Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:39

Yozuvchilar shikoyat qilganidan so‘ng, ular sotib olgan yangi uylarga usta tushdi


Toshkent hokimi Ortiqxo‘jayev O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyevga yozuvchilarga atab qurilgan uyni ko‘rsatmoqda
Toshkent hokimi Ortiqxo‘jayev O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyevga yozuvchilarga atab qurilgan uyni ko‘rsatmoqda

O‘zbekiston prezidentining 2016 yilgi qaroriga binoan qurilib, yozuvchilarga joriy yilda imtiyozli kreditga berilgan uylarning ta’mirtalab ekanligi haqidagi shikoyat ortidan bu uylarga usta tushdi.

Bu haqda 11 sentabr kuni Ozodlikka Toshkent shahar hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring shirkati” vakili bildirdi.

Shirkat vakili pandemiya bois qurilish cho‘zilganini, yozuvchilar tasarrufiga o‘tgan uylarda sanuzel yo‘qligini va boshqa "juz’iy kamchiliklar"ni tan oldi, ularni tugatish uchun ustalar safarbar qilinganini bildirdi.

4 sentabr kuni olgan yangi uyi remonttalab ekanligidan shikoyat qilgan 20 dan ziyod yozuvchi O‘zbekiston prezidentiga maktub bilan murojaat qilgan edi.

Maktubda yozilishicha¸ yozuvchilar imtiyozli ipoteka kreditiga sotib olgan yangi uylarning “pollari qoqilmagan, gazplita yo‘q, unitaz, rakovina kabi santexnika uskunalari qo‘yilmagan, hatto devorlar suvoq qilinmagan".

Maktubga Zulfiya Mo‘minova¸ Davron Rajab¸ Amir Xudoyberdi¸ Go‘zal Begim¸ To‘lqin Eshbekov kabi shoir va yozuvchilar imzo chekkan.

Shikoyat xati
Shikoyat xati

Ozodlik shikoyat maktubiga imzo chekkanlardan ba’zilari¸ xususan Go‘zal Begim Matyoqubova bilan gaplashdi.

Yozuvchilar uchun Toshkent shahar markazi (Xalqlar do‘stligi saroyiga yaqin joyda) qurilgan uydan kvartira olgan shoira Go‘zal Begim Matyoqubova “shikoyat arizasidan keyin ustalar brigadasi kelib ish boshlaganini” tasdiqladi:

“Tovuq katagi kabi uy. Yotoqxonasining eni 2 metru 40 santimetr. Koridorga o‘xshaydi. Bank bilan shartnoma tuzib o‘zimga ajratilgan uyning boshlang‘ich pulini to‘laganimizga yaqinda ikki oy to‘ladi. 4- uydan kvartirani olib uyni to‘liq o‘z nomimga rasmiylashtirib ham oldik, endi esa bankka oylik foiz to‘lashni boshladik. Shikoyatda yozganimizdek uy emas beton korobka oldik. devorlariga gipsokarton qoqib tashlangan. Ammo shikoyatdan keyin qimirlab qolishdi. Shu kunlarda ustalar kelib ishlayapti”.

G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda muharrir bo‘lib ishlaydigan shoira ta’mirtalab bo‘lsa ham uy olganidan mamnun:

“Uy sovg‘a emas, lekin yaxshi imtiyoz qilib berdi davlat rahbari. Besh yil 7 foiz, keyin esa yilga 16 foizdan. Yigirma yilga. Boshlang‘ich to‘lov 15 foiz to‘ladik. O‘ttiz yillab Toshkentda uysiz yashagan ijodkorlar uyli bo‘lishdi. Faqat quyidagi amaldorlar mas’uliyatsizligi tufayli biroz ovoragarchilik bo‘ldi. Lekin uy shaharning qoq markazidan. Xalqlar do‘stligi, Istiqlol san’at saroyiga yaqin. Shaharning bu qismidagi boshqa uylarning narxiga taqqoslaganda arzonroq tushdi uy. Ikki xonali oldim. Ikki yuz o‘n ikki million to‘lashim kerak 20 yil davomida”

"Fe’li keng shoirlar uchun tor uy"

Dizayner rassom Shuhrat G‘olibov yozuvchi tanishi olgan uy bu narxga arzimasligini aytadi:

“Uyni borib ko‘rdim. Bir tanishim olgan edi. "Xrushchevka" uylarning o‘lsa o‘ligi ortiq. Tovuq katagidek kvartiralar. Bir yoq tomoni Kamolon mozoriga qaragan. Uying tor bo‘lsa ham fe’ling keng bo‘lsin degan maqolga yarasha uy”.

