Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2020, Тошкент вақти: 14:17

Qirg‘izistonda saylov: Sobiq hokim aravonlik o‘qituvchilarni 2010 - yil bilan “qo‘rqitdi”


Aravon tuman Madaniyat uyida olingan surat. So‘zlayotgan shaxs Shamil Artiqov

O‘sh viloyati Aravon tumani sobiq hokimi, “Birimdik” partiyasining tumandagi saylov shtabi rahbari Shamil Artiqov o‘qituvchilar bilan uchrashuvda ularni 1990- va 2010 - yildagi etnik nizolar bilan “qo‘rqitgani” to‘g‘risidagi audioyozuv ijtimoiy tarmoqlarning qirg‘iz kontentida keng muhokama qilinmoqda.

Sobiq hokim o‘qituvchilarga 2010 - yilda “20ta qurollangan qirg‘iz Aravonga kirib kelayotganida” ularni kim to‘xtatib qolganini “eslatib qo‘ygan”.

Shamil Artiqov Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bu gaplarni Aravon tuman o‘qituvchilari bilan uchrashuvda aytganini tasdiqladi va bu so‘zlari uchun “hech kimdan qo‘rqmasligini” ta’kidladi.

O‘sh viloyat militsiyasi mazkur voqea yuzasidan dastlabki tergov ishlari boshlanganini bildirdi. Ammo hozircha bu gaplarni haqiqatan ham Shamil Artiqov aytganini tasdiqlovchi dalil-isbot yo‘qligini urg‘uladi.

Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarning qirg‘iz kontentida keng tarqala boshlangan audioyozuvda Aravon tumani sobiq hokimi, “Birimdik” partiyasining tumandagi saylov shtabi rahbari Shamil Artiqov ekani tahmin qilinayotgan shaxs o‘qituvchilarga qarata mana bunday gaplarni aytgan:

“Ikki-uch ming so‘m pul olamiz deb boshqalarga ketsangiz, ertaga vaqti keladi. Ertaga ikki ming so‘m bilan ishsiz qolasizlar. Men ochig‘ini aytay, sizlarning har biringizning ism-sharifingiz menda bor. Men shtab rahbari sifatida kim qaysi partiya uchun ishlayotganini yaxshi bilaman. Besh yil deputat bo‘lib, hech narsa qilmagan odamlar ortidan 5-10 so‘m uchun sotilib ketasizmi? Aytib qo‘yay, bu uyat! O‘qituvchilarning yuzini yerga qaratganlar sizlarsizlar! Bugungi kunda o‘qituvchi xalqni o‘z ortidan yetaklab, prezidentning siyosatini olg‘a surishi lozim. Tug‘andar (o‘zbekchada- qarindoshlar, qardoshlar, yaqinlar deganga yaqin ma’noni beradi-muharrir), 1990 - yilda nima bo‘lgan edik? Esingizda bormi? 2010 - yilda nima bo‘ldik? Yigirmata miltiqli qirg‘iz bostirib kelganida “Yettiog‘ayni”da yo‘lini to‘sib, biz kirgizmay qo‘yganmiz. O‘sha joyda biz sizlar haqingizda qayg‘urganmiz. Sizlar esa bugun bizni emas, 2 ming so‘m pulni o‘ylayapsiz. Biroz aqlingizni yig‘ing!”

Shamil Artiqov 29 - sentabr kuni Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bu gaplarni Aravon tuman o‘qituvchilari bilan uchrashuvda aytganini tasdiqladi va bu so‘zlari uchun “hech kimdan qo‘rqmasligini” ta’kidladi.

-Men bu gaplarni yaxshi niyatda gapirganman. Bu yerda boshqa masala yo‘q. Hozir hech kimdan qo‘rqmaydigan zamon. Men hurmat bilan, o‘qituvchi sifatida gapirganman. O‘z vaqti kelganida bu gaplarimga o‘zim baho beraman,- dedi Shamil Artiqov.

Sobiq hokimning o‘qituvchilar bilan bo‘lgan uchrashuvda aytgan gaplarini O‘sh viloyat militsiyasi dastlabki tergov jarayonida o‘rgana boshladi.

-Ovoz kimga taalluqli ekani, nomlari aytilgan shaxslar bu gapni qayerda va qay tarzda aytganini aniqlash ishlari boshlandi. Biz faqat yuridik dalil-isbotlarga tayangan holdagina aniq bir gap ayta olamiz. Hozircha bu gaplarni Shamil Artiqov aytgan, deb tasdiqlay olmaymiz. Tergov endigina boshlandi,-dedi O‘sh viloyat militsiyasi rasmiy vakili Jenish Ashirbayev.

Ayni paytda mazkur audioyozuvni Markaziy saylov komissiyasi ham mustaqil tekshira boshladi. Komissiya a’zosi Atir Abdraxmatovaning bildirishicha, bu voqea Markaziy saylov komissiyasining Milliy xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura,va ichki ishlar vazirligi vakillaridan iborat maxsus ishchi guruhi tomonidan o‘rganilmoqda.

“Birimdik” partiyasi hozircha bu voqea yuzasidan rasman munosabat bildirmadi. Shamil Artiqov 2009 - yilda Botken viloyati Qadamjoy tumaniga hokimlik qilgan. Keyin 2014 - yilgacha Aravon tumani hokimi bo‘lgan.2014 yilda tumandagi maktablardan birida O‘zbekiston respublikasi gimni yangragani ortidan hokim lavozimidan bo‘shatilgan va 2015 - yilda parlament deputatligiga saylangan.

20 - sentabr kuni O‘sh viloyatining Aravon tumanida "Mekenim Kirgizstan" (“Vatanim Qirg‘iziston”) va "Birimdik" (“Birdamlik”) partiyasi tarafdorlari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir etilgan edi.

Aravondagi mushtlashuv ortidan Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan parlament deputatligiga nomzod bo‘lgan ikki kishi – “Birimdik” partiyasi nomzodi Shukrullo Fayzullayev va “Mekenim Kirgizstan” partiyasi nomzodi Ilhom Mannonov saylovdan chetlatildi.

Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari 2020 - yil 4 - oktabrda bo‘lib o‘tadi. Unda 16 ta partiya ishtirok etadi.

XS
SM
MD
LG