‘silgan yerda¸ ko‘prik tagi yoki ochiq maydonga qo‘yilgan yupqa palatkalarda yashayotgani ko‘riladi.

Rostovda charter poyezdga navbat kutayotganlar tunayotgan qo‘lbola palatkalar.
Rostovda charter poyezdga navbat kutayotganlar tunayotgan qo‘lbola palatkalar.

Butun umidimiz 11 sentabrdagi poyezdda qoldi. Yana Rossiyaning har xil okrugidan kelgan 3000 tacha odam kutib turipti. Ungayam chiqolmasak nima qilamiz¸ bilmaymiz. Iltimos¸ ahvolimizni Toshkentdagilarga ko‘rsating”¸ deydi Ozodlik suhbatdoshlaridan biri.

Charter parvozlar narxini kim belgilayapti?

O‘zbekiston hukumati pandemiya bois Rossiyada ishsiz¸ daromad va boshpanasiz qolgan o‘n minglab fuqarolarini vatanga qaytarishni tezlatish uchun sentabr oyidan Rossiyaning aksar yirik shaharlariga charter¸ Istanbul¸ Dubay¸ Olmaota va Frankfurtga esa¸ muntazam reyslar qo‘yilganini e’lon qildi.

Xususan¸ Moskvadan bir kunda ikki marta¸ Sankt-Peterburgdan esa¸ kuniga bittadan charter reys Toshkentga ucha boshladi.

Bu reyslarga bilet ham¸ Rossiyadagi o‘zbekistonliklarning aytishicha¸ elchixona va konsullik tuzayotgan navbat orqali sotilmoqda.

Bunday reyslarga umid qilib¸ navbatga yozilganlar¸ ular narxining qimmatligidan hayratga tushmoqda.

O‘zbekiston havo yo‘llari” Vladivostok shahriga charter reys qo‘ygan. O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilib¸ ro‘yxatga yozildim. Lekin bilet narxlari meni hayron qoldirdi. 54 000 rubl Nega pandemiya paytida keskin oshirib olishdi bilet narxlarini?! Qayerdan olsin oddiy fuqaro, migrant , pandemiya paytida 5 oydan beri ishsiz , kasal, ishga yaroqsiz ahvolda ?!Monopolist “Havo yo‘llari” bu narsalar haqida o‘yladimi biletga narx belgilashdan oldin ? Nega ular xalqqa yordam berish o‘rniga battar botkoqqa botirishmoqda?! Bilet narxi oddiy hollarda 27 000 maksimum edi¸ hozir uje 50+!”¸ deb yozdi Rossiyadagi talabalardan biri.

Koronavirus karantini bois uch oy ishsiz qolib¸ endi ish boshlayman deganda pasportini yo‘qotib qo‘ygan mehnat muhojiri ham¸ charter reyslarga bilet narxini ko‘rib¸ “kapalagi uchganini” aytadi.

Pasportimni yo‘qotib¸ elchixonaga yordam so‘rab borsam¸ 5000 rublga pasport yo‘qolgani haqida hujjat qilib¸ pasport uchun O‘zbekistonga borish kerakligini aytishdi. Pasportsiz bu yerda ishlay olmayman¸ shunga srochno ketishim kerak. Charter reysga bilet oling¸ deyishdi. 51 ming rubl ekan! Bu 730 dollar degani! Pandemiyagacha bilet narxi 140-150 dollar edi! Bular menga o‘xshab ilojsiz qolganlardan pul qilyapti! Ketay desam¸ birinchidan buncha pulim yo‘q¸ ikkinchidan¸ shunga ham navbat kutish kerak ekan! Nahotki elchixona o‘z fuqarolariga pasportni Moskvada qilib berolmasa? Nahotki hukumat davlatga qarashli kompaniya biletga qo‘ygan narxni nazorat qila olmasa? Maqsad Rossiyada ishsiz¸ boshpanasiz qolgan o‘z fuqarolarini uyiga qaytarishmi¸ yoki ularning so‘nggi tiyiniga qadar shilib olishmi?»

Charter reyslar nega qimmat yoki “O‘zbekiston havo yo‘llari” nega Rossiyaga muntazam parvozlar tiklanishidan manfaatdor emas?

Ozodlik bu savollarga “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy avikompaniyasidan rasmiy munosabat olishga hozircha muvaffaq bo‘lmadi. 8 sentabr kuni kompaniya rahbariyati telefon raqamlariga qilingan qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.

Ayni paytda¸ kompaniya faoliyatidan bevosita xabardor mulozim shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan charter reyslar bilan bog‘liq Ozodlik savollariga javob berdi.

Bu mutaxassis pandemiya davridagi cheklovlar ortidan “O‘zbekiston havo yo‘llari”ni boshqarayotgan guruh daromad qilishning yangi sxemasini yo‘lga qo‘yganini iddao qildi.

Yangi sxema quyidagicha. Reysni to‘lalig‘icha turoperator sotib oladi va narxni o‘zi xohlagancha qilib belgilaydi. “Havo yo‘llari" ning o‘zi charter reyslarga osmondan olib narx qo‘yolmaydi. Charter reyslarni turoperatorga sotishdan maqsad¸ narxlar orasidagi farqni bo‘lib olishdir. Maqsad kompaniyaga daromad keltirish emas¸ uni boshqarayotganlarni boyitish".

