Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2021, Тошкент вақти: 12:23

"Umr o‘tar, vaqt o‘tar" – O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon olamdan o‘tdi (VIDEO)


Omon Matjon o‘zbek she’riyatida "oltmishlilar" avlodining so‘nggi vakili edi


O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon 29 - oktabr kuni 77 yoshida Toshkentning o‘zi yashagan Yangiobod mavzeidagi qabristonda dafn qilindi.

Yaqinlarining aytishicha, Omon Matjon so‘nggi paytlarda hukumat kasalxonasida o‘pka yallig‘lanishidan davolanayotgan edi. Shoirning farzandlari Ozodlik bilan suhbatda unga “ikki tomonlama pnevmoniya” tashxisi qo‘yilganini tasdiqlashdi.

Omon Matjon oila davrasida
Omon Matjon oila davrasida


Marhumni yaqindan tanigan shoir Muhammad Solih “Omon Matjon haqiqiy xalq shoiri edi” deb ta’rifladi.

Shoira Go‘zal Begim ta’kidicha, “O‘zbekistondagi yosh shoirlarning butun bir avlodi Omon Matjon poeziyasi degan maktabdan o‘tgan”.

Omon Matjon o‘tgan asrning 60-yillarida o‘zbek adabiyotiga kirib kelgan avlodning ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri edi.

Ozodlik bilan suhbatlaridan birida Omon Matjon o‘z ijodi Stalin o‘limidan keyingi “ottepel”, ya’ni muzlar erishi davridagi erkinlik bois ravnaq topganini aytgan edi.

Shoir “muzlar erishi davri”ning eng belgili shoirlaridan bo‘lgan Yevgeniy Yevtushenko bilan do‘st edi.

Умр ўтар, вақт ўтар - Ўзбекистон халқ шоири Омон Матжон вафот этди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:10 0:00


Yevtushenko o‘zbek shoiri Omon Matjonning qator she’rlarini rus tilga tarjima qilgan. Ayni paytda Yevtushenkoning she’rlari Omon Matjon tarjimasida o‘zbek tilida yangradi.

Yevtushenko kinochi sifatida 1984 - yili suratga olgan “Bolalar bog‘chasi” filmida Omon Matjon epizodik rolni ijro etgan.

Omon Matjonning e’tiroficha, Yevtushenkoning “Santyago kabutari”, “Haqiqat uchun uch daqiqa” kabi asarlarini tarjima qilish asnosida “so‘z erkinligi” va “insoniy hurriyat” kabi mujdalarni she’riy bayon qilish zaruratini anglab yetgan.

Yolg‘onning taxtdagi yuz yil davroni
Haqiqat aytilgan bir damcha yo‘qdir.


Shaklan sharqona bu satrlar mazmunan oltmishinchi yillardagi erkinlik shabbodasining izhori kabi jaranglaydi.

Omon Matjon she’rlarida futbol qiroli Pele¸ AQShning otib o‘ldirilgan prezidenti Kennedi¸ mozori talon-toroj bo‘lgan Charli Chaplin¸ kapitalga qarshi kapital yozgan Karl Marks ismlari kechadi.

Shoir Parij haqidagi she’ri ichiga o‘zbeklarning dardini joylar, zukko o‘quvchi buni tushunar edi.

Qiziq-da, o‘z xalqi urib uyquni, Boshqalar sayr etsa ko‘chalarida...

Shoira Go‘zal Begim e’tiroficha, Omon Matjon shu zakiyligi bois ham e’tirofga loyiq.

“Oltmishlilar” deb nomlangan oqim mansublari o‘z kiyinishi va hayot tarzi bilan ham “kulrang omma”dan ajralib turar edi.

Hali tirik paytida Ozodlik bilan suhbatlashgan Omon Matjon Rokn-Roll¸ Gospel kabi Amerika pop-musiqasi va bu musiqa qiroli Elvis Presli bo‘lganini aytgan edi.


“Elvis Preslini bizlar¸ bizning bolalar yoshlik paytlarimizda ko‘p eshitganmiz”, - degan edi Omon Matjon.

Elvis Presli istiqomat qilgan Amerikaga sayohat qilish ham Omon Matjonning bolalik orzusi edi.

“Yoshligimda Amerikani aylanib kelsam¸Yevropani aylanib kelsam, deb orzu qilganman. Xudo yetkazdi shunga. Bizlar 15-20 kishi bir guruh bo‘lib borganmiz. Bizning avvaldan kelishilgan dasturimiz bo‘lgan. Shunga asosan, dastlab Nyu- Yorkda tushib¸ keyin Amerikaning nariyog‘iga o‘tib¸ ko‘p insonlar bilan gaplashib¸ juda xursand bo‘lishgan”.

Omon Matjon nazarida Elvis Presli qo‘shiqlari uyg‘onish va qo‘zg‘alish ruhini O‘zbekistonga eltgan qaldirg‘och edi.

