Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2020, Тошкент вақти: 15:22

Vazirlik talabalarni auditoriyalarga qaytarmoqchi. Talabalar qaytmoqchi emas


Joriy yil martida 80 ming talaba Covid-19 sabab uylariga jo‘natilgan.

19 - oktabr kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi an’anaviy ta’limga qaytish bo‘yicha talaba va ota-onalar o‘rtasida so‘rov boshladi.

Vazirlikning an’anaviy darsga qaytish rejasi talabalar va ularning ota-onalari noroziligiga sabab bo‘lioqda.

Talabalar, agar auditoriyalarga qaytilsa, koronavirus yuqtirish holatlari ko‘payishidan xavotir bildirmoqda.

Vazirlik mulozimi an’anaviy ta’limga o‘tish rejasi onlayn so‘rov natijasiga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Talabalar oliygohlarga qaytadi!?

Talabalarni oliygohlarga qaytarish rejasi 17 - oktabr kuni Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev rahbarligida o‘tgan videoselektor payti yangradi.

Yig‘ilishdan ikki kun o‘tib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Telegramdagi sahifasi orqali an’anaviy ta’limga o‘tish borasida onlayn so‘rov e’lon qildi.

So‘rov orqali talabalar va ota-onalarining an’anaviy darsga qaytish borasidagi fikrlari o‘rganilmoqda.

So‘rov natijalari, uning ishtirokchilariga ko‘rinmagani bois, talabalarni oliygohga qaytarish rejasi qanday qo‘llanayotganini bilish imkoni yo‘q.

"Onlayn o‘qiylik!"

Ozodlik suhbatlashgan talabalar an’anaviy darsga qaytish rejasiga qarshi ekanliklarini aytishdi.

Toshkentdagi oliygohlardan birida o‘quvchi xorazmlik Nigina an’anaviy ta’limga pandemiya tugaganidan so‘ng qaytish ma’qul, degan fikrda.

"Hozir Toshkentga borib, yotoqxona topish kerak. Keyin ikki oy o‘qiganimizdan so‘ng qishki ta’til boshlanadi. Yana ovoragarchilik, yana rasxod. O‘zi karantin sabab otam ishsiz qoldi. Hozir ularning menga berishga ortiqcha puli ham yo‘q. Tinchgina uyda o‘tirib, darslarga onlayn qatnashganimiz ma’qul. Kovid tugasin, keyin borsak yaxshi edi o‘qishga".

O‘g‘li Toshkentdagi Agrar universitetida o‘qiydigan samarqandlik ayol esa talabalar oliygohlarga qaytsa, ularning koronavirus infeksiyasini yuqtirish ehtimoli ko‘payishidan xavotir bildirdi:

“Bolam o‘qishiga ketsa, yotoqxonada boshqa bolalar bilan bitta xonada yashaydi. Kim ularning bir-biriga kasal yuqtirmasligiga kafolat beradi? Shu xabarni eshitganimdan beri xavotirlanyapman. Bolam ikkimiz Internetga kirib, "biz qarshimiz", deb yozdik o‘sha so‘roviga. Lekin bular xohlasa, bizning fikrimiz kimga ham kerak?”.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham an’anaviy ta’limga qaytish rejasi tanqidlarga sabab bo‘lgani kuzatilmoqda.

Jumladan, Feysbuk tarmog‘i foydalanuvchisi @Barnogul_Sanakulova talabalarni oliygohlarga qaytarish masalasini o‘z sahifasi orqali muhokamaga qo‘ygan:

“Iltimos real vaziyatga jiddiy baho berilsin! Endi yoshlarimiz o‘rtasida o‘lim ko‘payishi bo‘lsinmi! Aksariyat yoshlarimizni oilasida jiddiy moddiy qiyinchiliklar kuzatilyapti, oilalar daromadi keskin tushib ketdi pandemiya sabab, ayni damda ular uchun kovid bilan kasallanish va davolanish xarajatlari "oila byudjeti"ga juda og‘ir yuk bo‘lib tushishi mumkin”.

@Ulugbek_Xayitov ismli Feysbuk foydalanuvchi ham an’anaviy darslarga qaytishga qarshilardan biri:

"Bolalarimizni tajriba quyonchasiga aylanishiga qarshiman. Onlayn o‘qitsin, har bir ta’lim muassasi o‘zining onlayn o‘qitish platformasiga ega bo‘lishsin yoki zoom orqali o‘qitishsin, 21- asrku. Sog‘ligi birinchi o‘rinda bolalarimizning. Virus jilovlangan bo‘lsayam mayli edi".

"Talabalar qaytarilishi so‘rov natijasiga bog‘liq"

Toshkentdagi Tibbiyot akademiyasidan olingan xabarga ko‘ra, hozirda ishchi guruh talabalarni qaytarish masalasini o‘rganmoqda.

Akademiyaning Ozodlik bog‘langan mulozimi talabalarni hozircha to‘liq qaytarish imkonsiz ekanini va ular bosqichma-bosqich qaytarilishini ta’kidladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot kotibi Farhod Babashevning aytishicha, talabalarni oliygohlarga qaytarish rejasi onlayn so‘rov natijalariga bog‘liq.

Ayni paytda, mamlakatda mavjud jami 125 ta OTM talabalari masofaviy ta’lim olmoqda.

Vazirlik xabariga ko‘ra, mart oyida 80 ming talaba viloyatlarga jo‘natilgan va ularni birdaniga oliygohlarga qaytarish imkonsiz, chunki aksar oliygohlar yotoqxonalari karantin markazlariga aylantirilgan.

XS
SM
MD
LG