Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:35

OzodDayjest: Go‘sht narxini sun’iy tushirishga urinish tadbirkoru fermerni xonavayron qilishi mumkin


Go‘sht narxi keskin ko‘tarilishi aholining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.
Go‘sht narxi keskin ko‘tarilishi aholining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri siyosiy egoizmdan voz kechish lozimligini urg‘uladi. Yuzga yaqin o‘zbekistonlikni chuv tushirgan xorijlik jazosiz qolmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Abdulaziz Komilov: Xalqaro maydonda o‘yin qoidalari o‘zgarmoqda

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov koronavirus pandemiyasi ortidan dunyo siyosatida o‘zgarishlar ro‘y berayotgani haqida gapirdi (“Yangi O‘zbekiston”, 23 - oktabr).

Qayd etilishicha, dunyoda tubdan o‘zgargan tartib shakllanmoqda. “Buni, masalan, ayrim davlatlarning milliy egotsentrizm deb atalmish xususiyatlari kuchayishida, ko‘plab hukumatlarning, avvalambor, o‘z mamlakatlari yoki hatto ularning alohida siyosiy doiralarining manfaatlarini ta’minlashga intilishida ko‘rish mumkin. Shunday ham ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, gumanitar rivojlanish bosqichi jihatidan sezilarli darajada farq qiladigan davlatlarning tengsizligi tobora kuchaymoqda. Ayrim davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar chuqurlashib, axborot, texnologik, sanksiyaviy urushlarning yanada keskin bosqichlariga aylanib bormoqda” , - degan A.Komilov.

Vazirga ko‘ra, biron bir davlatni chetlab o‘tmagan pandemiya sharoitida mavjud keskinlik umumjahon muammolariga yechim topish, jumladan, qashshoqlik, ochlik, xavfli kasalliklar va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, xalqaro maydondagi o‘yin qoidalari yanada qat’iylashishi kutimoqda. Hozirgi vaziyatda siyosiy egoizmdan voz kechib, dunyoning barcha yetakchilari umumiy muammolarni hal qilishda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishi maqsadga muvofiqdir.

Matbuot: Go‘sht narxini sun’iy tushirishga urinish tadbirkoru fermerni xonavayron qilishi mumkin

Go‘sht narxi keskin ko‘tarilishi aholining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘lmoqda (“Mahalla” gazetasi, 29 - oktabr).

Joriy yilning 9 oyi davomida go‘sht bahosi o‘rtacha 14,8 foizga oshdi. Narx ko‘tarilgach, mahalliy rahbarlar ishlab chiqaruvchilarga bosim o‘tkazib, mahsulot qiymatini sun’iy pasaytirishga urina boshladi.

“Go‘sht, umuman, har qanday mahsulot narxini hozir aksariyat bozorlarimizda qilinayotganidek, ishlab chiqaruvchiga bosim o‘tkazish, belgilangan narxda sotishga majburlash orqali pasaytirishning imkoni yo‘q. Bu, avvalo, tadbirkor, fermer, dehqonning sinishi, xonavayron bo‘lishi, ishlab chiqarishning yanada kamayib, narxlar battar oshishiga olib keladi, xolos. Bundan tashqari, qassobu tadbirkorlar ham anoyi emas. “Go‘sht 40 ming so‘m” deb yozib qo‘ygani bilan bu narxda hech qachon sotmaydi. Sotganida ham yo sifatsiz, yoki sersuyak mahsulotni tortib berishi tayin” , - deb yozadi gazeta.

Qayd etilishicha, mahsulot narxini tushirish uchun muammoning tub ildizini bartaraf qilish, qolaversa, tizimda sanoatlashuvni joriy etish kerak.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovga ko‘ra, yem-xashak bazasi uchun xomashyo zaxiralarining mavsumiy kamayishi, shuningdek, Qozog‘istondan eksport cheklovi tufayli qoramol importi qisqarishi go‘sht narxi oshishiga sabab bo‘lgan omillardan sanaladi.

Turkiya fuqarosi o‘zbekistonliklarni bir necha o‘n milliard so‘mga chuv tushirdi. IIV nega izoh bermayapti?

Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan “DOM TEHNIKI” MChJ yuzga yaqin fuqaroning 50 milliard so‘mga yaqin mablag‘ini aldov yo‘li bilan o‘zlashtirdi (www.kun.uz, 28 - oktabr).

Masalan, fuqaro Bahodir Qodirov 2019 - yil may-avgust oylarida yuk ortuvchi mashina, samosval va ekskavator uchun mazkur firmaga 545 mln so‘m to‘lov qilgan. Ammo bugunga qadar texnikalarni olmagan. Firma rahbari bo‘lgan Turkiya fuqarosi Xayretdin Kutukchu bugun-erta topshiramiz deb aldab yurgan, so‘ng qochib ketgan.

“Shundan keyin barcha pul to‘lagan fuqarolar tashvishga tushib, dastlab 2-3 kun ofis eshigi oldida to‘planib turdik. Foyda bermagach, Yakkasaroy IIBga ariza bilan murojat qildik. Bu voqeaga ham bir yildan oshdi, lekin hamon ayblanuvchini ushlash va ishni tegishli sudga oshirish choralari ko‘rilgani yo‘q” ,- deydi jabrlanuvchi B.Qodirov.

Tahririyatga ko‘ra, ushbu holat bo‘yicha IIV huzuridagi Tergov departamentidan ma’lumot olishga urinishlar samara bermagan.

XS
SM
MD
LG