Линклар

Шошилинч хабар
27 октябр 2020, Тошкент вақти: 14:28

Covid-19: O‘qituvchilar bepul tarqatilgan shubhali dorini ichishga qo‘rqmoqda


O‘qituvchilarga bepul tarqatilgan gidroksixloroxin dorisi

O‘tgan haftadan boshlab O‘zbekistonda o‘qituvchilarga gidroksixloroxin (plakvenil) va sink preparati bepul tarqatila boshlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bu tadbir koronavirus infeksiyasining oldini olish maqsadida yo‘lga qo‘yilganini bildirgan.

Ayni paytda o‘qituvchilar munozaralarga sabab bo‘lgan gidroksixloroxin dorisini ichishga qo‘rqishayotganini aytishmoqda.

JSST gidroksixloroxin koronavirusni davolashda samarasiz ekanini ma’lum qilgan.

O‘zbekistonda ham bu dori bir muddat koronavirusga qarshi preparatlar ro‘yxatidan chiqarilib, keyin yana qayta kiritildi. SSV o‘z tajribasiga tayanib, bu doridan koronavirus muolajasida foydalanishda davom etishini bildirgan.

Bepul dori

22 - sentabrdan boshlab Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi maktablar o‘qituvchilariga gidroksixloroxin (plakvenil) va sink preparatini bepul tarqatish boshlandi.

Bepul dori olgan o‘qituvchilarning Ozodlikka aytishicha, ular ushbu dorilarni ichishga qo‘rqmoqda.

“22 - sentabrda gidroksixloroxinni berishdi. Har bir o‘qituvchiga 6ta tabletkadan tarqatishdi. 28 - sentabrda esa sink tabletkasini 10 donadan berishdi. Boshida nima dori ekaniga tushunmadik, dorilarning qutisiga faqat ingliz tilida yozilgan ekan. Keyin ingliz tili o‘qituvchisi yordamida tarjima qilib, qanday doriligini aniqladik. Bizga “shu dorilarni ichsangiz, kovid bo‘lmaysiz”, deb aytishdi. Lekin har kimning organizmi har-xil, kimgadir bu dorilar mumkin emasdir. Bizni tekshirib ko‘rmasdan berishdiku, bu dorilarni, shuning uchun shaxsan men bu dorilarni ichishga qo‘rqaman”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan o‘qituvchi ayol.

Uning hamkasbi ham bu dorilarni ichmaslikni ma’qul ko‘rganini aytdi.

“Avval o‘qituvchilarni grippga qarshi bepul vaksina qilamiz deyishdi. Keyin uni bekor qilib, bepul dori berishdi. Bergan dorilaridan biri – plakvenilni umuman ichmayman. Yozi bilan bu dori shuncha gap-so‘z bo‘ldi. VOZ taqiqlagan, deyishdi. Keyin O‘zbekiston ham uni taqiqladi, lekin qaytadan yana ishlatishga ruxsat berildi. Bularning hammasini Internetda o‘qiganmiz. Shuning uchun bu dorini ichmaslikka qaror qildim”.

Ozodlik bog‘langan Toshkent tumanidagi maktablardan birining direktori ham o‘qituvchilar orasida dori bilan bog‘liq xavotir borligini tan oldi.

“Bizga Rayonodan berishdi. Olib kelib tarqatdik. O‘qituvchilar to‘polon qilib tashladi. Bittasi ichgan ekan oshqozoni og‘ribdi. Yana bittasini mazasi qochibdi. Bittasi “bu taqiqlangan, doriku” deb keldi. Menam ichmanglar, unda deb qo‘ya qoldim. Buni majburan ichasizlar deb berishmadiku. O‘qituvchilarni himoya qilish uchun xayriya qilib, tekinga berishdi”.

Shu kunlarda o‘qituvchilarga bepul dori tarqatish nafaqat Toshkent tumani, balki butun mamlakat bo‘ylab davom etmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish maqsadida o‘qituvchilarni gidroksixloroxin va sink preparati bilan bepul ta’minlashga qaror qilgan.

Bu haqda 17 - sentabr kuni AOKAda o‘tgan brifingda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ma’lum qildi.

SSV Xalq ta’limi vazirligi bilan qo‘shma qaror imzolab, o‘tgan haftadan maktablarga ushbu dorilarni yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi.

Shubhali dori

Ozodlik suhbatlashgan vrachlardan biri o‘qituvchilar xavotirida jon borligini aytib, gidroksixloroxinni shifokor ko‘rsatmasisiz ichmaslikni tavsiya qildi.

"Sink immunitet uchun foydali. Uni vrach ko‘rsatmasisiz ham ichaversa bo‘ladi. Lekin gidroksixloroxin uchun albatta ko‘rsatma kerak. Bu dori ayrimlar uchun umuman mumkin emas. Masalan homiladorlar, gepatiti borlar, buyrak yetishmovchiligi borlar, ko‘rish qobiliyati zaiflarga mumkin emas. Retinopatiya, keratopatiya holatlarida mumkin emas. Shuningdek, gidroksixloroxinga allergiyasi bor-yo‘qligi tekshirilishi kerak", - dedi shifokor.

O‘qituvchilar ichishga qo‘rqayotgan gidroksixloroxin dorisi bilan bog‘liq munozaralar joriy yil yozidan beri davom etib keladi.

Iyul oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) gidroksixloroxinni koronavirusni davolashda samarasiz ekanini e’lon qilgani ortidan O‘zbekiston ham bu dorini davolash protokolidan chiqargani xabar qilingandi.

Biroq keyinchalik SSV gidroksixloroxinni koronavirusga qarshi dorilar ro‘yxatiga qaytardi.

O‘zbek shifokorlari plakvenilning zarari haqida ilk bor Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonovning “Tez yordam” teleko‘rsatuvi orqali oshkora gapirdi.

Keyinchalik Allamjonov O‘zbekistonda koronavirusdan davolashda plakvenilni qo‘llashga qarshi chiqqan shifokorga tahdid qilingani haqida xabar qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda plakvenil biznesi bilan bog‘liq tanqidlar kuchaygach, SSV ushbu preparat O‘zbekistonga gumanitar yordam sifatida olib kirilishi va uning ortida moliyaviy manfaat yo‘qligini bildirdi.

XS
SM
MD
LG