Линклар

Шошилинч хабар
07 декабр 2021, Тошкент вақти: 20:42

Tog‘li Qorabog‘da yana otishma bo‘ldi. Armaniston va Ozarbayjon yana bir-birini bitimni buzishda aybladi (VIDEO)


10 oylik qizalog‘ining jasadini ko‘tarib olgan ganjalik ota, 17 - oktabr, 2020

Armaniston va Ozarbayjon bir-birini, Tog‘li Qorabog‘da 18 - oktabr kuni kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi shartlarini buzishda ayblamoqda.

18 - oktabr kuni ertalab Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Ozarbayjon tomonidan raketa va artilleriya o‘qlari otilganini ta’kidladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armanistonni artilleriya va minomyotdan o‘q o‘tishda aybladi.

Bu ayblovlardan bir necha soat oldin ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari saytida o‘q otishni to‘xtatish masalasida yangi kelishuv imzolangani haqida bildiruv e’lon qilingan edi.

Kelishuv mahalliy vaqt bilan tungi soat 24:00 da kuchga kirgan.

Armaniston va Ozarbayjon e’lon qilgan bildiruvda kelishuvga Fransiya, Rossiya va Qo‘shma Shtatlar yetakchilari - Minsk guruhi rahbarlari bildiruvi asos bo‘lgani aytiladi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) tashabbusi ostida tuzilgan Minsk guruhi Armaniston va Ozarbayjonni mojaroga tinch yechim topishga undab kelmoqda.

Stepanakertdagi hujum qoldiqlari, 17 - oktabr, 2020
Stepanakertdagi hujum qoldiqlari, 17 - oktabr, 2020

27 - sentabr kuni boshlanib ketgan janglarda bugunga qadar kamida 600 askar halok bo‘ldi.

Hudud 1994 - yilda Ozarbayjon va Armaniston qonli urushni to‘xtatishga kelishib olganidan buyon eng shiddatli to‘qnashuvlarga sahna bo‘lmoqda.

Tog‘li Qorabog‘ 1988–1994 - yillardagi urushdan keyin o‘zini Ozarbayjondan mustaqil deb e’lon qilgan. O‘shandan beri mintaqani etnik arman qo‘shinlari boshqarib keladi.

O‘tgan haftada e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi shartlarini Armaniston ham, Ozarbayjon ham qayta-qayta buzdi.

17 - oktabr kuni Ozarbayjonning ikkinchi eng yirik shahri Ganjaga otilgan raketa 13 odam umriga zomin bo‘ldi. Shuningdek, hujumda 50 dan oshiq oddiy fuqaro jarohat oldi.

Tog‘li Qorabog‘dan 100 km masofada joylashgan Ganjaga qilingan hujumdan ko‘p o‘tmay GES dambasi joylashgan Mingechaur shahriga ham raketa otildi.

Ganjaga kelib tushgan raketa qayerdan otilgani noma’lum. Shahar Armaniston chegarasidan 100 km masofada joylashgan.


Ganjaga qilingan hujum ortidan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev uni urush jinoyati o‘laroq qoraladi va Armaniston yetakchilarini ogohlantirdi.

«Ozarbayjon o‘z javobini qaytaradi. Javob faqatgina jang maydonida qaytariladi», - dedi Aliyev.

Hafta boshida Boku ham, Yerevan ham Tog‘li Qorabog‘da yangi hududlarni qo‘lga kiritganini iddao qilgan edi.

To‘qnashuvlarda nechta odam nobud bo‘lgani noma’lum. Tog‘li Qorabog‘ning de-fakto yetakchilari 633 askar nobud bo‘lganini bildirishdi. Ozarbayjon esa harbiy yo‘qotishlarini ochiqlagani yo‘q.

Janglarda o‘nlab oddiy fuqaro halok bo‘lgani aytilmoqda.

Armaniston tomoni Turkiyani, Ozarbayjonni mojaroni harbiy yo‘l bilan hal qilishga gijgijlashda ayblamoqda.

XS
SM
MD
LG