Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:25

Xususiylashtirishning yangi bosqichi va eski muammolar


O‘zbekiston prezidenti 27 - iyunda imzolagan farmonga binoan davlatga qarashli 274 ta yirik korxona va xo‘jalik birlashmalarining aksiya paketlari, gazeta, jurnal, nashriyotlar, ishlab chiqarish korxonalari xususiy sektorga sotiladi. Sotuvga, shuningdek, davlatning 15 ta ko‘chmas mulk obyekti ham qo‘yiladi.

Farmon muqaddimasida bu choradan ko‘zlangan maqsadlar qatorida “iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yanada yaxshilash maqsadi” ham tilga olingan.

Farmonni sharhlagan o‘zbekistonlik iqtisodchi olimlar, iqtisodiyotda davlat ulushining qisqartirilishini olqishlagan holda, xususiylashtirishning yangi bosqichi mulkni qayta taqsimlash va aholi o‘rtasida tabaqalanishning kuchayishiga olib kelishi ehtimolidan xavotir bildirishdi.

Bu kabi xavotirga sabab o‘tgan davrdagi xususiylashtirish tajribasi.

O‘zbekistonda bunga qadar amalga oshirilgan xususiylashtirish jarayonlari asosiy natija - mamlakatda rasman o‘rta sinfning tayanchi bo‘lgan mulkdorlarning shakllanishiga olib kelganicha yo‘q.

Xususiy mulk egalarining ijtimoiy guruh sifatida shakllanmagani esa, mamlakatning boshqa, jumladan, sog‘liq va ta’lim singari ijtimoiy sohalari, shuningdek, fuqaro jamiyati va siyosiy erkinliklarning ahvoliga ta’sir ko‘rsatayotgan omil sifatida ko‘riladi.

Sobiq sovet davlatlarining aksariyatida xususiylashtirish jarayonlarining shaffof bo‘lmagani mamlakatlar iqtisodiyotida keyinchalik yuzaga chiqqan tizimli muammolar va aholi qashshoqlashuvining asosiy sabablaridan biri sifatida tilga olinadi.

Xususan, Rossiyada 1990 - yillarda amalga oshirilgan privatizatsiya jarayonlari oddiy xalq tilida "prixvatizatsiya" nomini olgan.

Ayni paytda tahlilchilar O‘zbekiston singari agrar davlatda yerga nisbatan xususiy mulkchiliksiz bozor iqtisodiyotiga to‘liq o‘tib bo‘lmasligini ta’kidlashadi.

O‘tgan yili yangi tahrirdagi Yer kodeksi qabul qilingan va hukumat yirik yer islohoti o‘tkazish rejasini e’lon qilgan edi.

Ammo hozirgacha amalda, xususan, qishloq xo‘jaligi sohasida yer resurslari ustidan nazorat va yerga egalik huquqi davlat va mahalliy hokimliklar nazoratida qolmoqda.

Yangi farmonning mohiyati

Prezident Mirziyoyev 27 - oktabrda imzolagan “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon 22 banddan iborat keng qamrovli hujjatdir.

Prezident farmonida belgilab qo‘yilgan choralarning har biri uchun amalga oshirish muddatlari belgilab qo‘yilgan bo‘lib, eng so‘nggi muddat kelasi yilning 1 iyulidir.

Prezident farmoniga binoan :
274 ta davlat ulushlari bor korxona;
109 ta gazeta, nashriyot va jurnallar;
26 ta axborot texnologiyalari korxonalari va kompyuter xizmatlari ko‘rsatish markazlari;
27 ta xususiy sektor rivojlangan sohadagi tibbiyot muassasalari;
12 ta yog‘-moy sanoati korxonalari;
31 ta vinochilik tarmog‘i va sharob savdo korxonalari to‘liqligicha ommaviy savdolar orqali xususiy sektorga sotiladi.

Sotuvga qo‘yiladigan obyektlar orasida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasida joylashgan va 20 ming 219 kvadrat metr maydonga ega bo‘lgan sobiq markaziy binosi ham bor.

Xususiylashtirish chet el investitsiyasini jalb qilishning asosiy yo‘lidir.

Prezident farmoniga ko‘ra, davlat aktivlarini sotib oluvchilar to‘lovlarni qonunchilikda belgilangan tartibda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti asosida amalga oshirishi mumkin.

"Chigal farmon"

O‘zbekiston hukumatining sobiq mulozimi, hozirda Ostonadagi Yevroosiyo universiteti dotsenti, iqtisodchi olim Saparboy Jubayevning fikricha, O‘zbekiston prezidentining 27 - oktabrdagi farmoni “iqtisodiy rivojlanish uchun juda muhim hujjatdir, chunki, xususiylashtirish chet el investitsiyasini jalb qilishning asosiy yo‘lidir”.

Saparboy Jubayev
Saparboy Jubayev

Ayni paytda Saparboy Jubayev mazkur farmonning xususiylashtirish to‘g‘risidagi oldingi qarorlarga nisbatan murakkabroq ekaniga e’tibor qaratdi.

“Masalan, - deydi iqtisodchi, - chet ellik investor qandaydir korxonaga investitsiya kiritish uchun o‘zining investitsion loyihalarini olib keladi. Farmonda esa, qaysi bir korxonalar uchun oldindan loyiha tayyorlash talabi bor. Bu masala tushunarli emas”.

Shuningdek, olimning fikricha, mahalliy investorlar yoki korxona kollektiviga xususiylashtiriladigan korxonalar bilan chet el investorlari jalb qilinadigan korxonalarni bir qatorga qo‘shish yanada murakkablik tug‘diradi.

Chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun bor korxonalarni xususiylashtirish bilan birgalikda umumiy investitsion iqlimni  sog‘lomlashtirish muhimdir.

