Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:53

OzodDayjest: Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari pora olgani uchun uch yarim yilga qamaldi


Yunusobod tuman hokimiyati binosi.
Yunusobod tuman hokimiyati binosi.

O‘n birinchi farzandini dunyoga keltirgan 39 yoshli ayol oilasiga davlat tomonidan mashina berilgani haqidagi xabarlar yolg‘on ekanini aytdi. Jaloliddin Manguberdi haqidagi serialga qancha mablag‘ sarflanishi ochiqlandi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

5000 dollar pora bilan ushlangan hokim o‘rinbosariga jazo tayinlandi

Pora bilan ushlangan Toshkent shahri Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari E.Zohidovga hukm o‘qildi (“Inson va qonun” gazetasi, 8 sentabr).

U 2019 yil yanvardan tuman hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan. Ayni choqda u o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga egalik huquqini berish bo‘yicha tuman komissiyasining raisi ham sanalgan.

Qayd etilishicha, ayni shu masalada nafsi ko‘yiga yurgan hokim o‘rinbosari o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoy obyektiga mulk huquqini berish evaziga fuqaro R.M.,dan 5000 dollar pora talab qilgan.

Hokimlik vakili Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ko‘rsatilgan miqdordagi porani olayotganda ushlangan.

Sudlanuvchiga uch yilu olti oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

“Janob hokimlar, hokimlik xodimlari! Bu yer sizlarga otangizdan qolgan meros emaski, uni xohlaganda sotib yoki tortib oladigan. Sizlarning vazifangiz o‘z hududingizdagi xalqning ko‘nglini olish, ularning dardiga quloq tutish, yaxshi-yomon kunida yelkadosh bo‘lishdir” , - deb eslatadi “Inson va qonun” gazetasi.

11-farzandini dunyoga keltirgan 39 yoshli ayol: “Bizga davlat tomonidan mashina berilgani haqidagi xabar asossiz”

Andijon shahridagi Yangi hayot mahallasida istiqomat qiluvchi Shukurjon va Nasibaxon Qodiroxunovlar xonadonida 11-farzand dunyoga keldi (www.daryo.uz, 9 sentabr).

Viloyat perinatal markazida tug‘ilgan qiz farzandning ham, onaning ham ahvoli yaxshi.

“21 yoshimda turmushga chiqqanman. O‘sha paytda juda kech oila qurdim degan fikrda yurardim. Negaki, sinfdosh qizlarning deyarli barchasi oilali bo‘lgan edi-da. 22 yoshga to‘lganimda ilk farzandim tug‘ildi. Unga Shukrona ismini qo‘ydik. To‘ng‘ichim hozir 18 yoshda. Shundan so‘ng Yaratgan bir etak – 8 qiz, 3 o‘g‘il ato etdi”, - deydi N.Qodiroxunova.

Suhbat jarayonida Qodiroxunova 2019 yili tug‘ilgan qizi va uning atrofida tarqalgan avtomashinaga oid gap-so‘zlarga ham to‘xtalib o‘tgan.

“O‘tgan yili 10-farzandimni dunyoga keltirganim to‘g‘risidagi xushxabar internet saytlari va telekanallarda chiqqach oilamizga davlat tomonidan mashina berilgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Ko‘cha-ko‘yda mashina qulluq bo‘lsin, deya tabrik bildirganlar ham ko‘p bo‘ldi. Ammo bizga bunday sovg‘a hadya qilinmagandi”, - deydi u. N.Qodiroxunovaning ta’kidlashicha, biror tashkilotga yordam so‘rab murojaat qilmagan, mas’ullar ham hol so‘rab kelmagan.

“Farzandlarimdan eng kenjasiga 480 ming so‘m miqdorda 2 yoshgacha nafaqa puli olamiz, xolos. Mahalla raisiga hech yo‘q katta farzandlarimning birini 16 yoshgacha nafaqa puliga o‘tkazib qo‘ysangiz, bir million so‘mga yaqin davlatdan moddiy yordam olardik, deya har yili aytaman. Ammo u kishi iloji yo‘qligini ta’kidlaydi” , - degan 11 farzandning onasi.

Jaloliddin Manguberdi haqidagi serialga qancha mablag‘ sarflanishi ochiqlandi

O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Istanbul shahrida Jaloliddin Manguberdi haqidagi serial ijodkorlari, xususan, prodyuser Mehmet Bo‘zdog‘ bilan uchrashdi (www.qalampir.uz, 8 sentabr).

Nazarbekov muloqot chog‘ida o‘zbek xalqi ushbu serialni intiqlik bilan kutayotganini ta’kidlagan.

“Jaloliddin Manguberdi obrazi juda nozik va biz uni uvol qilib qo‘ymasligimiz kerak”. - degan Nazarbekov.

O‘zbekiston tomonidan “Best organiser” MChJ va Turkiyaning “Bozdag‘ film” kinokompaniyasi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga binoan “Mendirman Jaloliddin” seriali “Orient Finans Bank” tijorat banki homiyligida suratga olinmoqda.

Hozirda serialning dastlabki qismlari tasvirga olinib, montaj ishlari nihoyasiga yetkazilyapti. Qayd etilishicha, ushbu serialga 7 million AQSh dollari mablag‘ sarflanmoqda.

Unda Jaloliddin Manguberdi obrazini turkiyalik aktyor gavdalantirmoqda. Serialda Tohir Saidov, Saida Rametova, Ra’no Shodiyeva, Javohir Zokirov, Alisher Uzoqov, Adiz Rajabov, Akbarxo‘ja Rasulov kabi o‘zbek aktyorlari rol ijro etmoqda.

XS
SM
MD
LG