Линклар

Шошилинч хабар
22 октябр 2020, Тошкент вақти: 07:01

Go‘sht 14% ga qimmatladi - qoraqalpog‘istonlik fermerlar uni yarim narxda sotishga majburlanmoqda


Qoraqalpog‘istonlik fermer Salamat Kenjayev xo‘jaligida qoramollar hokimlik talabi bilan so‘ydirilmoqda

Toshkent bozorlarida bir kilo go‘shtning narxi 70 ming so‘mdan osharkan, Qoraqalpog‘istonning chekka viloyatlaridagi chorvador fermerlar go‘shtning kilosini 36 ming so‘mdan sotishga majburlanayotganliklarini aytishmoqda.

Rasmiylar esa buni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining buyrug‘i bilan izohlashdi.

Ularga ko‘ra, hukumat Toshkent va boshqa yirik shaharlar bozorlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan to‘ldirish orqali narxlarning "asossiz" ko‘tarilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida maxsus topshiriq bergan.

Fermerlar mahalliy hokimliklarning harakatini nafaqat bozor qonunlari¸ balki amaldagi huquqiy normalarga ham zid, deya baholashmoqda.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasiga ko‘ra, yil boshidan buyon mamlakatda go‘sht 14,2 foizga qimmatlagan.

Qo‘mita 13 - oktabrda e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, suyakli mol go‘shtining eng arzoni "Nukus dehqon bozori"da - kilosi 45 ming so‘mdan, eng qimmati Toshkentdagi "Mirobod dehqon bozori"da 65000 so‘mdan sotilmoqda.

Ammo 15 - oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan toshkentliklarga ko‘ra, shahar bozorlarida suyakli go‘sht narxi 70 ming so‘mdan oshib ketgan.

Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanidan bo‘lgan chorvador fermer Salamat Kenjayevning Ozodlikka aytishicha, u 12 - oktabr kuni Nukus shahriga, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesiga chaqirtirilgan.

"Tashkentdan bozorlar boshlig‘i keldi, keling, deb meni unga ro‘baro‘ qilishdi. O‘zini Lazizxon Akbarxo‘jayev, Toshkentdagi bozorlarning eng kattasiman, deb tanishtirgan odam "hukumat vazifasi bilan keldim" deb, tezda fermer xo‘jaligimga olib borishimni aytdi. Olib bordim. Qoramol, sigir va g‘unajinlarim 180tadan oshiq. Ko‘rib, "30 ta qoramol so‘ydirasan" dedi, "narxi 36 ming so‘mdan" deb qo‘shimcha qildi. Men 52 ming so‘mdan so‘ydirishimni aytdim. Oxiri 18 ta molni 36 mingdan so‘yishga majbur bo‘ldim. Bilsam, bizni qishloqdagi boshqa fermerlardan ham 68ta molni kilosini 36 ming so‘mdan so‘ydirib ketibdi", - deydi Salamat Kenjayev.

Qoraqalpog‘istonlik fermer Salamat Kenjayev xo‘jaligida qoramollar hokimlik talabi bilan so‘ydirilmoqda.
Qoraqalpog‘istonlik fermer Salamat Kenjayev xo‘jaligida qoramollar hokimlik talabi bilan so‘ydirilmoqda.

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanidagi "Axun ota" fermer xo‘jaligi rahbari Azamat Ajimuratov ham tuman hokimligi bosimi bilan 12 ta qoramolini 36 mingdan so‘yishga majbur bo‘lganini aytadi.

“36 ming so‘mga go‘sht bormi, desam, yo‘q shu pulda so‘yasan, deyishdi. Yo‘q deb bo‘lmaydi. Rozi bo‘lmay ko‘ring-chi¸ bir kun ham ishlatmaydi, yem-hashakdan qirqadi, yerni olib qo‘yadi. Soliqchilar bosishi bilan qo‘rqitadi”¸ deydi ismi ochiqlanishini istamagan qoraqalpog‘istonlik fermerlardan yana biri.

Fermerlarga o‘zini "Toshkent bozorlarini kattasiman", deb tanishtirgani aytilgan Lazizxon Akbarxo‘jayevning kimligi, fermerlar molini arzon narxda sottirish uchun unga kim vakolat bergani, fermerlardan kilosi 36 ming so‘mdan olingan go‘sht qaysi manzilga olib ketilgani Ozodlikka ma’lum emas.

Ammo Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumani hokimligi qishloq xo‘jaligi uchun mas’ul rasmiysi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Toshkent va boshqa yirik shaharlar bozorlaridagi narx-navoni jilovlash maqsadida fermerlardan mahsulotlarini arzon narxda yetkazib berish so‘ralganini aytdi.

U kelgan odam Toshkent hokimligidan ekanini Ozodlikka tasdiqladi.

"Eng arzon go‘sht hozir Qoraqalpog‘istonda. Shuning uchun Toshkent hokimligidan kelib, u yerdagi bozorlarda maxsus tashkil etilgan rastalarga arzon narxda go‘sht chiqarib turishimizni so‘rashdi. Har yili tashkil etib kelinadi, aholi bundan mamnun bo‘ladi. Endi fermerlar ham norozi bo‘layotgani yo‘q. O‘z ixtiyori bilan qilishyapti buni”¸ - dedi Ozodlik gaplashgan tuman hokimligi rasmiysi.

