Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2020, Тошкент вақти: 15:07

Toshkentdagi Onkologiya markazida radioterapiya uskunasi bir oydan beri buzuq. Bemorlar uylariga jo‘natilyapti


Toshkentdagi Onkologiya markaziga Elekta Infinity shirkati ishlab chiqargan zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasi 2018 - yilda qariyb 2 million dollar evaziga o‘rnatilgandi.

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida saratonga qarshi yagona radioterapiya uskunasi buzilganidan bir oydan oshiqroq vaqt o‘tib ham tuzatilmagan.

Bu haqda 19 - sentabr kuni Ozodlikka xabar yuborgan bemorlarga ko‘ra¸ oqibatda ular vaqtida muolaja olisholmayapti. Ayrimlari ahvoli og‘irlashganini aytishdi.

Ozodlik markazdagi saratonga qarshi radioterapiya uskunasi avgust oyi o‘rtalarida ishdan chiqqani haqda 3- sentabr kuni xabar bergandi.

O‘shanda markaz bosh vrachi muovini Dilnoza Anvarxo‘jayeva Elekta Infinity nur berish uskunasi Britaniyadan sotib olib kelinganidan ikki yil o‘tib uning muhim detali ishdan chiqqani, uni chetdan oldirish koronavirus pandemiyasi sharoitida kechikayotganini aytgandi.

Soliq to‘lovchi puliga olingan 2 million dollarlik uskunaning ikki yil ichida ishdan chiqarilishiga¸ mutaxassislarga ko‘ra¸ undan me’yoridan ortiq foydalanish sabab bo‘lgan.

Ko‘krak bezi saratoniga chalinib, Toshkentdagi Respublika Onkologiya markazida statsionar sharoitda davolanayotgan bemorlardan biri Ozodlik bilan suhbatda nur berish uskunasi buzilib qolgani sabab qirq kundan beri lozim muolajani ololmayotganini aytar ekan bunday dedi:

- Bir oydan beri buzilgan, hali ham tuzatishgani yo‘q. Bu yerda yotgan bemorlardan ikki nafarini ahvoli og‘irlashdi. Men ham o‘zimdan juda havotirdaman. Shu oy boshida Ozodlik xabar berganidan keyin zapchastini olib kelishgan, endi uni o‘rnata olisholmayapti. Bizga shunday deyishdi. Ozodlikka aytibsizlar, bizni o‘zimizga aytsalaring bo‘lardiku, deb koyib berishdi. Tuzatishmasa prezident portaliga ham yozamiz, deb turibmiz, - deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan bemor.

Onkologiya markaziga radioterapiya uchun kelgan ayrim bemorlarga nur berish uskunasi buzilgani uchun uylariga javob berilgan.

Ayni vaqtda markazda qirqqa yaqin bemor statsionar sharoitda davolanmoqda.

Toshkentdagi Onkologiya markaziga Britaniyadan Elekta Infinity shirkati ishlab chiqargan zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasi 2018 - yilda qariyb 2 million dollar evaziga o‘rnatilgan.

Markazda davolanayotgan bemorlardan biri Ozodlikka radioterapiya uskunasining har kun tungi soat 1 gacha ishlatilganiga guvoh bo‘lganini bildirgandi.

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Radioterapiya bo‘limi boshlig‘i Shavkat Nazarqulov uskuna tuzatilishi kechikadigan bo‘lsa¸ nur muolajasi juda zarur bo‘lgan bemorlarni markazning boshqa bo‘limlariga yuborish mumkinligini aytgandi.

Ammo, bemorlar Ozodlik bilan suhbatda boshqa bo‘limlarda navbat ko‘pligini aytishadi.

- Boshqa bo‘limlarda shu apparat bor deyishyapti, lekin navbat bizga yetmayapti, bemor juda ko‘p. Apparat tinimsiz ishlayapti, - deydi bemor.

Онкология марказидаги ягона радиотерапия ускунаси бузилди, Бўстонда 14 ўқитувчидан ковид чиқди, косонча шоу
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:29:59 0:00
Бевосита линк

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Markaziy Osiyodagi saratonga qarshi yetakchi markazlardan sanaladi.

O‘zbekistonning chekka viloyatlari va qo‘shni davlatlardan bemorlar radioterapiya bilan davolanish ilinjida shu yerga kelishadi.

Radioterapiya muolajasi davomida tananing ma’lum bir qismidagi saraton hujayralariga maxsus nur yuboriladi.

U saratonning ko‘plab turlarida qo‘llaniladi. Sog‘lom hujayralar zarardan so‘ng tiklanishi mumkin, ammo saraton hujayrasi o‘ladi.

O‘zbekistonning ayrim shifoxonalarida tibbiy uskunalarning ishdan chiqishi fojiali yakun topgan.

Toshkent viloyati Bekobod shahridagi COVID klinikasida bir kunda sun’iy nafas olish qurilmasiga ulangan to‘rt bemor o‘lgani haqda Ozodlik 2 - sentabr kuni xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG