Линклар

Шошилинч хабар
29 октябр 2020, Тошкент вақти: 16:20

"Chegara bilmas muxbirlar" Eronda jurnalistlarga qarshi kuchayib borayotgan ta’qiblarni qoraladi


2019 yilning noyabrida Eronda benzin narxi ko‘tarilishi ortidan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan, o‘sha voqealarni yoritgan Muhammad Musaid «haqiqatni buzib ko‘rsatishda» aybdor deb topilib, 4 yilu 9 oyga qamaldi.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti BMT Inson huquqlar kengashini o‘z faoliyati uchun «senzuraga duchor bo‘layotgan, qo‘rqituvlar ichida yashayotgan, o‘zboshimchalik bilan hibsga olinayotgan va ayrim holatlarda qiynoqqa tutilayotgan» eronlik jurnalistlarni himoya qilish uchun chora ko‘rishga chaqirdi.

Qarorgohi Parijda joylashgan tashkilot 8 sentabr kuni e’lon qilgan bildiruvda Eronda so‘nggi tazyiq kampaniyasi davomida kamida 5 jurnalist bosimlarga uchragani aytiladi.

Tashkilotning Eron va Afg‘oniston bo‘yicha yetakchisi Rizo Moyniy «Eron hukumatiga qarshi namoyishlar avj olishi ortidan jurnalistlarga tazyiq kuchaydi», dedi.

O‘tgan oyda iqtisodiy mavzularni yoritib kelgan frilans muxbir Muhammad Musaid «haqiqatni buzib ko‘rsatishda» aybdor deb topilib, 4 yilu 9 oyga qamaldi.

Muxbir 2019 yilning noyabrida benzin narxi ko‘tarilishi ortidan boshlangan norozilik namoyishlari davomida ijtimoiy tarmoqlarda yozgan posti uchun qo‘lga olingan edi.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti Kosar Karimiy ishiga ham e’tibor qaratishga chorladi. Mehr xabar agentligi muxbiri Karimiy avgust oyida Ahvoz shahri yaqinida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishini yoritgani uchun qo‘lga olingan.

Karimiy garov evaziga qo‘yib yuborilgan, ammo Eron rasmiysi Karimiyga namoyishlar haqida yozmaslikni buyurgan. Bu haqda Mehr agentligiga egalik qiluvchi Islomiy rivojlanish tashkiloti vitse-prezidenti ma’lum qildi.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti bildiruviga ko‘ra, yana bir jurnalist – «yolg‘on xabar tarqatish» va «tuhmat qilishda» aybdor deb topilgan Babak Tahmasebiyga chiqarilgan 2 yil qamoq va 74 qamchi zarbi jazosi o‘z kuchida qoldirilgan.

Tahmasebiy Eron milliy burg‘ilash shirkatida ish sharoiti yomonlashib borayotgani haqida maqola yozgani uchun sudlandi.

Tabnak xabar sayti muxbiri Amirrizo Amir Taymuri esa mahalliy deputat uni «yolg‘on ma’lumot chop etishda» ayblashi ortidan so‘roq qilingan va garov evaziga qo‘yib yuborilgan.

Guliston viloyatida frilans jurnalist Omon Muhammad Xo‘jamli «yolg‘on ma’lumotni chop etgani» uchun jarimaga tortilgan. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, uning tergov qilinishiga Eronda yuzaga kelgan iqtisodiy bo‘hron haqida yozgan maqolasi sababchi bo‘lgan.

Iyul oyida BMTning Eronda inson huquqlari vaziyati bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Javoid Rahmon e’lon qilgan hisobotda mamlakat rasmiylari «mustaqil va tanqidiy xabarlarni tarqatgan jurnalistlarni nishonga olayotgani» e’tirof etilgan edi.

Eron Chegara bilmas muxbirlar tashkilotining 2020 yilgi matbuot erkinligi indeksida 180 davlat orasida 173 o‘rinni egalladi.

XS
SM
MD
LG