Ammo Toshkentdan belgilangan narxda o‘z zarariga mahsulotini sotishga majburlangan qoraqalpog‘istonlik fermerlar bundan aslo "mamnun" emasliklari, hokimliklarga e’tiroz bildirishga ojiz ekanliklarini aytishadi.

Shu kecha-kunduzda Toshkent shahrida mol go‘shti suyagi bilan 70000-75000 so‘mdan, laxm go‘shtning bir kilosi esa 85000 so‘mdan sotilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan toshkentliklarga ko‘ra, shahar bozorlarida suyakli go‘sht narxi 70 ming so‘mdan oshib ketgan.

Bu bir oy avvalgi narxdan 5 foizga, yil boshidagisidan esa qariyb 15 foizga qimmat.

"Majburlab arzon go‘sht sotdirishdan foyda yo‘q"

Xo‘jayli tumanilik fermer Azamat Ajimuratov mahalliy rahbarlar go‘sht narxini ma’muriy-buyruqbozlik yo‘li bilan jilovlashga urinishlarini bozor qonunlariga ham, O‘zbekistondagi amaldagi qonunlariga ham zid ekanini aytadi

“Bozorni buyruq bilan tartibga solib bo‘maydi. Narxlarni bozor iqtisodiyoti sharoitida talab va taklif belgilaydi. Shuning uchun majburlab arzon go‘sht sotdirishdan foyda yo‘q. Aslida ,fermerga mana bu narxda sotasan, deb majburlash qonunlarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Qolaversa, chorvachilikning o‘ziga yarasha xarajatlari bor. Go‘sht narxi oshishi barobarida omuxta em, kunjara narxlari ham oshyapti. Hozir 1 tonna yem narxi 800 ming so‘mdan ko‘p. Kunjara narxi ham 1 million 200 ming so‘m, bular go‘shtni kilosini 36 ming so‘mdan hisoblayapti", - deydi Ajimuratov.

Toshkent bozorlarida shu kunlarda go‘sht narxi 70 ming so‘mdan yuqorilagan
Toshkent bozorlarida shu kunlarda go‘sht narxi 70 ming so‘mdan yuqorilagan

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda aholi real daromadlarining tushib ketishi manzarasida asosiy iste’mol mahsulotlari narxining muttasil qimmatlab borayotgani kuzatiladi.

Hukumat o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi, aholi noroziligiga ma’muriy bosim vositasida narxlarni sun’iy tushirish bilan javob qaytarib keladi.

Toshkent shahar hokimligi dehqon bozorlarining markaziy hududlaridan oziq-ovqat mahsulotlari savdosi uchun joylar ajratgan.

Ularda birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini bozordagidan arzonlashtirilgan narxlarda sotiladi.

O‘tgan yil iyulida go‘sht narxining 60 ming so‘mga chiqishi ortidan Toshkentda narxni sun’iy ravishda tushirish uchun maxsus tashkil etilgan "Elga xizmat" rastalarida 1 kg mol go‘shti 32 ming so‘mdan sotilgandi.

Ammo ko‘p o‘tmay, arzonlatilgan mahsulotlar taqchillashdi va chayqovchilar qo‘liga o‘tib, narxlar yanada ko‘tarildi.

Farhod bozoriga arzon go‘sht yetkazib bergan tadbirkorlar ro‘yxati
Farhod bozoriga arzon go‘sht yetkazib bergan tadbirkorlar ro‘yxati

Bundan oldin Surxondaryo va Qashqadaryodan bo‘lgan fermerlar "Elga xizmat" rastalariga bozor narxidan arzon narxda kartoshka yetkazib berishga majburlanganliklari haqida Ozodlikka aytishgandi.

Narx-navo bir yilda 11.7 foizga, go‘sht esa 14 foizga oshdi

Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekistonning markaziy dehqon bozorlaridagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi haqidagi ma’lumotni e’lon qildi.

Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 13 - oktabr kuni suyakli mol go‘shtining eng arzoni "Nukus dehqon bozori"da kilosi 45 ming so‘m, eng qimmati Toshkentdagi "Mirobod dehqon bozori"da 65000 so‘m sotilgan.

Rasmiy hisobotda aytilishicha, lahm, ya’ni suyaksiz go‘sht hamda suyakli qo‘y go‘shtining kilosi Toshkentda 85 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Statistika qo‘mitasining bildirishicha, joriy yilning yanvar-sentabr oylari oralig‘ida O‘zbekistonda narx-navo o‘rtacha 6,3 foizga qimmatlagan. Bu 2019 -yilning sentabr oyiga solishtirganda o‘rtacha 11,7 foizga ko‘pdir.

Qo‘mita e’lon qilgan hisobotda ta’kidlanishicha, go‘sht, parranda go‘shti va baliq mahsulotlari narxlarining eng ko‘p o‘sishi sentabrda qayd etilgan - bir oy ichida narx 3,8 foizga ko‘tarilgan.

Yil boshidan buyon esa go‘sht 14,2 foizga qimmatlagan.

XS
SM
MD
LG