Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 15:37

Bosh prokuratura huzuridagi MIB xodimlari: Oyliksiz ishlayapmiz


MIB xodimi ko‘cha kezmoqda

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining (MIB) Jizzax viloyat boshqarmasi xodimlari Ozodlik bilan 17 - sentabrdagi suhbatda mart oyidan beri oyliksiz ishlayotganlarini aytdi.

Ularning aytishicha¸ o‘nlab oliy ma’lumotli xodimlar ishdan bo‘shatilgan¸ qolganlarning aksari oyliksiz ishlamoqda.

17 - avgust kuni Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyati boshqarmasining o‘zini Hayot aka deb tanishtirgan mulozimi Ozodlik muxbiri savoliga javoban “hech kim ishdan bo‘shatilmadi va oyliksiz ishlatilmadi” dedi.

Ozodlik tasarrufidagi audioyozuvda aks etgan ma’lumotlar esa, mulozimning gapiga to‘g‘ri kelmadi.

16 - sentabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosi Jizzax boshqarmasi xodimlari “mehnat ta’tiliga chiqarilib oylik to‘lanmay majburan ishlatilayotgani” haqida MIB xodimlaridan kelgan va Ozodlikda e’lon qilingan xabarga raddiya sifatida bayonot e’lon qilgan edi.

Bayonotda “Xodimlar ishga majburiy jalb etilmaydi, ish haqlari esa doimiy berilmoqda” deyilgan.

Bayonotda "Xodimlarga o‘tgan davr davomida har oyning 5 sanasiga qadar muntazam oylik ish haqlari hisoblangan holda to‘lab kelinayotganligi" ma’lum qilinadi.

Ozodlik 17- sentabr kuni jizzaxlik MIB xodimi bilan qayta bog‘landi. U shtat jadvalidagi xodimlarning 50 foizi oyliksiz ta’tilga chiqarilib, majburan ertadan kechgacha ishlatilayotganligini iddao qildi.

Xodimlar oyliksiz ta’tilga chiqarilgani boshqarma bayonotida ham tan olingan:

"Majburiy ijro byurosi organlarida ham karantin cheklovlarini inobatga olgan holda ishlar masofadan turib tashkillashtirilgan bo‘lib, tizimda faoliyat olib borayotgan xodimlar ixtiyoriy ravishda o‘z hisobidan oylik maoshlari saqlanmagan holda mehnat ta’tiliga chiqqan hamda ushbu ta’tildagi xodimlar majburiy tarzda ishga jalb etilmaganligini ta’kidlashimiz lozim".

Ozodlik tasarrufida Majburiy ijro byurosi Jizzax viloyati boshqarmasida o‘tkazilgan majlis audiosi bor. Audioda boshqarma boshlig‘i ekanligi taxmin qilingan ovoz sohibi MIB xodimlarining oyliksiz ishlaganini e’tirof qilib “bu vatanparvarlik taqozosi va davlat oldidagi burchni ado etish” deya ta’kidlaydi.

Oyliksiz ishlash MIB xodimi uchun vatanparvarlikmi?

MIB xodimlarining mart oyidan beri oyliksiz ishlatilayotgani Ozodlik qo‘liga yetib kelgan audioda o‘z tasdig‘ini topadi.

Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosi Jizzax boshqarmasida 16 -sentabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda “ Oyliksiz ishlatilgan MIB xodimlari haqidagi ma’lumotni Ozodlikka kim berdi” deya dag‘dag‘a qilinadi:

Biz bir oilamiz. Oiladagi muammo oila ichida hal qilinadi. Uydagi gap ko‘chaga chiqarilmaydi. Endi shtat jadvalidagi 50 foiz odamning oyliksiz ta’tilga chiqarib ishlatilayotganiga kelsak. Mana prezidentimiz aytganidek pandemiya bu urush davriga o‘xshaydi. Urush davrda ota bobolaramiz vatan uchun oyliksiz ishlashgan. Uyidagi boyligini ham tank qurish uchun berishgan. Bugun biz ham shunday bo‘lishimiz kerak. Vatanimiz¸ davlatimiz qiyin ahvoldda turgan paytda oyliksiz ishlash vatanparvarlik burchimizdir. Vaqtida katta katta oylikni oldikku. Prokurordan ham katta oylik olgan vaqtimiz bo‘ldi. Bir oyda ikki martadan mukofot puli ham oldik. Uylik, mashinalik bo‘ldik. Bugun endi o‘sha olgan oyligimiz xurmatiga maoshsiz ishlab tursak bir joymiz kamayadimi? Kimdir kechki 12gacha ishladim deb shikoyat qilibdi. O‘zi aybdor. Shu ishni soat 8 gacha tugatsa bo‘ladiku. Byudjetda pul yo‘qligini bilib turibsizlar. Oylik¸ oylik demasdan sabr qilib turinglar” deyiladi Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosi Jizzax boshqarmasi rahbari ovozi deya ishonilgan audioyozuvda.