“Hozir ham uni juda yaxshi ko‘raman. Rokning eng katta yulduzlaridan tortib, kichkinalarigacha hozir ham yodimdan chiqarmayman. Kichkina bolalarimga ham “qaranglar¸ e’tibor qilinglar”, deb turaman. Endi musiqa bu odamzodning joni-da. Dili¸ ruhi. U qaysi qit’ada yaralmasin¸ ichkarida tabiat bergan ruhiy qo‘zg‘olishni uyg‘otadi, menimcha. Hatto elida tushunilmay yurgani¸ boshqa joyda tushunilib ketishi mumkin. Musiqa-tabiat¸ Xudoi Taolo bergan in’om. Undan keyin she’riyat turar¸ boshqa turar¸ lekin musiqa birinchi. Uning ichidagi ohanglar¸ zarbu sadolar tushunarsiz ohangda odamning o‘ziga bildirmay million yillardan beri kelayotgan tuyg‘ularni yetkazib beradi. Uni birdan tushunib bo‘lmaydi. Musiqaning ruhi juda katta. Shuning uchun qaysi tilda aytmasin¸ qanaqa qilib kuylamasin¸ qanday ansambl jo‘r bo‘lmasin¸ uning tagidagi hissasi juda ham katta. Shuning uchun ehtiromim juda katta. Shu qatori Maykl Jeksonni ham juda yaxshi ko‘rardik”¸ - degan edi Omon Matjon.

Omon Matjon Elvis Preslining dunyoga mashhur yana bir vatandoshi - Apple asoschisi Stiv Jobsdan ancha yillar avval "Olma"ning o‘zbek she’riyatidagi eng yuksak poetik ramzini yaratgan edi.

O‘rtamizda birgana olma –

Olam ichra yumaloq ilinj.

O‘rtamizda birgina olma –

Balki g‘am u yo balki sevinch...

Musiqani sevgani bois Omon Matjon o‘zbek xofizlari, xususan, Otajon Xudoyshukurov bilan qadrdon bo‘lgan. Ortiq Otajonov¸ Sherali Jo‘rayev kabi xofizlar uchun Omon Matjon betakror qo‘shiqlar muallifi bo‘lish bilan birga, qadrdon do‘st ham edi.

Xavfli burilishlar ichidan o‘tgan sharafli yo‘l

Ozodlik bilan suhbatda shoir mamlakat taqdiridagi uchta burilish nuqtasida charxlanganini aytgan edi. Bu Xrushchyov davridagi «muzlar erishi», «Gorbachyov hurriyati» va «O‘zbekistonning mustaqil bo‘lishi».

O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan paytida Omon Matjon bir muddat prezident maslahatchisi bo‘lib ishladi. Bu davrda shoir yozgan "Islom podsho ko‘nglimdadur" degan she’rini qo‘shiq qilgan Og‘abek Sobirov birinchi prezident e’tiboriga sazovor bo‘ldi. Ammo "bo‘rini qancha boqma, o‘rmonga qaraydi" degan maqol bor.

Ammo "xonlar o‘tar, taxt o‘tar" deb yozgan shoirning saroydagi umri uzoq davom etmadi.

U xalq dardini so‘zlamay tura olmas edi. Prezident saroyidan quvilgan shoir yana "ko‘ngillar saroyi"ga qaytdi.

Shoirning «Nega men?» dostoni davr saboqlaridan so‘ylaydi.

Xo‘sh, bugun-chi, yo‘qmi hech pok tiynat

O‘n joyga xatlanar sal faol inson,

Kim u, har so‘qmoqqa qo‘yib yuz qopqon,

Har yo‘lni kim obdon bog‘lashga tushdi?!

Kimmish! O‘zimizning bular palidlar,

Bular o‘zimizning abdullatiflar,

Yulduzlar ta’midan bebahra itlar

Oyni yaloq bilib uvlashga tushdi.

Kim emish! Barin goh sotgan o‘zingsan,

Bir-biringni g‘ajib yotgan o‘zingsan,

Kim bosh tiklasa tosh otgan o‘zingsan,

Axir, o‘z boshing ham shu toshga tushdi.

Keldi Mahtumquli aytgan bir zamon,

Unutdi «Yaxshilik» so‘zini yomon,

Obro‘ talashmoqda qurt bilan ilon,

Fillar pashsha bilan savashga tushdi.

Shoirning o‘limi

Tarixga boqsak¸ biz yashagan o‘lkada «shoir» degan odam «shoir» degan so‘zdan ko‘ra ulug‘roq . Shoirning o‘limi esa, boshqa o‘limlardan ko‘ra musibatliroq eshitiladi. Omon Matjon joriy yil oktabr boshida pnevmoniya tashxisi bilan kasalxonaga yotdi. Shoir xastaxona chorpoyasida yotganida, xotini olamdan o‘tdi. Omon Matjon she’laridan birida juftidan ayrilgan burgut o‘limi haqida poetik tasvir bor. Shoir 20 yoshidayoq o‘z o‘limi haqida yozgan edi.

Vaqtim yetib chiqsa bu jonim,

Dardlarimga yasalsa yakun,

Bu dunyoni tark etar onim

Eshigingdan o‘taman bir kun...

"Qayiq qumga urildi.."

Ozodlik joriy yil boshida taniqli xofiz Otajon Xudoyshukurov xotirasiga bag‘ishlangan filmni suratga olish asnosida shoirning uyiga tashrif buyurgan edi.

Shoir marhum do‘stini eslab yozgan she’rlaridan o‘qigan edi. Bu she’rlarni qayta eshitib, «shoir nima yozsa o‘zi haqida yozadi» degan gap to‘g‘riligini tushunasan.

Oqqan daryo tindimi,

Oltin toring sindimi,

Otga boshqa mindimi,

O‘rtadagi do‘st qani?!

Qayiq qumga urildi,

Asr zumga urildi,

Yurak simga urildi,

O‘rtadagi do‘st qani?!

Fano,baqo ne ishdir,

Bir-birovni yeyishdir,

Izindan voh deyishdir,

O‘rtadagi do‘st qani?

Ikki daryo orasi,

Uch yuz oltmish qal’asi,

Izlar xofiz nolasin,

O‘rtadagi do‘st qani?!..

XS
SM
MD
LG