Линклар

Шошилинч хабар
21 октябр 2020, Тошкент вақти: 04:56

IMEI kodi: Shaxsiy ma’lumoti o‘g‘irlanganlarning bloklangan telefonini qayta ishlatish tartibi yo‘lga qo‘yiladi


UZIMEI tizimi shaxsiy ma’lumoti o‘g‘irlanganlarning bloklangan telefonini qayta ishlatish tartibini yo‘lga qo‘ydi.

Yangi tartib faqat chet eldan o‘zi bilan telefon olib kelgan shaxslarga tegishli.

Xorijdan keltirgan telefonining IMEI kodi bloklangan har bir kishining arizasi 5 kunda hal qilinishi aytilmoqda.

Shuningdek, oktabr oyidan boshlab, chet eldan telefon olib kelgan vatandoshlar uchun IMEI kodlari registratsiyasini soddalashtirilgan tartibda amalga oshirish rejalangan.

Import qilingan mobil telefonlar IMEI kodini registratsiya qilish uchun xorijdan qaytayotgan vatandoshlarning shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlanayotgani haqidagi Ozodlik maqolasidan so‘ng ushbu tizimda joriy oy boshida maxsus tekshiruv boshlangandi.

IMEI kodini bloklash holatlari ko‘paydi

Farg‘ona viloyati So‘x tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan 25 yashar Shoxro‘z Sobirjonov bir oydirki, chet eldan olib kelgan telefonini ishlata olmayapti.

Shoxro‘zning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, 24 - avgust kuni o‘zi va otasiga tegishli 2ta telefonning IMEI kodlari bloklangan:

- O‘tgan yili chet eldan otam ikkalamiz bittadan telefon olib kelgandik. Avvaliga So‘xda aloqa yomon bo‘lgani uchun Qirg‘iziston raqamini ishlatdik. Yozning boshida Bosh vazirimiz Aripov So‘xga kelganidan so‘ng, bizda ham aloqa yaxshilandi. Keyin Uzmobayl kompaniyasiga ulanib, ishlatayotgan edik. Lekin avgust oxirida ikkala telefonni ham bloklab qo‘yishdi. Pasportimizga boshqa birovlar IMEI kodini rasmiylashtirgan ekan. Bir oydirki, bormagan joyim qolmadi. Lekin telefonimni ishlata olmadim. Menga o‘quvchilarim bilan bog‘lanib turishim uchun telefon zarur.

Shoxro‘z Sobirjonov telefoni o‘chirilgani bois duch kelayotgan muammolari haqida Ozodlikka yo‘llagan video murojaatida batafsil gapirgan.

Сўхлик Шохрўз Собиржоновнинг мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:34 0:00

Ozodlikka keyingi bir oy ichida Shoxro‘z singari telefonining IMEI kodi bloklangan vatandoshlardan shikoyatlar kelishi ko‘paydi.

“IMEI ro‘yxati bo‘yicha muammo davom etyapti. Bir oilada 4-5 ta mobil telefon bloklanib qolyapti. Kimdir ularning pasport ma’lumotidan foydalanib ro‘yxatdan o‘tgan. Falon pulga telefon sotib olsagu, bloklanib qolsa! IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish kimga kerak? Harqalay, xalqqa kerak emas”, deya yozdi surxondaryolik mushtariy.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Ozodlik bog‘langan mulozimi so‘nggi bir oy ichida telefonlarning IMEI kodini bloklash ko‘payganini tasdiqladi.

“Martdan avgustgacha muammoli telefonlarning ham IMEI kodi o‘chirilmadi. Karantin sabab aholiga qiyin bo‘lmasin, dedik. Karantin tugaganidan keyin avgustning oxirida o‘chirishni boshladik. Karantin payti yig‘ilib qolgani uchun hozir o‘chirilgan telefonlar soni ko‘paydi”, degan mulozim o‘chirilgan telefonlar sonini ochiqlamadi.

Yangi tartib: Bloklangan telefonlarni qayta ishlatish mumkin

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mulozimi shaxsiy ma’lumoti o‘g‘irlangan foydalanuvchilarning bloklangan telefonini qayta ishlatish tartibi yo‘lga qo‘yilayotganini ham bildirdi.

Ismi ochiqlanishini istamagan mulozimning aytishicha, bu borada IIB hamda bojxona idoralari bilan kelishuvga erishilgan.

“Biz IIB va bojxona bilan uch tomonlama kelishdik. Kuni kecha bu tartib yo‘lga qo‘yildi. Faqat bu chet eldan o‘zi bilan telefon olib kelgan shaxslarga tegishli. Agar chetga chiqib kelganlarning ma’lumotlari IMEI kodi uchun o‘g‘irlanib, xorijdan olib kelgan telefoni bloklangan bo‘lsa, pochta bo‘limlariga murojaat qilishi mumkin. Pochta bo‘limida maxsus arizani to‘ldirib, o‘zining qachon chet elga chiqqani va o‘ziga tegishli boshqa ma’lumotlarni yozadi. Ariza 5 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Pasport danniylar bilan shug‘ullanadigan tashkilot bor. Ular bilan integratsiya qilingan. Ular fuqaroning chet elga chiqib kelganini tasdiqlasa, arizachining IMEI kodi oq ro‘yxatga o‘tkaziladi ya’ni telefoni qayta ishlatiladi. Pasport danniylar o‘g‘irlagani holati IIBga beriladi, ular ish ochadi”.

Mulozimning aytishicha, chet eldan telefon olib kelgan vatandoshlar uchun IMEI kodlari registratsiyasini soddalashtirilgan tartibda amalga oshirish ham rejalanmoqda.

“Soddalashtirilgan variant bo‘ladi. Oktabr boshida test rejimida sinab ko‘ramiz. Agar o‘xshamasa, boshqa variant qidiramiz. Yangi variantda pasport danniy kiritilgan paytda SMS faqat pasport egasi nomidagi sim kartaga boradi. Begonaga bormaydi. Hozir pasport danniy va telefon nomerni kiritsangiz, o‘sha telefon nomerga SMS keladi. Shu sabab begona pasportlardan foydalanish ko‘paygan”.

28 - avgust kuni Ozodlik xorijdan qaytayotgan o‘zbekistonliklarga oid shaxsiy ma’lumotlarning telefonfurushlarga sotilayotgani haqida maqola e’lon qilgandi.

Shaxsiy ma’lumotlar import qilingan mobil telefonlar IMEI kodini registratsiya qilish maqsadida sotilgan.

Ozodlik surishtiruvi ortidan respublika ishchi guruhi tuzilgan.

9 - sentabr kuni Davlat Bojxona qo‘mitasi shaxsiy ma’lumotlarni telefonfurushlarga sotish bilan shug‘ullanib kelgan “jinoiy guruh” qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.

Davlat Bojxona qo‘mitasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, “jinoiy guruh” ishi bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

O‘zbekistonda IMEI tizimi 2019 - yil dekabrida joriy etilgan.

XS
SM
MD
LG