Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 16:26

O‘qituvchilari koronavirusga test topshirgan qishloqdagi yagona maktab qachon ochilishi noma’lum


Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi 58-sonli qishloq maktabi, 23 - sentabr, 2020
Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi 58-sonli qishloq maktabi, 23 - sentabr, 2020

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi 58-sonli umumta’lim maktabi hanuz yangi o‘quv yilini boshlamadi.

Nurafshon qishlog‘i bolalari o‘qiydigan maktab direktori Ahmad Ashurovning Ozodlikka aytishicha, maktab o‘qituvchilari 15 kundan buyon COVID-19 kasalligi uchun topshirgan test natijasini kutyapti.

Ayni paytda direktor 1998 - yildan buyon ta’mir ko‘rmagan maktab Xalq ta’limi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari birgalikda qo‘ygan talablarga ham javob bermasligi, shu bois qachon ochilishi hanuz noma’lumligini aytadi.

Ozodlik bilan suhbatda direktor karantin cheklovlarining maktab, o‘quvchi va o‘qituvchilar hayotiga ta’siri hamda qishloq maktabining muammolari haqida gapirib berdi.

Ahmadjon Ashurov direktorlik qilayotgan 58-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi G‘uzor tumanining Chugurtma mahalla fuqarolar yig‘inidagi (MFY) Nurafshon qishlog‘i bolalari uchun mavjud yagona maktabdir.

G‘uzor tumanidagi 58-sonli qishloq maktabining yosh direktori Ahmad Ashurov, 23 sentabr, 2020
G‘uzor tumanidagi 58-sonli qishloq maktabining yosh direktori Ahmad Ashurov, 23 sentabr, 2020

Direktorga ko‘ra, bu maktabda qishloqning 271 nafar bolasi o‘qiydi, ularga 35 o‘qituvchi dars beradi.

2020/2021 -o‘quv yili uchun maktabda jami 13 ta sinf ochilgan, o‘quvchilar 1 sinfdan 11 sinfga qadar tahsil olishi lozim.

Ammo, COVID-19 pandemiyasi bois O‘zbekistonda umumta’lim maktablarida darslar 14 - sentabrdan boshlandi. Aksar maktablar pandemiya paytida o‘quvchilar va o‘qituvchilar salomatligini saqlash talablariga javob bermagani uchun hanuz yopiq qolmoqda.

Ashurov rahbarlik qilayotgan maktab shular jumlasidan.

Maktabning sinfxonasi, 23 - sentabr, 2020
Maktabning sinfxonasi, 23 - sentabr, 2020

Uning aytishicha, 35 o‘qituvchi COVID-19 ga test topshirganiga 15 kundan oshgan, ammo hali ham natijani kutmoqda.

"20 kunga qarab ketyapti, haliyam natijasi chiqqani yo‘q. G‘uzor tumani SESga (tuman Sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi - tahr.) borib, topshirib kelishgan. Kutyapmiz", deydi qishloq maktabi direktori.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab ta’lim berish talablariga umuman javob bermaydi.

" 1998 - yildan beri ta’mir ko‘rmagan. Men shu yil martda ish boshlagan bo‘lsam, shundan beri harakat qilaman, maktab sharoitini o‘nglashga, lekin haliyam ta’mirlangani yo‘q".

Ashurov 2020 - yilning 24 - martida maktabga direktor bo‘lgani, shundan beri maktab ahvolini o‘nglashga harakat qilayotgani, tuman Xalq ta’limi bo‘limi va hokimiyati hanuz va’da qilayotganini aytib o‘tdi.

Ashurov 14 - sentabrdan buyon, qishloqning 271 bolasiga masofaviy dars berish jarayoni boshlangani va bu jarayonning qanday borayotganini so‘zlab berdi.

Maktabning ta’mirga hozirlangan yana bir sinfxonasi, 23 sentabr, 2020
Maktabning ta’mirga hozirlangan yana bir sinfxonasi, 23 sentabr, 2020

Aytishicha, maktabdagi jami 13 sinfning har biri uchun, o‘qituvchilari Telegram ijtimoiy tarmog‘ida maxsus guruh ochgan.

"O‘quvchilar televizion darslar orqali kunlik mavzularni o‘rganyapti. Keyin Telegram guruhlari orqali uyga vazifalarini o‘qituvchilariga jo‘natyapti. Bizni qishloqdagi o‘quvchilarni uyidagi sharoitini kuzatganmiz, hammasida televizor bor, telekanallarga ulangan"

Lekin maktab direktoriga ko‘ra, 50 foizga yaqin o‘quvchida Internet aloqasi yo‘q:

"Qishloq joyda Internet aloqasi yaxshimas, 50 foizga yaqin o‘quvchimiz masofaviy ta’lim bilan qamrab olinmagan. Shuning uchun, men o‘qituvchilarimdan iltimos qilyapmanki, uyiga boringlar shunaqa o‘quvchilarni, deb. Ular qo‘ldan kelgancha uyma-uy yurib, karantin qoidalariga rioya qilgan holda, tushunmagan narsalarini tushuntirib, dars berishga harakat qilyapti", - deydi direktor.

Maktabning ishdan chiqqan isitish pechi, 23 sentabr, 2020
Maktabning ishdan chiqqan isitish pechi, 23 sentabr, 2020

Ahmad Ashurovga ko‘ra, pandemiya paytida joriy etilgan masofaviy ta’limda bolalar o‘zlashtirayotgan ta’lim sifatini nazorat qilish juda og‘ir bo‘lmoqda.

Uning aytishicha, bolalar maktabda oladigan bilimning 30 foizini olyapti.

"Yashirishning hojati yo‘q. Oilalarda ishsizlik, 6 oydan beri karantin. Bolangizga Internet olib bering, telefon olib bering, deb talab qilishga haqqimiz yo‘q! Qo‘limizdan kelgani, uyma-uy yurib bo‘lsa ham, imkon qadar o‘quvchilar bilan ishlash"- deydi G‘uzor tumani, Nurafshon qishlog‘idagi yagona maktab direktori.

Қашқадарёдаги қишлоқ мактаби директори Аҳмад Аушуров: ўқитувчилар 15 кундан бери COVID-19 тести натижасини кутяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:43 0:00
Бевосита линк

Aholisi 160 mingga yaqin bo‘lgan G‘uzor tumani Qashqadaryoning Turkmanistonga tutash eng chekka tumanlaridan biridir.

Tumanda jami 78 ta maktab bor, bu maktablarning asosiy qismi qishloq hududlarida joylashgan.

Xalq ta’limi vaziriligi 2020/2021 - o‘quv yilida mamlakat bo‘ylab 10 mingga yaqin maktab ochilish, bulardan 76 foizi qishloq hududlarda joylashganini ma’lum qilgan.

22 - sentabr kungi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bu maktablarning 44 foizi ochilgan, ya’ni ana’anaviy yoki bir vaqtning o‘zida ana’anaviy-masofaviy shaklda dars bera boshlagan. Qolgan maktablardagi o‘quvchilar esa masofaviy shaklda dars olmoqda.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, 10 mingga yaqin maktabda 6 million 200 mingdan ortiq o‘quvchi qayd etilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG