Линклар

Шошилинч хабар
02 декабр 2020, Тошкент вақти: 11:23

Zarmitan oltin konida portlatuvchi modda sotishga uringanlar ushlandi


O‘zbekiston dunyoda oltin ishlab chiqaruvchi davlatlar o‘nligiga kiradi - illyustrativ surat

22 - oktabr kuni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida joylashgan Zarmitan oltin konidan noqonuniy ravishda portlatuvchi moddani olib chiqib sotishga uringan ikki kishi qo‘lga olindi.

Bu Zarmitanda oltinli ma’danlarni qazib olishda ishlatiladigan modda bilan qo‘lga tushgan ilk guruh.

Shu paytgacha kon ichidagi tayyor qazilgan ma’danlarni o‘marib sotish holatlari kuzatilgandi.

Bu haqda Ozodlikka ayni konda ishlovchi ikki ishchi va Xatirchi tumani prokuraturasi xodimi bildirdi.

Prokuratura xodimiga ko‘ra¸ Zarmitan konidagi ma’dan o‘g‘rilari bilan Xatirchi tumanidagi tarkibida oltin bo‘lgan ma’danlarni maydalaydigan yashirin tegirmon egalari o‘rtasidagi "jinoiy aloqalar o‘rganilmoqda".

Ozodlikda noqonuniy ma’dan qazish va portlatuvchi moddani saqlash aybi bilan gumonlanib qo‘lga olingan qo‘shrabotlik ikki kishining shaxsiga oid ma’lumotlar mavjud.

Qo‘lga olinganlardan biri Zarmitan oltin koni boshlig‘iga qarindosh ekani ham o‘rtaga chiqqan.

Ammo ularning qarindoshlik darajasi haqidagi aniq rasmiy tasdiq Ozodlikda hozircha yo‘q.

Prokuratura vakiliga ko‘ra¸ hali jinoyat ishi ochilmagan va tergovgacha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Zarmitan koni ishchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda "noqonuniy oltin izlovchilar doimo rahbariyat bilan kelishgan holda ish olib boradi", degan iddaoni ilgari surdi.

«Portlatuvchi modda bilan birinchi marta qo‘lga tushishdi. Shu paytgacha ma’dan o‘g‘rilari qo‘lga tushardi. Rejim (xavfsizlik tizimi- tahr.) bilan kelishgan holda ikki kishi shaxtaga tushgan. Shaxtadagi ma’danni qazib olishda ishlatiladigan vzrivchatkani tepaga olib chiqib sotayotganda qo‘lga tushishdi. Menimcha, ular ustidan jinoyat ishi ochilmadi. Ishdan bo‘shatish jazosi qo‘llanildi», - deydi nomi oshkor etilishini istamagan ishchi.

Ozodlik suhbatlashgan yana bir zarmitanlik kon ishchisi esa, portlatuvchi modda sotmoqchi bo‘lganlarni qo‘riqlash tizimi xodimlari qo‘lga olganini aytdi.

«Zarmitan oltin konida 22 - oktabr kuni proxodchik bulib ishlovchi A. hamda portlatuvchi N. 4 dona portlatuvchi moddani yashirin tarzda noqonuniy tosh bilan shug‘ulllanuvchilarga sotish maqsadida olib chiqayotganda, qo‘riqlash xodimlari tamonidan ushlanganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Voqea yuzasidan tekshiruv ishlari hali boshlangani yo‘q, tekshiruv ishlari boshlansa, yana kimlar sherik ekanligini aniqlash mumkin bo‘lardi», - deydi hodisa tafsilotlaridan xabardor ekanini aytgan Zarmitan koni ishchisi.

Ozodlik hodisa yuzasidan Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi Zarmitan oltin koni ma’muriyati bilan bog‘landi.

Ma’muriyat xodimi o‘tkan haftada ikki kishiga «ishdan bo‘shatish intizomiy chorasi» ko‘rilganini tasdiqladi.

Ammo xodim ishdan bo‘shatish sabablari "xizmat siri" bo‘lganligi vajidan tafsilotlarni ochiqlamadi.

Ozodlikda portlatuvchi moddalarni sotishga uringanlarni ushlash asnosida kon qo‘riqchilarining rahbariyat bilan yozishmalari nushasi bor.

Kon ishchilaridan birining aytishicha¸ «Zarmitanda bekitiqcha ma’dan o‘g‘irlash tizimli xarakterga ega».

«Zarmitan konida tarkibida qimmatbaho metall bor ma’danlar qazib chiqarilib, maydalanib, Zarafshonga yuboriladi. Ammo bu ma’danlarni Xatirchi tumanidagi yashirin tegirmonlarda maydalash uchun o‘g‘rilab sotish tizimi shakllangan. Xatirchi tumanida bu toshlar maydalanadi, maxsus vannalarda elaklar bilan yuvilib, ichidagi oltin kukuni ajratib olinadi. Ajratib olingan oltin kukuni esa, Toshkentga olib ketiladi».

Oltin vasvasasi

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Zarmitan koni atrofidagi Qo‘shrabot va Xatirchi tumanlarini qamrab olgan «oltin vasvasasi» bois jinoiy muhit yuzaga kelgan.

Joriy yilning 30 - sentabr kuni Zarmitanda g‘ayriqonuniy tosh qaziyotgan yigit tog‘ jismlari bosib qolgani ortidan vafot etgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Bu Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi Zarmitan oltin konida so‘nggi bir oy ichida ro‘y bergan ikkinchi o‘lim hodisasidir.

Sentabr oyi boshida noqonuniy tosh qazib olish uchun shaxtaga tushgan A.Q. ismli ishchi katta kuchlanishdagi yer osti kabelidan tok urishi oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan edi.

Oshkora o‘g‘rilik

Zarmitan oltin koni Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli bo‘lib, u yerdagi shaxtalardan tarkibida oltini bor ruda qazib olinadi.

Kon maxsus qo‘riqchilar tomonidan qo‘riqlanadi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan konchilarning aytishicha, garchi bu hudud "rejimli zona" hisoblansa-da, mahalliy va yollanma ishchilardan iborat g‘ayriqonuniy guruhlar bemalol kon hududiga kirib, oltin qaziy oladi.

G‘ayriqonuniy oltin qazuvchilar bilan tanish bo‘lgan samarqandliklardan biri o‘g‘riliklar "qo‘riqchilarning ko‘z o‘ngida" sodir bo‘lishini aytdi.

"Kombinatni qo‘riqlash xizmati bor. Qo‘riqlash xizmatining boshlig‘i bo‘ladi. Bitta puldor beshta-o‘nta bolani yollaydi. Boyagi boshliq bilan kelishib, pastga tushirib yuboradi. Hammasi uyushgan. Qo‘riqchilarning ko‘z o‘ngida bo‘ladi. Boyagi o‘lgan bola ham qaysidir boshliqning ishini bajargan. Ularga bir qop tosh olib chiqsa 100 ming, 150 ming so‘m beradi. Tushib chiqishini, konga o‘tishini xo‘jayin ko‘taradi. Bunaqa puldorlar tumanda juda ko‘p. Ularning IIBda orqasi bor. Lekin ularning ishini qilayotgan yigitlar tosh ostida qolib o‘lib ketyapti", - deydi suhbatdosh.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati ishchilari Zarmitan va Qoraqo‘tanda oltin rudasi o‘g‘rilari so‘nggi yillarda avj olgani, unga qarshi chora ko‘rilmayotganini aytib kelishadi.

Kombinat ishchilaridan biri shu yil may oyida o‘zi guvoh bo‘lgan "oltin rudasi o‘g‘irligi holati"ni qo‘l telefoni yordamida videoga tushirib, Ozodlikka jo‘natgandi.

Ozodlik so‘nggi iddaolar yuzasidan Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbariyatidan ham izoh olishga urindi.

Ammo kombinat matbuot kotibi Abdumajid Jo‘rayev Ozodlik savoliga javob berishdan bosh tortdi.

XS
SM
MD
LG