Bu mutaxassis¸ O‘zbekiston soliq to‘lovchisi pullari hisobiga faoliyat yurg‘izayotgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi Toshkent-Moskva-Toshkent charter reysini o‘zini amalga oshirsa qanchaga tushadiyu¸ uni turoperatorga bersa¸ qanchaga tushishini xomcho‘t qilib berdi.

“Deylik¸ “Havo yo‘llari” Moskvaga A-320 samolyotini charter qilib yubordi. Bu uchoqda 150 ta o‘rindiq bor. Deylik¸ bitta o‘rindiqni 380 yevro (4.600.000 million so‘m)ga sotyapti. Toshkent Moskva reysi to‘lmadi¸ deylik¸ 150 kishilik samolyotda 50 ta yo‘lovchi uchdi. 50 x 380=19 ming yevro. Qaytishda hamma o‘rindiq sotildi¸ ya’ni 150 x 380 =57 ming yevro. Borib-kelish 19+57=76 ming yevro. Aviakompaniyaga¸ taxminan 46-50 ming¸ qolgan 26 ming yevrosi turoperator va “Havo yo‘llari” tepasida o‘tirganlar orasida bo‘lib olinadi. Sxema shunday ishlayapti”.

Moskva-Toshkent charter reysiga bilet sotayotgan operator Alltrip.uz 8 sentabr kuni o‘z Telegram kanalida 15 sentabrgacha bu yo‘nalishdagi biletlarning 7 400 000 so‘m (720 AQSh dollari)¸ yoki 54 ming rubldan sotib bo‘linganini e’lon qildi.

Alltrip agentligi Moskva-Toshkent charter reysiga sotayotgan bilet narxi.
Alltrip agentligi Moskva-Toshkent charter reysiga sotayotgan bilet narxi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi faoliyatiga aloqador bu mulozim¸ kompaniyada azaldan davlat va xalq pullari turli sxemalar orqali o‘g‘irlab kelingani va bunday amaliyot pandemiya davrida¸ ayniqsa¸ oddiy xalqqa qimmatga tushayotganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining monopol shirkat ekani va uning faoliyati¸ xususan¸ narxlar siyosati soliq to‘lovchiga ochiq va shaffof emasligi ko‘pdan keskin e’tiroz va tanqidlarga sabab bo‘lib kelmoqda.

Transport sohasi¸ xususan¸ mamlakat fuqarolik aviatsiyasi sohasida va’da qilingan katta islohotlarga qaramay¸ “O‘zbekiston havo yo‘llari” faoliyatida jamoatchilik talab qilib kelayotgan o‘zgarishlar hanuzgacha amalga oshirilgan emas.

Charter reyslar yuzasidan bildirilayotgan e’tirozlarga Transport vazirligi javobi

Ozodlik «O‘zbekiston temir yo‘llari» va «O‘zbekiston havo yo‘llari» kompaniyalari tomonidan Rossiyadan uyushtirilayotgan charter reyslar¸ xususan¸ ular narxi bo‘yicha kelayotgan o‘nlab e’tirozlarga sharh olish maqsadida O‘zbekiston Transport vazirligi Axborot xizmati bilan bog‘landi.

-Charter reyslar bo‘yicha bugun e’lon berdik. Saytda turibdi hamma ma’lumot. Moskvaga kuniga ikkita¸ Sankt Peterburgga kuniga bitta reys qo‘ydik. Bular hozircha charter. Muntazam reyslar bitta tomonning xohish- istagi bilan tiklanib qoladigan narsamas. Shuning uchun hozir hamma davlat aviatsiya ma’murlari bilan muzokara olib borilyapti. Qachonki¸ ikkinchi tomon ham muntazam qatnovlarni tiklashga rozilik bersa¸ ruxsat¸ desa¸ muntazam qatnovlar tiklanadi. Hozircha faqat to‘rtta yo‘nalishda muntazam parvozlar tiklandi. Rossiya masalasida ham muzokaralar ketyapti¸ dedi vazirlik Axborot xizmati mulozimi.

Davlatga qarashli temir yo‘l va aviakompaniyalar charter reyslariga qo‘yilayotgan narxlar bo‘yicha e’tirozlarga to‘xtalgan Transport vazirligi mulozimi:

- Bu umuman qanaqadir foydani ko‘zlab qilinayotgani yo‘q. Biletlar kassada turibdi. O‘rtada kimlardir paydo bo‘lsa¸ ulardan olish kerakmas. O‘sha kassadan sotib olish kerak. Charter poyezd va samolyotlarlarga chiqadiganlar ro‘yxati elchixonalar tomonidan shakllantiriladi. Hamma yig‘ilganni opkelishning iloji yo‘q. Masalan¸ bitta charter sostav bilan 918-922 ta odam olib kelinyapti. Rostovda 3000-4000 ming odam to‘plangan bo‘lsa¸ hammasiga bilet sotolmaydiku. Keyingi poyezd borguncha kutiladi¸ bo‘ldi. Shu hafta har bir yo‘nalish bo‘yicha bittadan reys qilinyapti hozir¸ dedi jumladan.

XS
SM
MD
LG