Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:17

OzodDayjest: Davlat tashkilotlari qimmatbaho avtomobillarni xarid qilish bo‘yicha poygaga kirishdi


Dabdaba va hashamga berilgan mulozimlarni davlat xizmatidan chetlatish taklif qilindi.
Dabdaba va hashamga berilgan mulozimlarni davlat xizmatidan chetlatish taklif qilindi.

Hokimliklarning 2000 tagacha noqonuniy qarorlari bekor qilinyapti. Senat Rossiyadagi mehnat muhojirlari hamon himoyasiz qolayotganidan norozi. Davlat tashkilotlari qimmatbaho avtomobillar xaridi bo‘yicha poygaga kirishdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Adliya vaziri: “Hokimliklarning 2000 tagacha qarori bekor bo‘lyapti. Yuristlar qayerga qarayapti?”

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov fuqarolar bilan o‘tkazilgan onlayn muloqotda ko‘plab muhim masalalar qatorida noqonuniy chiqarilgan qarorlar haqida gapirdi (www.kun.uz, 25 - noyabr).

“Oxirgi 2,5 yil ichida adliya tizimidagi idoralar tomonidan noqonuniy bo‘layotgan jarayonlar ustidan 39 175 ta taqdimnoma kiritilgan. Buning natijasida 20 mingdan ortiq mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rilgan. Bu yerda juda katta jarayon bo‘lyapti; kerak bo‘lsa, qonun ham buzilyapti. 10 250 ta holatda noqonuniy chiqarilgan qarorlar bekor bo‘lyapti. Bu – 10 ming nafar odamga, 10 mingta oilaning hayotiga ta’sir qiladigan hujjat degani”, - deya vaziyatni izohlagan R. Davletov.

Ayni choqda, vazir davlat organlari qabul qilayotgan qarorlar qonun doirasida bo‘lishi lozimligiga urg‘u bergan.

“Nima uchun o‘sha tashkilotlarda ishlayotgan yuristlar qonun ustuvorligini ta’minlamayapti? Hokimliklarning 2000 tagacha qarorlari bekor bo‘lyapti. Yurist qayerga qarayapti? Nega obyektiv ishlamayapti?” - deya mutasaddilarni savolga tutgan adliya vaziri.

Senator: “Haligacha migrantlar huquqini himoya qiluvchi tizim yo‘q”

Oliy Majlis Senatida migrantlar bo‘yicha parlament so‘roviga hukumatning javobi ko‘rib chiqildi (“Mahalla” gazetasi, 26 - noyabr).

Yuqori palataning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimovning aytishicha, so‘rovga mazmunan va asosiy hajmda javoblar berilgan bo‘lsa-da, bir qator muammo va kamchiliklar yetarli yoritilmagan.

Xususan, mehnat migratsiyasiga oid hukumatlararo bitimlarning Rossiya hududida amal qilishini ta’minlash bo‘yicha qilingan ishlar aniq bayon etilmagan. Haligacha Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qiluvchi tizim yo‘q.

Shuningdek, fuqarolarni Rossiyada ishlash uchun tashkiliy asosda yuborish darajasi nihoyatda past; bu esa ularning huquqlari himoyasini ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Patent, tibbiy ko‘rik, rus tili imtihoni va boshqa masalalar haligacha yechilmagan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Rossiya tomoni bilan imzolayotgan turli kelishuvlari amalda fuqarolar muammolarini hal etmayapti.

Qayd etilishicha, Senatda mazkur masalalarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada bir necha million o‘zbekistonlik mehnat qilib keladi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, huquqlari poymol etilayotgan mehnat muhojirlarini himoya qilishning mustahkam mexanizmini yaratish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Davlat tashkilotlari qimmatbaho avtomobillar xaridi bo‘yicha poygaga kirishdi

Keyingi paytlarda hokimliklar va davlat tashkilotlari yangi rusumdagi avtomobillarni sotib olish musobaqasiga kirishib ketdi, soliq to‘lovchilarning bu boradagi haqli savollariga esa asosli javob berilmayapti, deb yozadi O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi mas’ul xodimi Abror Qurbonov (www.uza.uz, 24 - noyabr).

“Davlat xizmatchilari tomonidan amalga oshirilayotgan xarajatlarning barchasi – byudjet mablag‘lari. Bu kabi maqsadsiz xarajatlar yig‘ilib-yig‘ilib, ijtimoiy tanglikka olib kelish ehtimoli yuqori. Oddiy oila boshlig‘i topgan pulini shaxsiy orzu-havaslariga sarflashi mumkin, bu uning huquqi. Lekin davlat xizmatchisi shaxsiy istaklari uchun byudjet pulini sarflashga ham huquqiy jihatdan, ham ma’naviy jihatdan haqqi yo‘q”, - deb yozadi XDP mas’ul xodimi.

Qayd etilishicha, so‘nggi 2 yilda byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinishi oqibatida yetkazilgan zarar 2 trln so‘mdan oshgan.

Mablag‘ni havoga sovurish o‘rniga ta’lim, ijtimoiy soha hamda kommunal xizmatlarni takomillashtirishga sarflash tavsiya etilgan.

A.Qurbonovga ko‘ra, dabdaba va hashamga berilgan mulozimlarni davlat xizmatidan chetlatish, buning uchun kerakli me’yorlarni belgilash zarur.

XS
SM
MD
LG