Butun respublika bo‘ylab

17 - sentabr kuni Ozodlik muxbiri Majburiy ijro byurosi respublika boshqaruvi va kamida 4 ta viloyatida xodimlarning aksariyati mart oyidan beri oylik ola olmayotganligini aniqladi.

Ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlika gapirgan MIB ning Toshkent viloyati boshqarmasida ishlaydigan yuqori lavozimli ayol “sabr kosasi to‘lganligini” aytadi:

Ikki oliy ma’lumotim bor. Yuridicheskiyni tugatganman. Qibraydan qatnab ishlayapman. Martdan beri oylik olmadim. Yo‘lkira pulni yonimdan sarflayapman. Doriga pul yo‘q. Shu ish joyim yo‘qolmasin deb ishlayapman. Ancha xodimlar pandemiya bahonasida ishdan bo‘shatildi”

Ozodlik muxbiri MIBning Toshkent tuman bo‘limidan bo‘shatilgan 35 yashar oliy ma’lumotli mutaxassis bilan gaplashdi:

Meni mehnat qonunlariga zid tarzda ishdan bo‘shatishdi. Byudjetda pul yo‘qligi asos deb olindi. Ishdan bo‘shaganimdan keyin ikki oylik maosh miqdorida moddiy yordam berilishi kerak edi, berilmadi. Ishdan bo‘shatish shtat qisqarish bilan bog‘liq bo‘lgani uchun MIB meni ishga joylatirishi kerak edi. Hech kim qayrilibam qaramadi. Uyim yo‘q. 3ta farazndim bor. Xotinim ikkiqat. Ijarama ijara yuribman. Meni ishlatib- ishlatib tashqariga uloqtirgan MIB rahbariyatidan noroziman” .

Ozodlik bu xodim borasida MIB xodimlar bo‘limi bilan gaplashdi. Xodimlar bo‘limi mulozimi “bu xodim ishga joylashtirilib ikki oylik maosh miqdorida moddiy ko‘mak berilishini” va’da qildi.

O‘tgan xaftada Ozodlikka Qashqadaryo MIB xodimlari murojaat qilib "ta’tilga chiqarilgan xodimlar majburan oyliksiz ishlatilayotganidan shikoyat qilgan edi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev majburiy mehnatga qarshi bir qancha ishlarni amalga oshirmoqda. Lekin Qashqadaryo viloyat MIB boshlig‘i o‘z hisobidan ta‘tilga chiqqan xodimlarni ham ishga chaqirmoqda, xodimlar ishga kelganini isbotlash uchun suratga tushib jo‘natishi kerak. Ta’tildagi xodimlarning ishga chaqirilishi mehnat qonuniga zid-ku...”

Ozodlik xuddi shu shakldagi shikoyatni¸ ya’ni "o‘z hisobidan ta’tilga chiqqan MIB xodimlarini ishga chaqirib oyliksiz ishlatilgani" borasida MIB Xorazm viloyat boshqarmasi xodimlaridan ham eshitdi.

"Piligi pasaygan" MIB

O‘zbekiston prezidenti 18 - iyunda imzolagan “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 6010-sonli farmoniga muvofiq aholidan gaz va elektr to‘lovlarini undirish Majburiy ijro byurosi zimmasidan olingan edi.

Majburiy ijro byurosining Ozodlik suhbatlashgan rasmiylaridan biri byudjetda oylik maoshga pul yetmasligi bilan bog‘liq muammo “Undiruv” bo‘limi tugatilganidan keyin ham davom etayotganii aytdi:

Gaz, svetni kim sotsa pulini ham o‘zlari undiradi. MIB shug‘ullanmaydi. Kommunal soha va maishiy chiqindilar bo‘yicha ham faoliyatimiz tugatildi. Lekin sud hamda boshqa organ qarorlarini ijro etish funktsiya va vazifalarini davom ettiryapmiz. Oylik maosh berilmagani xodimlarimizda motivatsiyani kamaytirdi. Buni tan olaman. Buning oqibatida davlat ham, jamiyat ham zarar ko‘rmoqda. Oddiy aliment yoki jarimalarni undirish sur’ati oldingidan susaydi”.

Pandemiyaga qadar O‘zbekiston MIB tizimida 14 mingga yaqin xodim ishlagan. Mulozimning aytishicha¸ ishdan bo‘shatilganlar soni 20 foizdan sal oshadi.

2017 z yil 29- maydagi prezident farmoniga ko‘ra, Adliya vazirligi huzuridagi Sud departamenti tugatilib, Bosh prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etilgan edi.

XS
SM
MD
LG