Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:47

Rossiya saylovlari: «Yedinaya Rossiya» yana g‘olib; Tomskda Navalniy tarafdorlari saylandi


Tomskda mahalliy saylov komissiyasi a’zolari ovoz berish varaqalarini sanamoqda.
Tomskda mahalliy saylov komissiyasi a’zolari ovoz berish varaqalarini sanamoqda.

Rossiya bo‘ylab 11-13 sentabr kunlari mahalliy saylovlar o‘tkazildi.

Mahalliy saylov rasmiylari e’lon qilgan dastlabki saylov natijalari Tomsk shahrida Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning ikki hamkori g‘olib chiqqanini ko‘rsatdi.

Saylov rasmiy natijasi 14 sentabr kuni e’lon qilinadi.

Boshqa hududlarda esa hukmron «Yedinaya Rossiya» partiyasining qo‘li baland kelgani aytilmoqda.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, Tomsk shahrida Kseniya Fadeyeva hamda Andrey Fateyev g‘olib chiqqan. Navalniy o‘tgan oyda aynan Tomsk shahrida zaharlangan edi. Germaniya vrachlari muxolifatchi sovet davrida ishlab chiqilgan «Novichok» moddasi bilan zaharlanganini xulosa qildi.

Mahalliy saylov rasmiylariga ko‘ra, Tomskda umumiy hisobda eng ko‘p ovozni hukmron «Yedinaya Rossiya» partiyasi (24 foiz) to‘plagan.

Novosibirsk shahrida ham Navalniyning shahardagi jamoasi yetakchisi Sergey Boyko g‘olib chiqqani aytilmoqda.

«Yedinaya Rossiya» hukmronligini tugatish uchun Navalniy «Aqlli ovoz berish» strategiyasini ishlab chiqib, Sibirda shahar kengashlariga o‘nlab nomzodni qo‘lladi.

«Yedinaya Rossiya» partiyasi kengashi kotibi Aleksey Turchak ovoz berganlar orasida o‘tkazilgan so‘rov hamda dastlabki sanoq hukmron partiya barcha hududda g‘alaba qozonganini ko‘rsatganini aytdi.

Ammo «Golos» mustaqil nazorat guruhi saylovlarda qator qonunbuzarliklar qayd etilganini xabar qildi. Xususan, guruhga ko‘ra, soxta qog‘ozlar saylov qutisiga tashlangan hamda haqiqiy saylovchilar ovozlari almashtirib qo‘yilgan holatlar kuzatilgan.

Shuningdek, koronavirus pandemiyasi tufayli saylovchilarga muddatidan erta ovoz berish imkoniyati berilgani ham xavotirlarga sabab bo‘ldi.

Rossiyada keyingi yilda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Mahalliy saylovlarning reytingi pastlab borayotgan hukmron partiya uchun muhim sinov bo‘lishi kutilmoqda.

Saylovda nomzodlar 18 ta viloyat gubernatorligi o‘rni uchun bellashdi. Bundan tashqari, 11 hududiy hokimiyat va 22 shahar hokimiyati saylovi bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, Rossiya parlamentning quyi palatasi – Davlat dumasidagi to‘rt bo‘sh o‘rinni to‘ldirish uchun qo‘shimcha saylov o‘tkazildi.

Hukmron "Yedinaya Rossiya" partiyasi va prezident Putinning ashaddiy tanqidchisi Aleksey Navalniy 20 avgust kuni zaharlangan edi. Ayni damda u Berlindagi shifoxonada davolanmoqda. Muxolifatchi tarafdorlariga ko‘ra, uning zaharlanishida Kremlning qo‘li bor.

Mahalliy saylovlarda Navalniy asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi «Yedinaya Rossiya» nomzodlari ustidan g‘alaba qozonishi mumkin bo‘lgan nomzodlarni qo‘lladi.

XS
SM
MD
LG