Saparboy Jubayevning fikricha, farmonda nazarda tutilgan ishlarni amalga oshirish uchun yangi boshqaruv organlarini tuzishga hojat yo‘q: “Davlat mulkini boshqaruv agentligi bor, hamma ishni shu Agentlik bajara oladi. Qanchalik ko‘p guruh va komissiyalar tuzilsa, ish ham murakkablashib keta beradi. Chet ellik investor kimga murojaat qilishni bilmay qiynaladi”, - dedi olim.

Saparboy Jubayevga ko‘ra, mamlakatda umumiy sarmoya muhitini yaxshilash muhim.

“Chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun bor korxonalarni xususiylashtirish bilan birgalikda umumiy investitsion iqlimni sog‘lomlashtirish muhimdir. Ya’ni, tadbirkorlik faoliyatiga hokimlar, prokuratura, ichki ishlar organlari va soliqchilar aralashishini kamaytirish lozim”

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Xidirnazar Allaqulov farmondan ko‘zlangan maqsadni olqishlab, bunday dedi:

Prezident farmonini iqtisodiyotga davlat aralashuvini qisqartirishni nazarda tutganligi bilan yaxshi farmon deb hisoblayman.

Prezidentning mazkur farmonini iqtisodiyotga davlat aralashuvini qisqartirish, davlat mulki yoki hissasi yukori darajada saqlanib qolayotgan tarmoq va korxonalarda bozor mexanizmi va munosabatlarini kengaytirish, iqtisodiy hokimiyatni mulkdorlarga berish, investitsiyalar va bozor raqobatiga muhit yaratish, ish o‘rinlari hosil etish va shu kabi ijobiy jihatlarni nazarda tutganligi bilan yaxshi farmon, deb hisoblayman”.

Xidirnazar Allaqulov
Xidirnazar Allaqulov


Ayni paytda professor yangi farmon mulkni qayta va qayta taqsimlash hamda tabaqalashuvning kuchayishiga olib kelishi ehtimolidan xavotir bildirdi.


“Davlat mulkini xususiylashtirishga go‘yoki "qonuniy" tus berish orqali davlat mulki taqsimlanib va qayta taqsimlanib korrupsiyalashgan guruhlar tomonidan egallab olindi. Mamlakat iqtisodiy qoloqlikka yuz tutdi. Aholi o‘rtasida esa, keskin tabaqalashuv sodir bo‘lib, asosiy qismi qashshoqlashdi”.

Davlat mulkini xususiylashtirishga go‘yoki "qonuniy" tus berish orqali davlat mulki taqsimlanib va qayta taqsimlanib korrupsiyalashgan guruhlar tomonidan egallab olindi.

Professor Allaqulovning fikricha, Prezident farmonida davlat ulushi ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish jarayonida sodir bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan korrupsion holatlarga qarshi chora-tadbirlar haqida mutlaqo xech narsa aytilmagan.

Xidirnazar Allaqulov mamlakatning joriy ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini sharhlar ekan, so‘nggi 4-5 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti orqaga ketib, aholining real daromadlari pasayib borayotganiga e’tibor qaratadi. Uning fikricha, koronavirus pandemiyasi tufayli mamlakatning iqtisodiy holati va xalqning ahvoli yanada og‘irlashgan bir paytda faqat iqtisodiy choralarning o‘zi bilan uzoqqa borish qiyin.

"Mavjud siyosiy tizim saqlanib qolsa, ahvol yanada og‘irlashib boraveradi", - deydi olim.

Professorga ko‘ra, davlat byudjetiga soliq tushumlari va umuman, tushumlar kamayib ketgani va byudjet taqchilligi bilan bog‘liq vaziyatning jiddiyligini oltin sotishda O‘zbekiston birinchi o‘ringa chiqqanidan ham ko‘rish mumkin.

Mening nazarimda mazkur farmonda bir o‘q bilan ikki quyonni urish maqsad qilib olingan...

“Mening nazarimda, mazkur farmonda bir o‘q bilan ikki quyonni urish maqsad qilib olingan. Birinchidan byudjet taqchilligini bartaraf etish uchun mablag‘ tushirish, ikkinchidan davlat ulushi bo‘lgan korxonalarni xususiylashtirish tusini berib, korrupsiyalashgan guruhlar tomonidan mulkni taqsimlab yoki qayta taqsimlab, o‘zlashtirib olish deb hisoblayman”.

Xususiylashtirishning muxtasar tarixi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat mulkini xususiylashtirishning birinchi bosqichi 1992-1993 - yillarda o‘tkazilgan bo‘lib, u “mayda xususiylashtirish” nomini olgan.

Birinchi bosqichda davlat uy-joy fondi, savdo, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish kichik korxonalari, mahalliy sanoat va iqtisodiyotning ba’zi boshqa tarmoqlari xususiylashtirilgan.

1994 - yildan boshlab bozor infratuzilmasini, shu jumladan investitsiyalarni jalb etish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bilan xususiylashtirilgan korxonalarni rivojlantirish davom ettirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 - yil 25 - apreldagi qarori bilan 2012-2013 - yillarga mo‘ljallangan xususiylashtirish davlat dasturi asdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 - yil 3 - iyuldagi qarori bilan ushbu xususiylashtirish dasturi ijro muddati 2015 - yilning oxiriga qadar uzaytirilgan.

Xususiylashtirishga oid yana bir qarorni Vazirlar Mahkamasi shu yilning 15 - iyunida qabul qilgan bo‘lib, bu qarorga binoan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi muassisligida aksiyadorlik jamiyati shaklida UzAssets investitsiya kompaniyasi tashkil etilgan.

XS
SM
MD
LG