Ko‘zbo‘yamachilikmi ?

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolaridan biri¸ ismi aytilishini istamagan yozuvchi Ozodlikning bu masalani ko‘targanini bilib, bir nechta rasm yubordi. Birinchi rasm O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi sayti va boshqa nashrlarda e’lon qilingan. Rasmda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yozuvchilarga berilgan yaxshi jihozlangan kvartirani ko‘zdan kechirmoqda. Matbuotda yozilishicha, rasmda to‘rtinchi raqamli uy tasvirlangan. Ozodlikka murojaat qilgan yozuvchi ayni shu to‘rtinchi uydagi kvartira suratini yubordi.

Ëzuvchilar uy berilgan uy oshxonasi
Ëzuvchilar uy berilgan uy oshxonasi

“Bu ikki rasmni solishtiring. Shahar hokimi Ortixjo‘jayev O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyevga uyni ko‘z-ko‘z qilmoqda Orqada uyushma vakili Sirojiddin Sayid ham turibdi. Bu rasmni ko‘rib ayni uydan kvartira kaliti olganimga sevinib ketgan edim. Ammo uyni ko‘rib xafsalam pir bo‘ldi. Ortiqxo‘jayev uy jihozlarini vaqtincha o‘rnatib, keyin olib ketganligiga ishonaman. Ammo nahotki devordagi gulqog‘ozni ham ko‘chirib ketgan bo‘lsa. Bu qadar ko‘zbo‘yamachilikni ijodkorlar ko‘rmaydi deb o‘ylashdimi”, deydi yozuvchi.

Shoirparvar prezident

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga o‘tirgan ilk davridayoq shoirlarga alohida e’tibor qaratdi.

Shoir Abdulla Oripovning janozasida qatnashdi. Karimov davrida taqiqqa tushgan shoira Halima Xudoyberdiyevani orden bilan taqdirladi.

“Shoirlarga uy berilsa ular yaxshi ijod qiladi” degan edi prezident Mirziyoyev 2016 yilgi selektror yig‘ilishida. 2016 yil 22 noyabrda prezident imzo chekkan PK – 2660 qarori yozuvchilarga sharoit yaratish borasidagi ilk qadam bo‘ldi.

2017 yil 23 oktabrdagi PK-3350 sonli qaror va Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 13 iyundagi “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, 2020 yil 28 yanvardagi 37-F sonli farmoyishi va «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlar ham shu siraga kiradi.

Shu qarorlar asosida Toshkent shahrida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida 110 ta kvartirali uy-joy qurilishi boshlandi.

Toshkent shahar hokimining 2020 yil 12 iyundagi “Toshkent shahrida barpo etilayotgan uylarni qurish va obodonlashtirish hamda rasmiylashtirish ishlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida yozuvchilar uchun ajratilgan ushbu uylardagi qurilish ishlarini joriy yilning 15 iyuliga qadar yakunlash vazifasi belgilangan edi.

Biroq yozuvchilarga atab 2016 yilda qurish boshlangan uylarning faqat bir qismi bitdi. "Bitdi "deya foydalanishga topshirilganlari ham uy egalarining aytishicha, remonttalab.

Bu uylarni qurayotgan Toshkent shahar hokimligi "Yagona buyurtmachi xizmati injiniring " shirkati vakili Ozodlik bilan suhbatda muammolarga to‘g‘ri yondoshilib, uylarning kosmetik ta’miri nihoyasiga yetkazilishini va’da qildi.

XS
SM
MD
LG