Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:46

Komil Allamjonov: O‘zbekiston qonunlarini buzmaganman!


Komil Allamjonov o‘zining biznes manfaatlari haqidagi hisobot "buyurtma" ekanini iddao qilgan
Komil Allamjonov o‘zining biznes manfaatlari haqidagi hisobot "buyurtma" ekanini iddao qilgan

O‘zbekiston prezidentining sobiq matbuot kotibi, Mass-media fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘zining biznes manfaatlari to‘g‘risida Britaniyada e’lon qilingan hisobotga “O‘zbekiston qonunlarini buzmagani” haqidagi iddao bilan javob qaytardi.

Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslett olib borgan jurnalistik surishtiruv jarayonida u va Ozodlikning savollarini javobsiz qoldirgan Allamjonov 7 - oktabr kuni surishtiruv e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Twitter sahifasida yozdi.

"@Janob @KLaslett o‘z materialida biron bir yangi narsa gapirgani yo‘q. Bu ma’lumotlarning barchasi internetda bor. Eng asosiysi – mening faoliyatimda o‘zbekiston Respublikasi qonunlari buzilganmi? Yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi qonunlari buzilmagan!”, deb yozdi Allamjonov Twitterda uch tilda e’lon qilingan bayonotida.

Chorshanba kuni kech soatlarda Allamjonov o‘zining hisobotga ilova qilingan surati asl nushasini Tvitter sahifasiga joyladi va muallif-professor Lasslett hisoboti “buyurtma” ekanini iddao qildi.

“Hammasi mijoz va uning buyurtmasiga bog‘liq. Agar maqsad rasmni xiralashtirish bo‘lsa, bu dizaynerga oson. Haqiqatni ko‘rsatish uchun uni tahrir qilishga hojat yo‘q. Hammasi niyatga bog‘liq!”, deb yozdi Allamjonov ingliz tilidagi tvitida.

Twitter/Komil Allamjonov
Twitter/Komil Allamjonov

Professor Kristian Lasslett Allamjonov tvitiga unga yil davomida qayta-qayta yuborib¸ javob ololmagan savollarini jamoatchilik oldida so‘rash orqali munosabat bildirdi.

Bu savollar ayrimlarining mazmuni esa quyidagicha:

- Soliq qo‘mitasi xodimlarining qo‘mita matbuot kotibiga qarashli "Soliq info" gazetasi va BEM dasturini tadbirkorlarga majburlab sotishi qonuniymidi?

- Soliq qo‘mitasining sizga qarashli Ereportga oid 2014 - yilgi hujjatlarni yo‘q qilishi "Arxivlar ishi to‘g‘risida"gi qonunga zid emasmi? (qonunga ko‘ra bu hujjatlar kamida 15 yil arxivda saqlanishi lozim-tahr.)

- Elektron kadastr tizimiga o‘tishga oid hukumat loyihasining tendersiz GID Systems Tashkent MChJga berilishi va bu qarorning lex.uz portaliga qo‘yilmasligi qonuniymi?

Allamjonov hozirga qadar jurnalistik surishtiruvda keltirilgan faktlar yuzasidan batafsil raddiya bergani yo‘q.

“Noqonuniy faoliyat”

Opendemocracy.net saytida e’lon qilingan jurnalistik surishtiruvda “O‘zbek bahori”ning faol arbobi va uning “shubhali o‘tmishi” haqida so‘z boradi.

«2016 - yilda Karimov vafotidan keyin Shavkat Mirziyoyev prezident lavozimini egalladi va davlat ustalik bilan o‘z obrazini o‘zgartirishni boshladi”, deyiladi hisobot muqaddimasida.

Muallifning yozishicha, Mirziyoyev hukumati “O‘zbekiston bundan buyon biznesga ochiqligi, endilikda mamlakat tepasida jiddiy liberal islohotlar dasturiga ega bo‘lgan mas’uliyatli hukumat” turgani haqida jamoatchilikka mujda bergan.

“Ushbu iddaoli hukumat rejasini ommalashtirayotgan muhim shaxslar orasida tadbirkor va sobiq davlat arbobi Komil Allamjonov bor”, deyiladi hisobotda.

Kristian Lasslettning yozishicha, Allamjonov rejimning islohotlar, matbuot erkinligi va inson huquqlari sohasida hukumat yutuqlarini ko‘z-ko‘z qilayotgan vakillaridan biriga aylangan.

“Ammo Olster universiteti va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbek Forumi Allamjonov biznes-imperiyasini o‘rganish davomida u asos solgan kompaniyalar noqonuniy faoliyat hisobiga gullab-yashnayotganini aniqladi”, deyiladi hisobotda.

Britaniyadagi jurnalistik tekshiruv xulosasiga ko‘ra, “davlat Allamjonov kompaniyalariga yashirincha maxsus imtiyozlar bergan, ular iste’molchilar huquqlarini poymol etmoqda va daromadli buyurtmalarni tendersiz qo‘lga kiritmoqda”.

“Chiroyli gaplar”

Professor Lasslett 7 - oktabr kuni Komil Allamjonov faoliyati “Mirziyoyev hukumatining ochiqlik va tenglikka asoslangan demokratik boshqaruv yaratish qurish rejasi yo‘qligiga misol” ekanini aytdi.

“Mirziyoyev kelgandan beri ochiqlik¸ shaffoflik¸ demokratik islohotlar haqida Allamjonovdan ko‘p gapirgan o‘zbek amaldori yo‘q. Ammo uning o‘z biznes faoliyati bu bayonotlarning tamom teskarisi ustiga qurilgan. Agar Toshkent hukumatidagilar chiroyli gaplar¸ balandparvoz bayonotlar bilan g‘arbdagi investorlar yoki hukumatlarni islohotlarga ishontiramiz¸ deb o‘ylashsa¸ adashishadi», deydi professor Lasslett.

Kristian Lasslett Shavkat Mirziyoyev e’lon qilgan islohotlar amalda qanday kechayotganiga bag‘ishlangan qator jurnalistik surishtiruvlar muallifi.

Lasslettning UzInvestigations turkumidan avvalgi surishtiruvlari Akfa/Artel korporatsiyasi egasi Jahongir Ortiqxo‘jayev biznes imperiyasining u Toshkent shahar hokimi etib tayinlangandan keyingi ekspansiyaga bag‘ishlangan.

Professor Lasslett e’lon qilgan yangi jurnalistik surishtiruv «Tadbirkorlik pardasi ortida. O‘zbekistonda davlat yordami va elita. Komil Allamjonov misoli” deb nomlanadi.

Komil Allamjonov hozirga qadar Ozodlikning ayni surishtiruv bilan bog‘liq savollarini javobsiz qoldirmoqda.

XS
SM
MD
LG