Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2020, Тошкент вақти: 14:53

OzodDayjest: Kosonsoylik "Romeo va Julyetta" bir-birining joniga qasd qildi. "Romeo" tirik, "Julyetta" o‘ldi


Bloger senatorga e’tiroz bildirdi. Namanganlik sevishganlarning fojiali taqdiri Romeo va Julyettani yodga soldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Namangan: yaqinlari turmush qurishiga qarshilik qilgan yigit va qiz bir-birining joniga qasd qildi

Namangan viloyati Kosonsoy tumanida yashovchi yigit va qiz o‘zaro kelishgan holda bir-birining joniga qasd qildi (www.xabar.uz, 16 - sentabr).

Ma’lum bo‘lishicha, 21 yoshli I.M. (yigit) va 20 yoshli K.M. (qiz) besh yil davomida bir-birini yaxshi ko‘rib yurgan. Ammo K.M.ning otasi yoshlarning turmush qurishiga rozilik bermagan va qizini boshqa yigitga unashtirib qo‘ygan.

Oshiq yigit 14- sentabr kuni qizning otasi oldiga borib, takror uning qo‘lini so‘ragan, ammo yana rad javobini eshitgan.

Oshiq va ma’shuqa bundan norozi bo‘lib, hayot bilan vidolashishga qaror qilgan.

Dastlab K.M. yaxshi ko‘rgan yigiti I.M.ning qorin qismiga oshpichoq bilan bir marotaba urib, so‘ngra pichoqni I.M. ga bergan va chavaqlashni so‘ragan. I.M. pichoq bilan K.M.ning qorin qismiga bir marotaba urgan va oqibatda qiz vafot etgan. Yigit esa shifoxonaga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, yigit va qiz Kosonsoy tumani markazida joylashgan dehqon bozoridan oshpichoqni 4000 so‘mga sotib olgan va “Namuna shirin” fermer xo‘jaligi dala maydoniga borib, shunday nomaqbul ishga qo‘l urishgan.

Mazkur holat bo‘yicha prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mahalliy matbuot ushbu fojia “Romeo va Julyetta” asari syujetini yodga solishiga e’tibor qaratgan.

Senator madaniyat vazirligiga e’tiroz bildirdi, senatorga esa bloger...

So‘nggi kunlarda “Bravo” jamoasi a’zosi Ahmad Temurov va xonanda Vohidjon Isoqov karantin qoidalariga zid ravishda to‘y o‘tkazgani uchun jarimaga tortildi (www.qalampir.uz, 17 - sentabr).

Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev madaniyat vazirligiga san’atkorlar masalasida senator so‘rovi yuborilganini ma’lum qildi.

“Tabriklash uchun kelgan o‘ndan ortiq san’atkorlarimiz hamda yuzga yaqin mehmonlarning ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish nima ekanligi yodlaridan ham chiqib ketganligini tarqalgan video va fotolardan yaqqol ko‘rinib turibdi. Ahmad Temurov, Vohidjon Isoqov o‘rnatilgan tartibda jarimaga tortilganidan xabarimiz bor, biroq bunday xatti-harakatlar “tartib qoidalarga zid ravishda mana shunday to‘y o‘tkazib, belgilangan jarimani to‘lab ketish bilan osongina qutulish mumkin” degan noto‘g‘ri xulosalar shakllanishiga sabab bo‘lishi yomon” , -deyiladi sobiq madaniyat vaziri, amaldagi qo‘mita raisi Baxtiyor Sayfullayev nomidan tarqatilgan bayonotda.

Ushbu holatga munosabat bildirgan bloger Otabek Bakirov qonun-qoida barchaga birdek tatbiq etilishi lozimligini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, butun boshli viloyat hokimi va senator Shuhrat Abdurahmonov karantin payti qizining tug‘ilgan kunini dabdaba bilan nishonlangani uchun senatorlar tomonidan zarracha e’tiroz bildirilmagan bir paytda jarima to‘lagan shou biznes vakiliga qattiqroq jazo talab qilish nosamimiy ko‘rinmoqda.

“Qoida buzgan shou-biznes vakillari borasida madaniyat vazirligiga so‘rov yuboribsiz – yaxshi, lekin qoida buzgan viloyat hokimi borasida nega masalan, hukumatga senatorlik so‘rovi jo‘natishni muvaffaqiyatli tarzda esdan chiqardingiz?” - deya senatorni savolga tutadi bloger.

Koronavirusga qarshi spirtli ichimlik ichgan mast haydovchi javobgarlikka tortildi

Samarqand shahri YHXB xodimlari tomonidan 13 - sentabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi reyd tadbirlarida haydovchilik guvohnomasisiz va mast holda avtomobil boshqargan bir qancha haydovchilar aniqlandi. Bu haqda YHXBB matbuot xizmatiga tayanib bir qator nashrlar xabar berdi.

Reyd davomida spirtli ichimlik ichganlikda gumon qilingan haydovchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda haqiqatan ular mast ekani aniqlangan. Nima uchun spirtli ichimlik ichdingiz, degan savolga haydovchilardan biri xato qilganini aytib, uzr so‘ragan.

“Ko‘p ichganim yo‘q. 50 gramm aroq ichdim koronavirusga qarshi. Men yomon ish qilganim yo‘q” , - degan boshqa bir haydovchi.

Mast holda ekani aniqlangan haydovchilarga qonunda belgilangan tartibda jazo tayinlangan.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020 yil yanvar oyidan avgust oyigacha 3596 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Shundan 2,4 foiz YTH mast holda avtotransportni boshqarish tufayli sodir bo‘lgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG