Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:19

OzodDayjest: Rossiyada yashirinib yurgan minglab o‘zbekistonlik amnistiya qilinishi mumkin


O‘zbekistonning tashqi qarzi borasida xavotirlanmaslik tavsiya qilindi. Toshkentlik "Maugli" 25 yil deganda tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani oldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Liberal partiya rahbari: “O‘zbekistonning tashqi qarzi borasida xavotirga aslo o‘rin yo‘q”

O‘zbekistonning tashqi qarzi borasida xavotir yoki tushkunlikka tushishga hech qanday asos yo‘q, deb hisoblaydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov (“XXI asr” gazetasi, 17-sentabr).

Mamlakatning tashqi qarzi 2019 yilda 17-19 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil 25 milliard dollardan oshdi. Qarz miqdori o‘sayotgani ijtimoiy tarmoqlarda xavotirli holat deya baholanayotgani sir emas.

A.Hayitovga ko‘ra, O‘zbekistonning hozirgi kundagi tashqi qarz miqdori juda ham past darajada hisoblanadi. Ushbu ko‘rsatkich yalpi ichki mahsulotga nisbatan 34 foizni tashkil etadi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston tashqi qarzini YaIMga nisbatan 55 foizgacha jalb etishni mo‘’tadil yoki barqaror deb baholashini ma’lum qilgan.

“Davlat tashqi qarzini qaysidir ma’noda davlatga bo‘lgan “ishonch miqdori” deb ham tushunsa bo‘ladi. Axir, qarz (yoki investitsiya) duch kelgan odamga yoxud davlatga berilavermaydi-ku! Avval uning ishonchliligi, iqtisodiy imkoniyatlari va istiqbollari tekshiriladi” , - deydi O‘zLiDeP yetakchisi.

Liberal partiya rahbariga ko‘ra, davlatning tashqi qarzini muhtojlik tufayli olingan oddiy qarz ma’nosida tushunmaslik kerak. Ushbu tushuncha maqsadli kreditlar, sarmoyalar va boshqa mablag‘larning mamlakat iqtisodiyotiga kirib kelishini anglatadi.

Rossiya bir milliondan ortiq o‘zbekistonlik muhojirni amnistiya qilishi mumkin

O‘zbekiston hukumati Rossiyaga kirishi taqiqlangan yoki ayni vaqtda ushbu mamlakat hududida taqiqqa tushishidan qo‘rqib migratsiya xizmatlaridan yashirinib yurgan yuz minglab vatandoshlarning amnistiya qilinishiga erishmoqchi (www.daryo.uz, 16- sentabr).

Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Davlatnazar Matrasulov ma’lum qilgan. Bosh vazir maslahatchisi boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarga munosib shart-sharoitlar yaratishga doir hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida 16-29- sentabr kunlari Rossiyada bo‘ladi.

Tashrif chog‘i ushbu mamlakat ichki ishlar vazirligi vakillari ham uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan.

Davlatnazar Matrasulovning ta’kidlashicha, bo‘lajak uchrashuvda Rossiyaga kirishi taqiqlangan yoki mahalliy migratsiya qonunchiligi talablarini buzgani uchun ushbu mamlakat hududidan chiqolmay, yashirinib yurgan minglab o‘zbekistonliklarni amnistiya qilish masalasi muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.

Rossiya IIV bergan ma’lumotga ko‘ra, ushbu davlatda taqiqqa tushib qolish ehtimolidan qochib yurgan, ya’ni ro‘yxatda turmagan 600 ming nafar fuqarolarimiz bor.

O‘tgan yillar davomida yana 421 ming nafar o‘zbekistonlik taqiqqa uchragani uchun vataniga qaytib kelgan.

Toshkentlik “Maugli” 25 yil deganda tug‘ilganlik guvohnomasini oldi

Nogironligi bo‘lgan Shohrux Allamovni onasi uch yoshligida Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi ko‘p qavatli uy yoniga tashlab ketgan (www.uza.uz, 14- sentabr). Shu tariqa u ko‘chada ulg‘aygan.

“Kechalari gohida do‘kon atrofida, gohida ko‘p qavatli uylar podyezlarida, yerto‘lalarda yotib kun o‘tkazdim. Shu tariqa bolaligim o‘tib ketdi. Keyinroq do‘kon va do‘kon atrofini tozalash kabi ishlarni bajarganim uchun do‘konchilar menga qarab yurishdi. O‘qish va yozishni o‘rgatishdi”, - deb eslaydi u.

Yetim, buning ustiga tug‘ma nogiron bo‘lgan Shohruxning shu vaqtga qadar tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi va fuqarolik pasporti yo‘q edi. Bu masalada u yillar mobaynida 50 ga yaqin tashkilotga murojaat etgan, ammo hech biri uning murojaatini tinglamagan.

Ba’zi mutasaddi xodimlar esa “Uka, cho‘pchagingni eshitishga vaqtim yo‘q. O‘rgildim sendaqa toshkentlik Mauglidan!” deya kinoya va zarda qilgan.

Qayd etilishicha, Sh.Allamov Toshkent shahri xalq qabulxonasi va Milliy axborot agentligi ko‘magida, 25 yil deganda tug‘ilganlik haqida guvohnoma oldi.

Chilonzor tumani 2-mavze sport maydonchasidagi tashlandiq joyda yotib yurgan yigitgcha yaqin kunlarda fuqarolik pasporti berilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG