Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:33

Markaziy bank raisi qoramol va go‘sht qimmatlaganini aholiga ko‘p miqdorda kredit berilgani bilan izohladi


Keyingi haftalarda Qirg‘izistonda go‘sht narxi kamida 10 foizga qimmatlab ketdi. So‘nggi bir necha yil davomida deyarli o‘zgarishsiz turgan narxlarning keskin ortib ketishini mahalliy qassoblar ham, rasmiylar ham chorvaning qo‘shni davlatlarga, jumladan O‘zbekistonga eksporti kuchaygani bilan izohlamoqda.

Ayni paytda O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududlarida ham, mahalliy aholidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, go‘sht qimmatlagan.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov 15 sentabrda O‘zA savollariga javob berar ekan, qoramol va go‘sht qimmatlaganini aholiga ko‘p miqdorda kredit berilgani bilan izohladi

O‘zbekistonning Andijon viloyati bilan chegaradosh Qirg‘izistonning O‘sh shahrida shu kunda bir kilo mol go‘shti 400 qirg‘iz so‘miga sotilmoqda. Ayrim xabarlarga qaraganda, narxni 420 so‘mga ko‘targan qassoblar ham bor.

O‘shlik Ma’mirjon hojining 15 sentabrda Ozodlikka aytishicha, u so‘nggi bor go‘shtni uch kun oldin xarid qilgan edi.

"Ikki kilo mol go‘shti oldim. 420 so‘mdan. Bahorda karantin boshlanganidan keyin 370 so‘mga chiqib ketgan, shahar hokimiyati aralashuvi bilan 10 so‘mga tushirilgan edi. Karantingacha bir necha yil deyarli o‘zgarishsiz, 320, 330 so‘m atrofida turgan edi narxlar".

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatining xabar qilishicha, mamlakat poytaxtida narxlar o‘sishi yanada sezilarlidir. Bishkeklik Senjarbek Usenaliyevning radioga aytishicha, "bir yil muqaddam bir kilo mol go‘shti 260-270 so‘m turar edi, shu kunda esa, 380-400 so‘mga chiqib ketdi".

Shu kunda qariyb 80 qirg‘iz so‘mi 1 AQSh dollariga teng. Demak, Qirg‘izistonda 1 kg mol go‘shti butun mamlakat bo‘ylab taqriban 5 dollardan sotilmoqda. Gap kategoriyalanmagan, an’anaviy suyakli go‘sht ustida ketmoqda.

Mavzuni o‘rgangan Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati respondentlarining deyarli barchasi narx o‘sib ketishini qo‘shni mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonga chorva eksporti kuchaygani bilan izohlagan. Bunday fikrni Qirg‘iziston rasmiylari ham bildirgan.

Qirg‘iz Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurash agentligi rahbari Shuhrat Sobirov keyingi ikki-uch haftada joylarda go‘sht narxi 8-10 foizga ko‘tarilib ketganini tan olar ekan, bu holatni qo‘shni davlatlarga chorva sotish ko‘lami oshib ketgani bilan izohlab, bunday degan:

"Sababini o‘rgandik. Qo‘shni mamlakatlarga chorva ko‘p sotila boshlagani, natijada mahalliy bozorda jonliq qimmatlab ketgani go‘sht narxi oshib ketishiga sabab bo‘ldi".

Shuhrat Sobirovning aytishicha, go‘sht ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlardandir va bunday tovarlar narxi bir oyda 20 foizga ko‘tarilib ketgan taqdirdagina davlat narxlarni tartibga solish choralarini ko‘rishi mumkin.

Qirg‘iz Respublikasi milliy statistika qo‘mitasi matbuot kotibi Asel Akmataliyevaning Azattiq radiosiga bildirishicha, joriy yilning birinchi yarmida 2019 yilning mos davridagi ko‘rsatkichga nisbatan qoramol eksporti 14,1 martaga oshgan.

"Qoramol, asosan, Tojikiston bilan O‘zbekistonga sotildi", degan Qirg‘iziston Statistika qo‘mitasi rasmiy vakili.

Qirg‘iz Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurash agentligi rahbari Shuhrat Sobirov chorva eksporti hajmi keskin oshib ketganini qo‘shnilarda go‘sht Qirg‘istondagidan qimmatroq ekanligi bilan izohladi.

"Tojikiston bilan O‘zbekistonda mol go‘shti qirg‘iz so‘miga chaqqanda 450-460 so‘mga teng. Qo‘y go‘shti esa, 500 qirg‘iz so‘miga teng. Shuning uchun bizning chorvaga talab kuchayib ketdi".

Qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qirg‘izistonlik mutaxassis Baqit Mamitkanov yuzaga kelgan vaziyatni o‘tgan yili Qozog‘iston joriy qilgan cheklovlar bilan izohladi:

"O‘tgan yili Qozog‘iston Qishloq xo‘jalik vazirligi chorva mollari eksportini taqiqlab qo‘ydi. O‘zbekiston bilan Tojikiston import qiluvchi chorvaning katta qismini Qozog‘istondan olar edi. Natijada Qozog‘iston kiritgan cheklov bizning foydamizga bo‘ldi: chorvani ko‘proq sota boshladik".

Vodiy viloyatlaridagi narxlar

Qirg‘izistonning uch janubiy viloyati O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysidagi uch viloyati bilan chegaradosh. Namangandan 15 sentabrda olingan ma’lumotga qaraganda, shu kunda bu shaharda bir kilo mol go‘shti narxi 55 -60 ming so‘m. Bu ma’lumotni bergan namanganlikning aytishicha, narxlar so‘nggi 2-3 oyda o‘zgarmagan.

Farg‘onadagi narxlar ham deyarli Namangandagiday: mol go‘shti 60 ming, qo‘y go‘shti 65 ming so‘m. Bu haqda xabar qilgan farg‘onalikning aytishicha, koronavirus bilan bog‘liq karantin davrida mol go‘shti ham, qo‘y go‘shti ham 5 ming so‘mdanga qimmatlagan.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Mamrizo Nurmurotov O‘zA muxbiri bilan suhbatda mamlakat go‘sht bozoridagi vaziyatni sharhlar ekan, jumladan bunday dedi:

- Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish doirasida eng asosiy va ko‘p kreditlar aynan shu ikki yo‘nalishda (issiqxona va chorvachilik - Ozodlik) berilmoqda. To‘g‘ri, bu holatda iste’molchi sifatida siz haqsiz. Qoramolni arzon olishga ham haqlisiz. Lekin, jarayonga makroiqtisodiy nuqtai nazardan ham qarashimiz shart. Ko‘pchilik yaxshi eslaydi, 2016 yilda qoramolchilik, parrandachilik, limonchilikni rivojlantirish uchun aholiga ko‘p miqdorda kreditlar berildi. Shunda, aynan qoramol xaridi uchun 2,7 trillion ajratilgan edi. So‘ngra go‘shtni va qoramolni narxi keskin oshib ketdi. Nima uchun, chunki, mavjud qoramollarning ma’lum egasi bor. Siz yangi qoramol egasi bo‘lmoqchisiz, lekin qoramol soni ko‘paygani yo‘q. Bu o‘z - o‘zidan narxlarni oshishiga olib keldi. Shu sababli biz viloyat hokimliklariga tuyoq sonini ko‘paytirgan holda aholiga kredit berishni talab qildik.

XS
SM
MD
LG